Inson odobi bilan go‘zal, deydilar. “Bola aziz, odobi undan aziz”, degan naql ham bor. Ya’ni odamning tashqi ko‘rinishi qanchalar go‘zal bo‘lmasin, u faqat quruq surat, ichki dunyosi, xulq-atvori, qisqasi, ma’naviyati chiroyli bo‘lsagina, bu surat jonlanib, xush qiyofa, istara kasb etishi, ko‘rgan ko‘zni o‘ziga mahliyo qilmog‘i mumkin. Ayniqsa, keyingi eslaganimiz maqolda urg‘u berilgan bola odobi oilaga, jamiyatga xos ko‘pgina belgilar, muhim jihatlarni o‘zida yaqqol ko‘rsatib, xuddi ko‘zgudagidek aniq-tiniq aks ettiradi.