Qo`llarimiz kunu tun bizning xizmatimizda, mushkulimizni oson qiladi. Keling, bir safar biz qo`llarimizning xizmatida bo`lamiz. Ishoning, bu u qadar mushkul emas, ozgina xohish bo`lsa, kifoya.
1. Ajinlarga qarshi
1 dona tuxum sarig`ini 1 osh qoshiq zaytun moyi, 1 choy qoshiq asal va bir necha tomchi limon sharbati bilan aralashtiring. Niqobni ko`lga surtib, 4-5 soatga polietilen qo`lqop yoki paket o`rab qo`ying.
2. Quruqlashib qolmasligi uchun
Foydalanayotgan kremingiz tarkibini diqqat bilan o`rganing. Masalan, unda «alcohol» so`ziga duch kelsangiz, bilingki, bu kremdan keyin qo`llaringiz, albatta, quruqlasha boshlaydi. Yaxshisi, namlikni me`yorlashtirib turuvchi kiramidli kremlarga ixtiyor bering. Krem tanlay turib, ultrabinafsha nurlardan himoyalash xususiyatiga ega ekanligiga ham ahamiyat qarating.
3. Tirnoqlarni mustahkamlaymiz! Iliq suv, 10 tomchi o`simlik moyi, 1 ampula A vitamini (dorixonada sotiladi) va ikki tomchi yodni aralashtirib, 15 daqiqa qo`lni ushbu damlamaga solib turing. Muolajadan so`ng yumshatuvchi krem surtish yodingizdan ko`tarilmasin.
4. Tirnoq ostidagi kirlardan oson xalos bo`lamiz!
Odatda tirnoqlar biroz o`ssa, ostiga kir to`plana boshlaydi. Bundan xalos bo`lish uchun esa tish pastasi va tish cho`tkasi kerak bo`ladi. Demak, pastani tirnoqqa surtib, bir muddat chyotka yordamida ishqalang. Bu amaliyotdan so`ng tirnoqlaringiz tozalanadi va sarg`ish dog`lar yo`qoladi.
5. Teri yorilganida
Agar terining elastikligi yo`qolib, yoriqlar paydo bo`la boshlasa, 1 litr iliq suvda 1 osh qoshiq kartoshka kraxmalini eritib, 15 daqiqa vanna qiling. Bu muolaja yoriqlar tezroq bitishiga yordam beradi va terini yumshatadi.
6. Yod foydalimi?
Tirnoqlar sinuvchan bo`lsa, darrov yod surtishga odatlanganmisiz? Bu dori spirt asosida tayyorlanishini ham bilasizmi? Axir spirt tirnoqlarni quritib, qavarib ko`chishiga sabab bo`ladi. Demak, dorixonada sotiladigan yoddan malham sifatida emas, balki turli niqoblarga qo`shib, oz-ozdan foydalanamiz.
7. Suli yormasidan tayyorlangan niqob
1 osh qoshiq maydalangan suli yormasiga 1 osh qoshiq quruq sut qo`shib, quyuq bo`tqa holiga kelguncha suv soling. So`ng 1 choy qoshiq zaytun moyidan quyib, 15-20 daqiqaga qo`l terisiga surting. Bu muolaja qo`l terisining elastikligini oshiradi.
8. Oqartirish uchun kosmetik loy
1 osh qoshiqdan kosmetik turpoq va iliq suvni aralashtirib, qo`l terisiga surting. 15 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib, yumshatuvchi krem surting.
Kamola tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
|