Rajib Tomas yoki oilasidagilar uchun nomi “Redji ota” bo`lgan erkak hech kimning xayoliga kelmagan ishga qo`l urdi, deb xabar berdi “Interesno.cc” nashri.
U OITS tashxisi qo`yilgandan keyin ota-onasi tomondan tashlab ketilgan 22 nafar bolani asrab oldi va Hindistonning Mumbay shahrida joylashgan uyiga olib keldi. Ular hozirda 44 yoshli erkakning rafiqasi va 2 nafar farzandi bilan birga yashaydi.
Redjining rafiqasi yigirmadan ortiq bolalarga uch mahal ovqat tayyorlash bilan band bo`lganda u bolalarning bilim olishi va sog`ligi haqida qayg`uradi.
Redjining aytishicha, shuncha bolani boqib olishiga kasalxona oldida bo`lgan tasodifiy uchrashuv sabab bo`lgan.
“Kasalxona ko`chasida erda ozg`inligidan qoqsuyak bo`lib ketgan qizchaning uxlab yotganini ko`rdim. Uning OITS kasalligiga chalinganini, ota-onasi tashlab ketganligini bildim. Undan “Ovqat eysanmi?” deb so`radim. Qizcha ugra eyishni xohlayotganini aytdi. Aksiga olib, yon-atrofdan ugra topolmadim va unga ertaga kelishga va`da berdim. Ertasi kuni kelganimda qizcha yo`q edi. Surishtirganimda uning vafot etganligini aytishdi. Bu xabardan larzaga keldim va bunday og`ir ahvolga tushib qolgan bolalarga qanday yordam bershim mumkinligi haqida o`yladim”, deb xotirladi Redji.
Shundan keyin u kasalxonadagi OITS bo`yicha mutaxassis ayolga uchrashib, bemor bolalarni asrab olish niyati borligini bildirdi. Shifokor ayol unga ota-onasi tashlab ketgan ikkita chaqaloqni asrab olishda yordam berdi.
Erkak o`tgan kunlarni xotirlashda davom etdi:
“Avvaliga juda qiynaldik. Uyimizda bor-yo`g`i bitta ko`rpa borligidan, unga 4 ta bola va rafiqamni yotqizib, o`zim quruq erda yotishga majbur bo`ldim”.
“Keyinchalik rahmi kelgan odamlar bizga ko`rpa-to`shak, oziq-ovqat mahsulotlari va pul ehson qilishdi”.
“4 kishidan iborat oilam asta-sekinlik bilan 24 kishilik oilaga aylandi. Mening OITSga chalingan bolalarni asrab olayotganimni eshitgan boshqa kasalxonalar ham bemor bolalarni menga yuboradigan bo`ldi”.
Redji ota kun sayin kengayib borayotgan oilasidan faxrlanadi va bu bolalar uning hayotdagi maqsadiga aylanganini ta`kidlaydi.
“Barcha asrab olgan bolalarim meni dada, deb chaqiradi. Otaning vazifasi esa o`z farzandlarini himoya qilishdan iboratdir, – deydi u.– Umuman olib qaraganda men judayam katta qahramonlik ko`rsatganim yo`q, balki o`z farzandlarimga g`amxo`rlik qilmoqdaman”.
Tomas OITS kasalligi haqidagi barcha afsonalarga chek qo`yishga harakat qilmoqda.
“OITSga chalindi degani umri qisqa, ajali etdi degani emas. Ular boshqa oddiy odamlar kabi uzoq umr ko`rishlari mumkin. Ularni asrab olishdan maqsadim ham umrlarini uzaytirishdir”, dedi Redji.
Manba: Darakchi.uz
|