Kasallikka qarshi kurashgandan ko’ra, uning oldini olish, ya’ni uy – joy gigiyenasiga rioya qila olish sarishta bekalarga xos jihatdir. Binoda pashsha, suvarak va turli hasharot hamda kemiruvchilarning paydo bo’lishi kabi ta’bni xira qiluvchi holatlarga aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Infeksiya, turli xil yuqumli kasalliklarning o’chog’i bo’lmish zararkunanda hasharot va kemiruvchilardan o’z qo’rg’oni – uyini asrash orqali ayollar shu qo’rg’on vakillarining salomatliklarini muhofaza qilgan bo’ladilar.
Baxtga qarshi bunday noxush vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda, zudlik bilan chora ko’rgan ma’qul. Quyida turli hasharot va kemiruvchilarga qarshi kurashishning turli usullarini e’tiboringizga havola etamiz:
Chumolini yo‘qotish: shakar, qand, murabbo, asal idishlari chetiga kungaboqar moyi surtib qo’ying. Shuningdek, chumolilar yangi karam hididan ham qochadi. Non bo’lagini 10% li tanakor eritmasida yoki borot kislotasida ivitib qo’yish ham foyda beradi.
Mitani yo‘qotish: tanakor (bura) + qand kukuni + mayda qilib tortilgan so’kning barobar miqdordagi aralashmasi mitani yo’q qilishda yordam beradi.
Burgani yo‘qotish: geksaxlorin, piretrum sepilsa, burga yo’q bo’ladi. Shuningdek, kerosin emulsiyasi ham yordam beradi.
Kuyani yo‘qotish: kiyimlarni taxlashdan oldin oftobda shamollatib, tozalab, qoqib, kiyim saqlanadigan joyga naftalin sepish kerak. Jun va mo’ynali kiyimlarning cho’ntaklariga ham naftalinli xaltachalar solib qo’yiladi. Kuya bosmaxonaning yangi bo’yoq’idan qo’rqadi, shuning uchun kiyimlarni tozalab, gazetaga o’rang. Yungli oyoq kiyimlarning ichiga ham gazeta tiqib qo’ying yoki gazetani oyoq kiyimlar saqlanadigan shkafga qo’ysa ham bo’ladi. Faqat gazetani imkon qadar almashtirib turish maqsadga muvofiq.
Suvarak (tarakan) ni yo‘qotish: tanakor (bura) + qand kukuni + bug’doy uni barobar miqdorda aralashtirib, “xavfli” hududlarga sepiladi. Bu borada tanakor eritmasida ivitilgan non ham ko’mak beradi.
Pashshani yo‘qotish: pashsha shabadani yoqtirmaydi, uyni tez-tez shamollatib turish lozim. Isiriq tutatish, maxsus adaptrlarni qo’llash ham yordam beradi.
Kemiruvchilarni yo‘qotish: Devorlarning polga tutashgan joylariga quritilgan moychechak (romashka) sepib qo’yilsa, sichqon yo’qolib ketadi. Gips + un + xushbo’y mahsulotlar aralashmasi ham kemiruvchilarni qirishda juda qo’l keladi.
***
Yuqoridagi holatlarning oldini olish uchun: avvalo, oziq-ovqat mahsulotlari ustini ochiq qoldirmaslik, yuvilmagan idish-tovoqlarni to’plamay, vaqtida yuvish; ovqat qoldiqlarini og’zi yopiladigan chelakka solib, tez-tez to’kib kelish; har kuni umumiy foydalanish joylari: vanna, unitaz va yuvindi chelaklarni maxsus yuvish vositalari bilan tozalab, zararsizlantirib turish lozim.
Manba: Ayol.uz
|