— Bu hayotning ishlari juda ham qiziq ekan-da, — dedi chuqur «uh» tortgancha bir muxlisamiz.
— Umr shunisi bilan qiziq-da, — dedim uni gapga solish uchun.
— Kimligimni aytmayman-u, bir jiyanimning boshiga tushgan savdolarni aytsam, siz ham dahshatga tushasiz.
2004 yilning yozida jiyanim Navbahorni qo‘shni qishloqlik O’tkir ismli bama’ni bir yigitga turmushga berdik. Ikkalovi ko‘rinishidan ham, xarakter jihatidan ham uzukka ko‘z qo‘ygandek bir-biriga munosib edi. Ochig‘i, ularni ko‘rgan kishi havas qilardi. Ammo, bir kam dunyo deganlaridek, oradan ikki-uch yil o‘tsa hamki, ular farzandli bo‘lishmadi. Akam bilan yangam qizi ro‘zg‘oridan tinib-tinchib ketishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilishdi. Toshkentmi, Samarqand demay hamma do‘xtirlarga ko‘rsatishdi. Lekin natija chiqmadi. Er-xotin farzand bo‘lmasa ham tinch-totuv yashashayotgandi. Ammo qaynona o‘g‘lining taqdiriga indamay turolmadi. Jiyanimizni ketishga undadi. Bir kuni akamlarnikiga borsam, jiyanim yig‘lab o‘tirgan ekan.
— Nima bo‘ldi? — dedim.
—Qaynonam «o‘g‘lim bilan ajrash», deydi. Erim bo‘lsa «sendan boshqasi kerakmas» deydi. Nima qilishni bilmay boshim qotdi. Xudoyim shuncha odamga bergan farzandni bizga ham bersa nima qilarkan. Yoki Allohning oldida shunchalik ham gunohimiz ko‘pmi? — deya zorlandi.
Jiyanimni nima deb ovutishni bilmasdim. Akam bilan yangam ham bu gaplardan hayron bo‘lgancha qanday chora ko‘rishni bilmay turishgan ekan. Jahl ustida jiyanimning qaynonasining oldiga bordim.
— Nima maqsadda bordingiz?
— Nima uchun borganimni bilmayman, jiyanimning ko‘z yoshlarini ko‘rib rahmim keldi.
Qaynonasiga:
— Nega ikki yoshni bir-biridan ajratasiz, qo‘ying yashayverishsin. Xudoyimning rahmi kelib, sabr-toqati evaziga farzand berar, — dedim.
Qudamiz avvaliga jahl qilib menga baqirdi. Keyin yig‘lagancha:
— Qushning ham inini buzish oson emas, singlim. Lekin o‘g‘lim bir kam o‘ttiz beshga kirdi. Jiyaningiz bilan oz emas, yetti yil yashadi. Endi o‘zlaridan bilib ajrashisharmikan devdim. Lekin bunday bo‘lmayapti. Men ham o‘g‘limning ota bo‘lishini, el-yurt oldida qaddi tik yurishini xohlayman. Ayrim tengdoshlari o‘g‘limga «Ishqilib o‘zingga ishonasanmi, nega xotiningga buncha yopishib olding?» deyishganmish. Shunday gaplarni eshitish menga oson emas, — deb ko‘z yosh qildi.
Ayolning o‘rniga o‘zimni qo‘yib, rahmim keldi. Jiyanimga vaziyatni tushuntirdim.
— Yulduzing-yulduziga qo‘shilmagan ekan. Peshonangda borini ko‘rasan, ularni ham qiynama. Eringning oldini och. Hech bo‘lmasa bittang bolali bo‘l, — dedim.
Shu gapim bilan ikkalasi ajrashishdi. Kuyovimizning onasi allaqachon kelin topgan ekanmi yoki ikkalasining yana topishib ketishidan qo‘rqdimi, bir oyga qolmay o‘Qlini yana uylantirdi. Buni eshitib jiyanimning ezilganini ko‘rsangiz edi…
Shundan keyin uch oy o‘tgach kuyovimizning xotini homilador ekanligini eshitdik. Jiyanim battar iztirobga tushdi. Endi uning oti «tug‘mas»ga chiqib bo‘lgandi-da.
Nima qilishni bilmay boshimiz qotib yurgan kezlar edi. Akamnikiga xotini vafot etib, ikki yosh bolasi bilan qolgan erkakdan sovchi keldi. Ularga tug‘maydigan ayol kerak ekan. «o‘zi tug‘masagina o‘zganing yetimiga onasidek mehr bera oladi», dedi sovchi bo‘lib kelgan ayollardan biri. Garchi achchiq bo‘lsa-da, jiyanimizning endi farzandli bo‘lmasligiga hammamiz ishonib bo‘lgandik. Dunyodan yolg‘iz o‘tmasin, deya akam shu sovchilarga rozilik berdi. Ammo…
— Keyin nima bo‘ldi? — dedim ayolning jim qolganiga sabrim chidamay.
— Xudoning marhamatini qarangki, jiyanim homilador bo‘lib qoldi.
— Nahotki?!
— Ammo bu narsa kuyovimizga yoqmadi. Hozir jiyanim besh oylik homilasi bilan yana ota uyiga qaytib kelgan. Uning quvonchiga ham, alamiga ham qanday izoh berishni bilmay boshimiz qotyapti.
— Kuyovingizga bola kerak emasmikan?
— Kerak emasdirki, uch oydan buyon xotinidan xabar olmaydi. Hozir boshimiz qotgan. Kuyovimiz insofga kelib bola bilan onasini o‘z uyiga, bag‘riga olsin deya Xudodan so‘rab o‘tiribmiz. Meni dahshatga solgani, jiyanim bechora oldingi ro‘zg‘oridan befarzandligi tufayli ajrashgan bo‘lsa, bu uyidan homilador bo‘lgani uchun quvildi.
— Kuyunmang, hali hammasi iziga tushib ketadi. Kuyovingiz o‘z zurriyodini olib ketgani albatta keladi. Jiyaningiz ham onalik baxtiga muyassar bo‘lib, xotirjam turmush kechiradi.
— Ilohim aytganingiz kelsin. Xudodan faqat shuni so‘rayman.
XONZODA suhbatlashdi
SHERLAR.NET