Yil sayin yosh bolalar orasida oziq-ovqatga allergiya ko`payib bormoqda. Kasallikning rivojiga to`sqinlik qilish chorasi bormi?
Ma`lumki, bu dard erta bahorda avj oladi. Oziq-ovqatdan allergiya biron mahsulotni qabul qila olmaslik, unga nisbatan organizmning javob reaksiyasi tarzida kechadi. Bu murakkab immunologik jarayondir. Qisqa qilib aytganda, tanamizni yomon ta`sirlardan himoyalashi kerak bo`lgan moddalar tabiatning allaqanday xatosi tufayli o`zimizga qarshi harakat qila boshlaydi. Kurash boshlanadi, jang maydoni esa, afsuski, bizning organizmimizdir. Organizmning bunday xato himoya reaksiyasi bola tug`ilgan ilk kunlardanoq ishga kirishishi mumkin. Buning sabablari talaygina:
- irsiy moyillik;
- atrof-muhit iflosligi;
- onada ayrim surunkali kasalliklar mavjudligi;
- bola ovqat hazm qilish tizimining hali yaxshi rivojlanmaganligi;
- emizikli onaning noto`g`ri ovqatlanishi;
- go`dakni juda erta sun`iy ovqatlantira boshlash...
Imkon boricha ana shu omillarni bartaraf etish va bolani to`g`ri ovqatlantirish kerak.
Oziq-ovqatga allergiyasi bor go`dakni nima bilan boqish kerak?
Avvalo, allergiya chaqiruvchi mahsulotlarni aniqlab olish va bolaga bermaslik lozim. Shuning o`zidanoq allergiyaning boshlang`ich bosqichlarida katta natijalarga erishish, kasallik rivojini to`xtatib qo`yish mumkin. Ammo kasallik belgilarining yo`qolishi hali butkul sog`aydi degani emas. Belgilar yo`qolgani bilan organizmda allergiyaga moyillik holati saqlanib qolaveradi. Shu sababli shifokor bilan maslahatlashgan holda bola butkul sog`ayib ketgunicha parhezda davom etish shart. Qo`rqmang, bu bolaning rivojlanishiga salbiy ta`sir ko`rsatmaydi. «Aybdor» mahsulotlarni topish uchun ona bolaning ovqatlanish kundaligini yuritib, unga har kuni go`dakning qaysi mahsulotdan qancha iste`mol qilganini yozib borishi darkor. Qolgani shifokorlar bilan bamaslahat hal etiladi.
Agar bola ko`krak suti bilan boqilsa…
Bu holda onaga ham, bolaga ham omad kulib boqdi deyavering. Ya`ni kasallikning sabablarini aniqlash ham, oqibatlarini bartaraf etish ham osonroq kechadi. Ammo ayrim go`daklarda hayotining ilk kunidanoq sutga, undagi oqsillarga allergiya kuzatiladi. Albatta, bu hol juda kam uchraydi, ammo shifokorlar ayni vaziyatda ham ona emizishdan to`xtamasligini tavsiya etishadi. Chunki go`dak uchun ona sutichalik tabiiy boshqa ozuqa yo`q. Faqat bola immunologik davolash kursidan o`tishi kerak.
Emizikli onalar uchun allergiyaga qarshi parhez
Sutli mahsulotlardan faqat qatiq, smetana, pishloqning achchiq bo`lmagan turlari tavsiya etiladi. Ammo onaning o`zida sigir sutiga allergiya bo`lsa, sut mahsulotlarini taomnomadan butkul chiqarib tashlash kerak. Shuningdek, piyoz, sarimsoq piyoz, turp, rediska, yog`li sho`rva va achchiq ziravorlar ham taqiqlanadi. Donlar, makaron mahsulotlari, bug`doy noni va qand miqdori ham to`rtdan bir qismga kamaytiriladi. Ya`ni, sutli bo`tqa va makaronlar haftasiga 2-3 marta iste`mol qilinishi, bug`doy nonidan esa kuniga ko`pi bilan 250 gr. eyish mumkin.
Aralash ovqatlantirishda…
Ba`zida go`dak ham ona suti, ham sun`iy sut bilan boqilishi mumkin. Maqsad ona suti bilan boqishni imkon qadar saqlab qolish. Bunda ko`krak sutining har tomchisi qadrlidir. Albatta, ona allergiyaga qarshi parhez tutadi. Qo`shimcha ovqat sifatida esa aynan allergiyaga qarshi sun`iy sutlardan foydalanish kerak.
Oziq-ovqatga allergiyali bolaga qo`shimcha mahsulotlar berish
Vaqti kelib, emizikli go`dak taomnomasiga qo`shimcha eguliklarni kiritishga to`g`ri keladi. Ammo allergiyaga moyil bolalar uchun bu o`ziga xos tarzda amalga oshiriladi. Bola 6-7 oylik bo`lganda sabzavot bo`tqalaridan oz miqdorda berib boshlanadi. Unutmang, har qanday qo`shimcha egulikni ilk marta oz miqdorda kunning birinchi yarmida berib ko`rasiz. Shunda kun davomida bolaning yangi mahsulotga reaksiyasini kuzatish va zarur choralarni qo`llash imkoningiz bo`ladi. Agar biron noxush o`zgarish sezsangiz (toshmalar, ich ketish va h.k.), darrov shifokorga murojaat eting. Meva bo`tqalarini esa 1-2 oy keyinroq berasiz. Eng gipoallergen (allergik reaksiya chaqirmaydigan) mevalar, masalan, olma va banandan boshlang. Allergiyaga moyil bolaga 1 yoshgacha tvorog va tuxum sarig`i bermaslik kerak. Go`shtli bo`tqani esa 6-6,5 oydan boshlab beriladi.
Termik ishlovdan o`tgan (bug`da pishirilgan, qaynatilgan, dimlangan) mahsulotlar allergiya chaqirish xususiyatini ancha yo`qotadi. Demak, allergiyaga moyil bolalarga meva va sabzavotlarni avval termik ishlovdan o`tkazib, keyin berish kerak.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz
|