Toshkent shahridagi nufuzli shifoxonalardan birida shifokor bo`lib ishlardim. Mamlakatimizda barcha sohalarda bo`lgani kabi tibbiyot sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilib, barcha shart-sharoitlar yaratilgani boshqa hamkasblarim singari mening ham ishga bo`lgan ishtiyoqimni oshirardi. Tibbiyot xodimlari elda e`zoz topgan mana shunday yurtda shifokor bo`lib ishlab, insonlarga oz bo`lsa-da foydam tegib yurganidan ich-ichimdan suyunardim. Kasbimdan baraka topgan edim deyishga to`liq haqliman. Ayniqsa, keksa otaxon va onaxonlarning tinmay alqab, duo qilishlari meni beixtiyor quvontirardi.
Har doyim kiygan oq libosimga, ichgan qasamimga sodiq bo`lishga harakat qilganman. Lekin nima bo`lganda ham xom sut emgan bandamizda. Ba`zida o`zimiz anglamagan holda manmanlik qilamiz, boshqalarni pisand qilmay, oyog`imiz erdan uziladi. Ayniqsa, bu kabi holat odamlarning ko`p ishi tushadigan kasbda ishlasangiz tezda o`zini namoyon qilarkan. O`zini bilgan odam xato va kamchiliklarini to`g`irlashga, hamma bilan samimiy munosabatda bo`lishga harakat qiladi. Afsus, men vaqtida ko`zimni ochmadim. Xonamning oldida navbatini kutib turgan bemorlarga qo`pol munosabatda bo`la boshladim. Ayrim bemorlardan pul ta`ma qilish odatini chiqardim. Bu voqeaga besh yilcha bo`lib qoldi. Shu paytgacha hech kimga aytmay ichimda saqlab yurdim. Bir kuni qabulimga o`n to`rt yashar bolani olib kelishdi. Uning ahvoli juda achinarli edi. Hali yosh bo`lishiga qaramay qandli diabet kasaliga chalinibdi. Buning ustiga oshqozoni ham tez-tez bezovta qilib turar ekan. Ushbu bemorni ko`rib, to`g`risi, achinishning o`rniga g`azablanib, uning ota-onasiga “yaxshiroq ovqatlantirsangiz bo`lmaydimi, nima ahvol bu o`lar holiga kelib qolibdi-yu” deya baqirdim. Shunda ularning ikkalasi ham mayus tortib, erga tikilib qoldi. Ayol sekingina ro`molchasini chiqarib ko`zidagi yoshni arta boshladi. Shu payt bemor bolaning otasi meni chetga tortib, “do`xtir nima deganingiz bu, qaysi ota-ona o`z farzandidan biron-bir egulikni qizg`onadi. Qolaversa, men o`ziga to`q odamman. Salim mening bittayu-bitta farzandim. Bor topgan-tutganim shunikida. Faqatgina, o`zida ishtaha yo`q. Nima qilay qiynalib ketdim” dedi. To`g`risi, menga uning o`ziga to`q odamman degan so`zlari ko`proq yoqib tushdi. O`zimcha o`ylay boshladim “yuz ko`kida tashlab ketasa-ya. Farzandim uchun har narsaga tayyorman dediku. Uyaltirmas qurimsoq”. Ha, u men o`ylaganimdek, yuz ko`kida bo`lmasa ham o`ziga yarasha berib ketdi.
O`sha kezlari ularni qanday kechinmalar chulg`agani, jigarbandi azoblanayotganidan siqilayotgani hayolimga ham kelmagan. Oradan besh olti oy vaqt o`tdi... Salimning otasi yana ayolini etaklab qabulimga kirib keldi. Ularni ko`rib suyunib ketdim. Farzandlari sog`ayib ketgandir shunga rahmat aytgani kelgandir deb o`yladim. Lekin afsus, unday bo`lib chiqmadi. Salim olamdan o`tgan ekan. Ularga qaysidir boshqa shifokor farzandlari noto`g`ri muolaja qilinganini aytib, o`sha tashxis qo`ygan va dorilarni tavsiya qilgan shifokorni sudga berish kerakligi haqida uqtiribdi.
Farzand dog`ida kuygan ota-ona to`ppa-to`g`ri mening oldimga kelavergan. Ularga yotig`i bilan tushuntirishga harakat qildim. Ikki-uch marta to`polon qilib kelishdi-yu, keyin kelmay qo`ydi. Sudga ham bermadi...
Ammo, men bundan ham og`ir jazoga ro`para keldim. Avtohalokat tufayli nogiron bo`lib qoldim. O`sha kuni jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli tugatdik. Bemorning qarindoshlari ziyofat uyushtirdi. Ichkilik ko`p bo`lib ketgan bo`lishiga qaramay, mashinamni o`zim boshqaraman deb turib oldim. Mashina ruliga o`tirganim esimda bir mahal ko`zimni ochsam kasalxonada yotibman. Azbaroyi og`riqning kuchliligidan hatto bir so`z aytishga qo`rqaman. Oyoq tomonim muzlab yotibdi. Tanamni harkatlantira olmasdim. Xullas, halokatga uchrab umurtqamga qattiq shikast etibdi. Taqdirning o`zi meni jazoladi.
Ayolim, farzandlarim, yaqinlarim va do`stlarimning atrofimda girdikapalak bo`lib chorasiz bir ahvolda ko`zlariga yosh olishini ko`rib, bir paytlar qabulimga kelgan bemorlar qarindosh-urug`larining holati ko`z oldimda gavdalanadi. Mana shunday ayanchli ahvolga tushishimga faqatgina o`zim aybdorman. O`zim qiynalganim etmaganday, turmush o`rtog`im va bolalarimni ham qiyinchilik, dard-alam, qayg`u girdobiga tashladim. Boshimga tushgan bu ko`rgiliklardan so`ng bir paytlar qabulimga kelgan Salimning ota-onasiga qanchalik qiyin bo`lganini ich-ichimdan his qildim!...
“Tanasi boshqa dard bilmas” deb bejiz aytishmas ekan.
Bemorlar va ularning qarindoshlari ko`nglini og`ritgan shifokor hech qachon baxtli hayot kechira olmasligi mening misolimda o`z isbotini topdi.
Sherali Umarov
Toshkent shahri
|