Muloyim va yengil xamirli rogalik oilangizning barcha yoshdagi a’zolari uchun birdek ma’qul kelishi shubhasiz. Bundan tashqari, ushbu pishiriqqa o‘z ta’bingizga qarab turli-tuman qiymalarni solishingiz mumkin. Biz esa qiyma sifatida mayizdan foydalandik.
Zarur masalliqlar:
achitqi uchun:
- 1 piyola sut
- 0,5 piyola un
- 1 osh qoshig‘ida shakar
- 2 choy qoshig‘ida quruq xamirturush
xamiri uchun:
- 1 ta tuxum
- 2 osh qoshig‘ida shakar
- 1 osh qoshig‘ida o‘simlik yog‘i
- 0,5 kg un
- 25 g margarin
qiymasi uchun:
0,5 piyola mayiz
qiyomi uchun:
- 0,5 piyola shakar
- 1 piyola suv
Tayyorlanishi:
Avval achitqini tayyorlab olamiz. Buning uchun 1 piyola sutni iliqdan ko‘ra issiqroq haroratgacha qizdirib, unga 0,5 piyola un, 1 osh qoshiq shakar va 2 choy qoshiq quruq xamirturush solamiz. Yaxshilab aralashtiramiz va idishning og‘zini yopib, sochiq bilan o‘rab, issiqroq joyga qo‘yib qo‘yamiz.
Taxminan 15—20 daqiqadan so‘ng achitqi tayyor bo‘ladi.
Xamirni tayyorlash uchun 1 ta tuxum, 2 osh qoshiq shakar va 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘ini bitta idishga solib aralashtiramiz.
Ustiga tayyor achitqini solib, yana aralashtiramiz.
Taxminan 0,5 kg unni solib, yumshoq va qayishqoq xamir qoramiz. Uni qopqoqli idishga solib, sochiqqa o‘rab, issiq joyga taxminan 30 daqiqa qo‘yamiz.
Xamir boshlang‘ich hajmidan taxminan ikki barobar kattalashishi kerak.
Oshgan xamirni yoyib, ustiga eritilgan margarinni suramiz.
Xamirni dastlab uzunchoq qilib, so‘ng doira shaklida o‘raymiz. Uni yana qopqoqli idishga solib, sochiq bilan o‘rab, issiq joyga qo‘yamiz.
30 daqiqadan so‘ng yana ko‘tarilgan xamirni olib, yoyamiz. Va markazdan chetiga qarab uchburchak shaklida tasmalar kesib chiqamiz.
Cho‘pidan tozalanib, suvda yaxshilab yuvilgan mayizni xamir bo‘laklariga solib chiqamiz.
Xamirni keng qismidan ingichga tomoniga qarata o‘rab chiqamiz. O‘rash jarayonida xamirni cho‘zish lozim.
Rogaliklarni listga joylab, 180 darajagacha qizdirilgan duxovkada taxminan 30 daqiqa davomida pishiramiz.
Rogalik pishgunicha, shakarli qiyomni tayyorlab olamiz. Buning uchun idishga 0,5 piyola shakar va 1 piyola suv solib, sal quyilgunicha aralashtirib qaynatamiz.
Pishiriq tayyor bo‘lgach, hali issiq paytida qiyomga botirib olamiz.
Oshirma xamirdan rogaligimiz tayyor. Yoqimli ishtaha!
Manba: Ayol.uz
|