2016 yilning 31 oktyabrida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo`yildi. Xo`sh, ushbu qaror amaliyotga qanday joriy etilmoqda? Ko`zda tutilgan vazifalar ko`ngildagidek amalga oshirilmoqdami? Eng muhimi, aholi uchun, xalq uchun qanday qulaylik yaratildi?
Mazkur savollarga Sog`liqni saqlash vazirligi Dori vositalari va tibbiy buyumlar sifatini nazorat qilish Bosh boshqarmasi boshlig`i Habibullo Jalilov javob berdi.
— O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori aholi va davolash-profilaktika muassasalarini aholi o`rtasida keng tarqalgan kasalliklarni davolashda qo`llaniladigan yuqori samaradorlikka ega bo`lgan sifatli va arzon dori vositalari bilan ta`minlashga qaratilgan. Qaror 2017 yilning 1 yanvaridan e`tiboran kuchga kirdi. Ushbu qaror tom ma`noda xalq manfaatlariga qaratilgan va uning ijrosi ham shunga muvofiq bekamu ko`st amalga oshirilishi shart.
Ochig`i, keyingi vaqtlarda bemorlarga resept yozishda mavjud me`yor-qoidalarni buzish, mahalliy mahsulotlar qolib, chet elda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalarini buyurish holatlari ko`paygan edi. Qolaversa, dorixonalarda pereparatlar bahosining turlicha ekani aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida 2017 yilning 1 yanvaridan yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat`i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo`lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo`llanilgan holda amalga oshiriladi.
Tibbiyotda keng qo`llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta`minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo`yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon`yunkturasini tahlil qilish asosida o`rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.
O`z navbatida, yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo`pol ravishda buzilsa, ularga qat`iy jazo qo`llaniladi va hatto lisenziyasini bekor qilish ko`zda tutilgan.
Umuman olganda, ushbu qarorning hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to`liq ta`minlash, tashxis qo`yish va davolash standartlarida ko`zda tutilmagan hamda qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo`yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo`l qo`ymaslik imkonini beradi.
Ushbu qaror ijrosini ta`minlash bo`yicha Sog`liqni saqlash tizimidagi dorixonalar, davolash profilaktika muassasalari va xususiy dorixonalarga etkazish bo`yicha joylarda seminarlar o`tkazildi. Seminarlarda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar haqida axborot berildi.Shuningdek, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha 5500 ga yaqin dorixonalarning “Iste`molchilar burchagi” tashkil etilib, unda barcha dorixonalar uchun majburiy bo`lgan eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro`yxati, reseptsiz beriladigan dori vositalari ro`yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari, cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvalini osib qo`yilishini ta`minlanmoqda.
Ushbu qaror aholiga moddiy jihatdan qanday manfaat keltirdi, degan savolga javob sifatidae`tiboringizni bir raqamga tortsam. Cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvalimahalliy dori vositalarining narxi 8% dan 44% gacha pasayganligini ko`rsatdi. Demak, xalqimiz endi mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarini sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo`ldi.
Albatta, mana shunday hayotiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini, yurtimizda olib borilayotgan har bir islohot, eng avvalo, inson manfaatlariga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu harakatlar el salomatligini asrash yo`lidagi ulkan sa`y-harakatlar samaradorligi yanada oshirishi, shubhasizdir.
|