Odamlar o‘rtasidagi munosabatni belgilaydigan muomala – inson yuragini ko‘zguda aks etgandek namoyon etadi. Kishining so‘zidan, muomalasidan uning qanday odam ekanligini bilib olish qiyin emas. Inson kamolotida, hayot rivojida, ish yuritishda, odamlar sihat-salomatligini muhofaza qilishda muomala asosiy omildir. “Bug‘doy noning bo‘lmasa ham, bug‘doy so‘zing bo‘lsin” deydi xalqimiz.
Shirin til, mulohaza, mushohada bilan samimiy muomalada bo‘lishga odatlanish – har bir insonning, ayniqsa, hayot fayzi bo‘lgan xotin-qizlarning eng asosiy fazilati.
Qiz bola go‘zal, xushqomat, zebi-ziynatlari ham joyida bo‘lsayu, muomalasi qo‘pol, zardali yoki beandisha bo‘lsa, so‘zi bilan atrofdagilar dilini og‘ritsa – uni go‘zal deyish mumkinmi?! Kishi odatda libosiga, chiroyiga qarab kutib olinadi, aqliga qarab kuzatiladi. Ayol aqlini muomalachalik namoyon etadigan narsa bo‘lmasa kerak. Muhabbatni qozonish uchun ham, avvalo, muomala madaniyatining yuksak bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
1 Har qanday muomalaning boshi salomdir. Salomlashish dinimiz muomalama madaniyatining ham bosh mezoni sanaladi. Bir donishmand: “Kaloming kamolingni belgilaydi, maqoming makoningni belgilagani kabi”, deb aytishida hikmat bor
2 Yoshlikdan noo‘rin, qo‘pol, ibosiz so‘zlarni tilga olmaslikka odatlangan ma’qul;
3 Ma’noli, kishi ruhini ko‘taradigan so‘zlar ila fikrni izhor qilish maqsadga muvofiq;
4 Lekin haddan tashqari shirinso‘zlikdan ham tilyog‘lamalikning “hidi” kelib qolishi hech gap emas. Shu bois, samimiyatni mahkam tuting;
5 Qiz bolaning deyarli hamma bilan “siz”lab gaplashishi go‘zal manzara kasb etadi;
6 Doimiy ochiq chehrada bo‘ling;
7 Jaxl chiqqanda, o‘zingizni qo‘lga oling. Shaxsiy muammolaringiz birovni tabini xira qilishiga yo‘l qo‘ymang;
8 Yolg‘on gapirmang. Bir yolg‘on keyingisini yetaklashi mumkinligini unutmang;
9 Insonlarni kamsitmang. Har bir insonning o‘z qarashlari mavjud;
10 So‘zingiz ila amalingiz mosligini nazorat qilib boring.
So‘zda ulkan kuch bor. Ayolning qudrati uning shirin tilida, ojizaligida namoyon. Muomala bilan ne-ne dillar qulfiga kalit topiladi, ne-ne orzularga yo‘l ochiladi.
Manba: Ayol.uz
|