Ko`pchilik ayollar bel va oyoq og`rig`idan shikoyat qilishadi. Organizmdagi bunday bezovtalikka o`zlaricha tashxis qo`yib, “Tuqqandan keyin shunaqa bo`ladi”, “Kuni bilan harakatdaman, charchagandirman”, “Yoshim o`tib boryapti-da” deya e`tiborsizlikka beriladilar. Aslida, bu shifokor nazoratini talab qiladigan holat. Bo`g`imlardagi og`riqning sabablari turlicha bo`lishi mumkin. Ulardan biri kalsiy etishmasligidir. Sut mahsulotlarini doimiy va to`g`ri iste`mol qilish esa organizmda kalsiy muvozanatini ta`minlaydi. Natijada, suyak va tishlarimiz mustahkamlanadi.
Sigir suti. Kuniga yarim litrdan sigir suti ichib turilsa, organizm vitamin va minerallarga to`yinadi. Chunki ushbu mahsulot tarkibidagi laktoza yurak, jigar va buyrak faoliyatini yaxshilaydi. A vitaminiga boyligi bolalarning jismoniy o`sishiga ko`maklashadi. Sutni yotishdan avval ichsak, asablar tinchlanib, kechki uyqu sokin kechadi.
Sutning kundalik iste`moli infarkt va insultga chalinish xavfini 37 foizga qisqartirishi aniqlangan. Shuningdek, oshqozon bilan bog`liq kasalliklarga, xususan, me`da yarasi va gastritga chalinganlar ko`p sut ichishlari kerak. Bundan tashqari, sut jaziramada chanqoqni qondirishi bilan birga terlaganda chiqib ketadigan mineral tuzlarning ham o`rnini to`ldiradi. Unda immunitetni ko`taruvchi bakteriyalar mavjud. Shuningdek, zararli bakteriyalarga qarshi kurashadi ham. Sutning semirtirishi haqidagi taxminlar esa noto`g`ri.
Yodda tutish kerakki, sutdagi barcha vitaminlarni saqlab qolish uchun uni uch daqiqadan ortiq qaynatmaslik kerak.
Echki suti. Immunitetni ko`tarishi bilan mashhur. Ayniqsa, yuqumli xastaliklarning oldini olishda echki suti “vaksina” vazifasini o`taydi. Ayol kishi echki sutini ichsa va kosmetik niqob sifatida ishlatsa, teri yosharadi, yuzga ajin tushishining oldi olinadi va yuz ranggi tiniq bo`ladi. Echki sutida D vitamini va kalsiy sigir sutiga qaraganda anchayin ko`p. Shuningdek, u sigir sutidan ko`ra yog`li bo`lishiga qaramay, tez hazm bo`ladi. Qandli diabet, artrit, bronxit, anemiya, diatez, sil kasaliga chalinganlar echki sutidan davo topadilar. Uni yoshiga to`lmagan bolalarga ham berish mumkin. Bir yoshdan keyin echki sutini ko`p ichgan bolalar sog`lom va baquvvat bo`ladilar. Echki suti ich ketishiga olib kelmaydi, aksincha, ichni qotirish xususiyatiga ega. Raxitga chalingan bolalar uchun ham echki suti zaruriy ozuqalardan biridir.
Qatiq. Tarkibida juda ko`p miqdordagi lakto va bifidobakteriyalarni jamlagani bois sutdan afzal hisoblanadi. Tez hazm bo`lib, vitamin va menarallari boshqa sut mahsulotlariga qaraganda oson o`zlashtiriladi. Qatiqni doimiy ravishda ichib yurish orqali organizmdagi oqsil muvozanati ta`minlanadi. Kattalar va bolalardagi ichak mikroflorasi yaxshilanib, ovqat hazm qilish tizimi barqarorlashtiradi. Qatiqda oshqozonni tozalash xususiyati borligi sabab, uni ich qotishi, ko`ngil aynishi, disbakterioz va toksikoz mahali dori o`rnida qo`llash mumkin. Qatiq iste`moli organizmni turli kasalliklar, jumladan, shamollash hamda virusli infeksiyalardan asraydi va zararli mikroorganizmlardan himoyalab turadi. Emizikli bolalarga 8 oylikdan boshlab berish mumkin.
Qaymoq. Sut mahsulotlari ichida eng yog`lisi hisoblanmish qaymoqni ayollar homiladorlik va go`dakni ko`krak bilan emizish davrida iste`mol qilsalar, koni foyda. Chunki unda bolaning o`sishi va rivojlanishi uchun kerakli vitaminlar majmuasi mavjud. Boshqa sut mahsulotlariga qaraganda kaloriyasi yuqoriligi bilan ham ajralib turadi.
Tvorog. Parhezbop egulik sanaladi. Oshqozon, ichak, buyrak, jigar, yurak va o`pka sohalarida muammosi bor bemorlar uni taomnomalariga kiritishlari mumkin. Tvorogda temir miqdori ko`p bo`lgani bois gemoglabinni oshiradi. Ortiqcha vazndan qiynaladigan odamlar yog`siz tvorogni iste`mol qilishlari kerak, unda ham barcha vitaminlar saqlanib qoladi.
Tvorog qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga ega. Kuniga 300 grammdan tvorog egan kishi organizmini oqsil bilan etarlicha ta`minlay oladi. Sochlari uzun bo`lishini xohlagan qizlar tvorogni ko`p iste`mol qilishlari darkor. Homilador ayol tvorogni sevib iste`mol qilsa, o`zi va tug`ilajak bolasi organizmi kalsiyga to`yinadi. Klimaks payti injiqliklarini engishda ham ushbu mahsulot yordamga keladi. Bundan tashqari, tvorogni yuzga kosmetik niqob tarzida ishlatib, terini oziqlantirish va taranglashtirish mumkin.
Pishloq. To`yimli mahsulot. Organizmning umumiy holati, ayniqsa, miya faoliyatini yaxshilaydi, tishlarni kariesdan himoyalaydi, qon bosimini me`yorida ushlab turadi. Uyqusizlik va stress holatlarida ham pishloq eyish naf beradi. Pishloqning ishtahani ochish, ko`z nurini yaxshilash, moddalar almashinuvini faollashtirishda hissasi katta.Pishloqdagi oqsil miqdori go`sht va baliqnikidan ko`p. Jismoniy mehnat bilan shug`ullanuvchilar pishloqni ko`p eyishlari kerak, chunki u sarflangan kuchning o`rnini to`ldiradi. Shuningdek, chekuvchilarga ham pishloqni ko`p iste`mol qilishlari kerak. Sababi, tamaki tarkibidagi nikotin inson organizmidan kalsiyni haydab chiqaradi. Qattiq pishloqni bolalarga bir yarim, ikki yoshdan boshlab berish mumkin.
Durdona ALIMOVA tayyorladi.
|