O`zini sevishga qaror qilgan ayollarga bag`ishlanadi. Erjonlarning rostdan ham orzu qilgan xotini siz ekaningiz haqidagi 15 haqiqatni bilishini istasangiz, e`tiroflarni ovoz chiqarib o`qishdan xijolat chekmang.
Didimiz chakki emas. Chiroyli narsalarga o`chmiz. Uy jihozlari, tilla taqinchoq, gullar... Bu sifatimizni kamchilik sanamang. Didimiz o`tkir bo`lmaganida, sizni tanlagan bo`larmidik?
1. Bizni aql o`rgataveradi demang. Har bir muammoga kuyinishingizni istamaymiz. Bu borada mehribon xotinlaringiz birga o`ylashib yuborishdan charchamaydi, ishonavering.
2. Aslida tejamkormiz. Go`zallik salonlari, kiyim-kechak, chiroyli taqinchoqlarga faqat siz uchungina pul sarflaymiz. Ba`zan bilib-bilmay chiroyli ayollarga nigoh tashlashingizni sezamiz. Shu go`zallik begona emas, yoningizdagi ayolda bo`lsa yomonmi?
3. Arra demang, biz pichoqmiz. Jarrohlar ham yarani avjiga olmasdan kesib tashlab, davolashadi. Biz bor-yo`g`i yomonlikning oldi olinishi tarafdorimiz.
4. Yig`loqi demang. Biror narsadan xafa bo`lsak ruhiyatimizni tozalab, ichimizni bo`shatib olamiz. Ichingizda yig`ilgan dard kasallikka aylanishi isbotlangan. Biz — ayollarda yurak hurujining kam uchrashi, erkaklarga nisbatan uzoq umr ko`rishimiz ham bejiz emas.
5. Tanqidchi emas, ziyrakmiz. Bilib-bilmay yo`l qo`ygan xatolaringizni bartaraf qilsangiz, maqtovga sazovor erkakka aylansangiz yomonmi?
6. Gap gashtakdan beri kelmaymiz. Sizdek hotamtoy erlarimiz bor ekani bilan faxrlanib, isboti sifatida hamma joyga turlanib boramiz.
7. Ko`p gapirmaymiz. Sizga bir gapni ikki-uch marta takrorlashdan erinmaymiz, xolos. Aytilgan gapni bittada amalga oshirish erkaklarga xos emasligini tan oling.
8. Tergovchi emas, rashkchimiz. Qo`l telefonimni, cho`ntaklarimni kavlaydi, deb bizdan nolimang. Bu hammasi rashk atalmish tuyg`uning mevalaridir. Rashk esa muhabbat belgisi. Ko`ngilni to`q qilavering, tergovlar qancha ko`p bo`lsa, sevgi shuncha kuchli.
9. Ayollar serialni sevadi. Har kuni bir xil vaqtda sizga bizdan xoli dam olishga imkon beramiz. Demak, maza qilib paytdan foydalansangiz bo`ladi.
10. Pul, pul, pul... Hadeb uni so`rayverishimiz yoqmaydimi? Buni ham yaxshi ekanimizdan dalolat deb qabul qiling. Qancha ko`p so`rasak, shuncha topaman deb harakat qilasiz. Tirishqoq bo`lishingizga biz sababchimiz.
11. Baland poshnali poyabzallarni faqat biz kiyamiz. Nima bo`pti? Yuragingizni bigiz bilan o`yguncha erni poshna bilan teshganimiz yaxshi emasmi?
12. Bola tarbiyalaganda ovoz balandlatsak g`ashingiz kelmasin. San`at shaydosi bo`lgan erlarimizga baland pardada bemalol kuylab beramiz. Tayyor Rayhonu Shahzoda kabi yulduzlar yonginangizda bo`lsa yomonmi?
13. Do`kon aylanishni yaxshi ko`ramiz. Yaxshi-ku. Xotinimga nima sovg`a olsam ekan, deb bosh qotirishga hojat qolmaydi. Bu ham siz qiynalmasligingiz uchun aslida.
14. Qaynona kelin mashmashasiga bir taraflama bo`lsa-da sababchimiz. Sizga qozilik tajribasini oshirishga yordam beryapmiz. Hamma narsaning tosh-tarozisini bilish ham katta mas`uliyat. Sizdek ishongan tog`imiz bu ishni a`lo darajada uddalashiga ishonchimiz komil.
Nigora SOLIHOVA
Manba: Darakchi.uz
|