Xotira susayishi – ikki jins vakillari orasida keng tarqalib borayotgan, yoshlar va hatto bolalar orasida ham tez-tez uchrayotgan kasalliklardan biri. Ayollar, onalar farzandlari, turmush o’rtoqlari sog’liqlari borasida qattiq qayg’uradilar, g’amxo’rlik qiladilar. Ta’bir joiz bo’lsa, ayollar – oila atalmish qo’rg’onning nafaqat bosh oshpazi, balki o’rni kelganda bosh shifokorlari hamdir. Shu sabab bugun ko’tarayotgan mavzumizdagi maslahatlar foydadan holi bo’lmaydi:
Inson xotirasi cheklanmagan hajmdagi ma’lumotlarni saqlab qolish imkoniyatiga ega bo’lib, mutaxassislarning fikriga ko’ra, xotirani mustahkamlash usullaridan qanchalik ko’p foydalansak, kerakli axborotni eslab qolish ham shunchalik oson kechadi. Avvalo, qanday omillar xotira pasayishiga sabab bo’ladi?
1) Klimaks davri (Ayollarda hayz ko’rishning butunlay to’xtashi). Bu vaqt davomida ayollar xotira funksiyasi va fikrni jamlash bilan bog’liq talaygina muammolarni boshidan o’tkazadi;
2) Gipertoniya. qon bosimi yuqori bo’lgan insonda, xotira pasayishi va ruhan og’irlashish ehtimoli ko’proq uchraydi;
3) Diabet. Miyamizning anglash, tushunish, o’rganish funksiyasini pasaytirishda mazkur kasallik yetakchilik qiladi. Bu holat, asosan, yoshi katta ayollar orasida ko’proq uchraydi;
4) B12 vitamini yetishmasligi. Kunlik ovqat tarkibida yetarlicha B12 vitamini bo’lmasa, xotira zo’riqishlarni tez qabul qiladi;
5) Kerakli, foydali moddalar yetishmasligi ham miya qo’shimcha funksiyasining susayishiga olib keladi;
6) Zaharlanish. Ba’zi zaharlovchi moddalar, inson miya funksiyasini susaytirib yuboradi.
Xotirani mustahkamlash usullari:
- Esda saqlab qolishni xohlagan narsamizni ifodali o’qish va uni hech bo’lmaganda bir marta qaytarish lozim. Masalan, telefon raqami, e’lon yoki yangiliklarni ovoz chiqarib, balandroq o’qish, ularni eslab qolishni osonlashtiradi;
- Ma’lumotlarni guruhlarga ajratish yoki ularni tanish biror narsa bilan bog’lab, eslab qolish mumkin;
- Uzun matnni tezroq yod olishda o’qilayotgan ma’lumotning ko’rinishini miyada yaratish, ularni tasavvur qila olish orqali inson ma’lumotni yana-da osonroq esda saqlab qola oladi;
- O’qiyotgan narsaga biror kulgili yoki bema’ni narsani bog’lash – bu xotirani hissiyotlarga bog’lashga ko’mak beradi.
Sizda xotira susayishi kuzatilayaptimi? Unda:
1) Ayollar uchun har hafta bir mil piyoda yurish xotiraning kuchayishini 13 foizga yaxshilaydi;
2) Ovqatlanish tartibiga va ovqat tarkibiga e’tibor bering: inson miyasi tana og’irligining atigi 2% ini tashkil qiladi, lekin qabul qilayotgan kislorod va ozuqalarining 20% ini iste’mol qiladi;
3) Miya – tananing bir bo’lagi. Shu bois, tanamiz uchun bajarayotgan jismoniy mashqlar miya faoliyati rivojlanishiga ham yaxshi yordam beradi;
4) Miyani yangi g’ayrat, faollik bilan harakatga undang O’rganish orqali rivojlaning, zero miyamiz borligining sababi ham – yashab turgan muhitimizni o’rganish, o’zgartirish hisoblanadi;
5) Miyangizni chetdagi odamlar fikrlari asosida emas, balki o’z shaxsiy fikrlaringizga tayangan holda ishlating. Boshqalar fikri asosida qarorlar qabul qilish bora-bora miyani dangasa qilib qo’yadi. Fikrlarni jamlab, tahlil qilish orqali so’nggi xulosani faqat o’zingiz chiqarishingiz lozim. Shu yo’sinda o’z miyangizni mashq qildirib borasiz;
6) Yangiliklarga intiling. Tadqiqot olib borish, sayohat qilish, turar joyni o’zgartirib turish foydali bo’lib, insonni muhitga ko’proq e’tibor berishga undaydi;
7) Yangi til o’rganishing. Olib borilgan izlanishlarga ko’ra,, o’z tilini ham yaxshi bilmaydiganlar yoki xorijiy tillarni bilmaydigan insonlar xotira susayishi kasaliga nisbatan ko’proq duchor bo’lishar ekan;
8) Asabiylashish va xavotirlanish nafaqat nerv xo’jayralarini nobud qiladi, balki yangilarining yaralishiga to’sqinlik qiladi. Miyadagi nerv xo’jayralarining qanchalik uzoq yashashi ulardan qanday foydalanishimizga bogliq. Kayfiyatingizni doimo yaxshi qilishga va jilmayib yurishga odatlaning.
9) Hayotda zabt etishingiz mumkin bo’lgan cho’qqilarni tasavvur qiling, ilhomlantiruvchi, hissiyotlarni uyg’otuvchi so’zlar, nutqlarni tinglang, o’qing. Maktab, kollej, oliy o’quv yurtini tugatgandan so’ng ham izlanishda davom eting. Bunda yoshning ahamiyati yo’q. Miyangiz rivojlanishda davom etayotgani sizning nima bajarayotganingizda yaqqol ko’rinadi;
10) Qolaversa, tabiatimizning o’zi tabib: mayiz, yong’oq, asal, sut mahsulotlari xotira pasayishiga davo sifatida e’tirof etiladi.
“Sog’ tanda sog’loq aql” deydilar. Tanimizdagi bugun arzimas ko’ringan dardni vaqtida davolamasak, bir kasallik ikkinchi birini yetaklab kelmasligiga kafolat berib bo’ladimi?! Zero, inson organizmidagi har bir a’zo zanjir kabi: bir-biriga bog’liq. Barchangizga mustahkam xotira tilaymiz. Doimo salomat bo’ling, aziz o’quvchi!!!
Manba: Ayol.uz
|