Karbonar spagettisi Italiya oshxonasining mashhur taomi hisoblanadi. Bu pasta juda tez tayyorlanadi, o‘zining mayin mazasi tufayli yanada tezroq tanovul qilinadi.
Kerakli masalliqlar
- Dudlangan go‘sht yoki kolbasa;
- tuxum — 2 dona;
- qattiq pishloq (parmezan) — 100 gramm;
- tuz;
- spagetti — 350 gramm;
- sarimsoq piyoz — 1-2 dona;
- zaytun yog‘i (kamroq).
Tayyorlanishi
1. Birinchi navbatda spagettini qaynatish uchun suv solingan kastryulkani baland olovga qo‘yamiz.
2. Go‘shtni kichkina kubikchalar shaklida to‘g‘rab, 1—2 dona sarimsoq bo‘lagi bilan kamroq zaytun yog‘ida tayyor bo‘lguncha qovuramiz (tova yetarlicha chuqur bo‘lishi kerak, chunki unga keyinroq qaynatilgan spagetti ham qo‘shiladi).
3. Suv qaynab chiqqandan so‘ng ehtiyotkorlik bilan unga spagettini solamiz. Ularni bo‘lmaymiz! Har 2—3 daqiqada aralashtirib turamiz. O‘rta olovda 5—7 daqiqa qaynatamiz.
4. Bu vaqtning ichida 2 ta tuxumni likopchaga chaqib, ta’bga qarab tuz qo‘shamiz va maydalangan parmezan pishlog‘ini unga qo‘shamiz (yoki boshqa qattiq pishloq). Pishloqli-tuxumli aralashma hosil bo‘lishi uchun pishloq yetarlicha bo‘lishi kerak.
5. Tayyor spagettilarni tovaga ag‘darib, olovda yaxshilab aralashtiramiz. Olovni pastlatib, pishloq va tuxumli aralashmani tovaga quyamiz. Yaxshilab aralashtiramiz va ushbu masalliq bir tekis yoyilib, quyuqlashishini kutamiz. Bu jarayon bir daqiqaga yaqin vaqtni oladi.
6. Tayyor spagettilarni likopchalarga taqsimlab, ustidan qirg‘ichdan chiqarilgan pishloqni sepamiz. Oxirgi marta aralashtirib, issiqligida dasturxonga tortamiz. Sovib qolgan spagetti kutilgan darajada xushta’m bo‘lmaydi.
Yoqimli ishtaha!
Manba: Ayol.uz
|