Sedana ayiqtovondoshlar oilasiga mansub o`simlikning mayda qora donlaridir. Hidi xushbo`y, chaynaganda jiz etib achishtiruvchi mazasi bilinadi. Sedana o`zbek pazandaligida non yopishda ishlatiladi, patir va kulchalarning yuzasiga sepilsa, mazasini yaxshilaydi. Sedana ovqat hazm bo`lishiga yordam beradi, og`izdagi noxush hidni ketkazadi, a`zolarni qizdiradi va tozalaydi, peshob haydaydi, zaharlarga qarshi ta`sir qiladi. Xalq tabobatida uni yo`talganda, qusganda qo`llaniladi, u xuddi murch kabi ta`sir qiladi.
Sedanali choy suvchechak, sariq kasalligi, taloq yallig`lanishida, hayz qonini haydash va emizikli onalarning sutini ko`paytirish uchun ham qo`llanilgan. Sedanali choyga asal qo`shib ichilsa, peshob yo`llaridagi toshlarni maydalaydigan doriga aylanadi. Ibn Sino yozadiki: «Sedana balg`amni ko`chiruvchidir, tozalovchi, el va damni shimdiruvchidir. Xususan, uning tozalash xosiyati etarli darajadadir. Sedana tumovga foyda qiladi. Uni asal va issiq suvga qo`shib ichilsa, qovuq va buyrakdagi toshlarga foyda qiladi, ularni chiqaradi».
Sedanali choy quyidagicha damlanadi: yarim litrli choynakka 1 choy qoshiq qora yoki ko`k choy, 20-25 dona sedana solib, qaynoq suv quyiladi va 3-4 daqiqa cho`qqa qo`yib dam edirilgandan keyin shirinliklar bilan ichiladi, asal qo`shilsa, juda foydali ne`matga aylanadi.
|