Qoshlar har bir shaxs ichki tuyg‘ulari, psixik holatini namoyon etadigan vosita. Hayrat, kulgu, quvonch, qayg‘u barcha irqlarda bir xil. Bu yuzning qoshlar joylashgan hududida miya elektromagnit impulslariga ta’sir etuvchi biologik faol nuqtalar mavjudligidan dalolat beradi.
Yig‘layotgan bolani tinchlantirish uchun avval uning peshonasini, keyin esa asta-sekin qoshlarini silash kerak, shunda u tinchlanib, uyquga ketadi. Shuningdek, faol hissiy qo‘zg‘alishdagi (hayajonlanayotgan, jahli chiqqan) kishining peshonasiga yoki qoshlari o‘rtasiga tikilib turib so‘zlasangiz, o‘zini bosib olishiga yordam bergan bo‘lasiz.
QADIM ShARQ ShYe’RIYaTIDA QOShGA MUNOSABAT
Lirik she’riyat qoshni kamonga, oyga qiyoslaydi. Undan hayratlanadi. Sharq olimlari asrlar osha o‘zga madaniyatlardan farqli o‘laroq, qoshlarga, ularning kishi hissiyotlariga ta’siri, salomatlikka alohida e’tibor qaratganlar. Bu o‘rinda, qoshlarning ko‘rinishi, diqqatni tortuvchi xususiyati e’tiborga olinadi.
Qoshni parvarishlash O’rta Osiyo xalqlarida, Hindiston va Xitoyda milliy urf-odat darajasiga ko‘tarilgan. Bunda ular qoshlarning inson hayoti, buguni va kelajagiga ta’siri beqiyos ekanini bilganlaridan darak beradi.
Xususan, ota-bobolarimiz o‘tgan davrlarda yoshlarni kechki dasturxon yig‘ishtirilishi oldidan qo‘y yog‘ida damlangan oshdan qolgan moy bilan qoshlarini yog‘lashga majburlashar edi. Ma’lumki, yorqin, yaltirab turuvchi, silliq qosh kishining sog‘ligi yaxshiligidan, ruhiy barkamolligidan dalolat beradi. Ajdodlarimiz buni yaxshi tushunganlar.
O’rta Osiyoda, ayniqsa, O’zbekistonda o‘sma qo‘yish va ayollar qoshini parvarish qilish an’anaviy urf-odatga aylanib qolgan. Masalan, qari momo yoki bobo erta bahor nabiralari uchun o‘smaning eng yaxshi turidan ekib qo‘yar edi. Bahorda mahalla ayollari yig‘ilib, birgalikda o‘sma qo‘yishardi. Shunisi qizikki, ular qo‘yilgan o‘sma yordamida imkon qadar qoshlarini uzaytirardilar. Xitoy fiziognomistlari fikriga ko‘ra, uzun qosh kishilarning muloyim munosabatlariga zamin yaratar, qolaversa, bunday qoshli kishining umri uzun bo‘lar ekan.
O’sma qo‘yayotgan qizlar qoshlari oralig‘ini tutashtirishga intilishida qanday sir bor? Yana xitoyliklar ma’lumotiga murojaat etadigan bo‘lsak, tutashgan qoshli qizlar, umuman tutash qoshli kishi ota-onalaridan uzoqqa ketmaydi, yaqinida yashaydi, qizlar uzoqqa turmushga berilmaydi. Bu omilning yana bir talqini, kishining quvvati ko‘p bo‘lsa, qoshlari orasi yaqin, tutash bo‘ladi.
Xitoy falsafasiga ko‘ra, inson fikrlashi, uning dunyoqarashi qoshdagi har bir tukka bog‘liq ekan. Shuning uchun qosh terishga ma’lum yoshga yetgandagina ruxsat beriladi.
Besaranjom o‘sgan qoshni parvarishlamaslik shaxsni beparvolikka, yomon oqibatlarga olib borishi mumkin. Ajdodlarimiz nasihatlariga ko‘ra, qoshni qancha parvarishlasak, uni tarab, uqalab, oz-moz moylab tursak ichki tuyg‘u va xohishlarimiz, hissiyotlarimiz va xulq-atvorimizni saranjom qilgan bo‘lamiz.
Qoshlar orqali shaxs xulq-atvorini tahlil qilmoqchi bo‘lganimizda, avvalo kallaning uzunligi, ingachka-yo‘g‘onligi, rangi, ularning simmetriyasi va mutanosibligiga e’tibor berishimiz kerak.
Ko‘pchilik odamlarda qoshlar assimmetrik joylashgan bo‘ladi. Simmetrik qoshlar yaxshi salomatlik, kayfiyatdan darak beradi. Bunday kishilar omadli hisoblanadilar.
Agar kishining chap qoshi o‘ngdagisiga nisbatan qalin bo‘lsa, maqsadlariga bemalol erishadi. O’ng qosh qalin bo‘lsa, bunday shaxs rejalashtirgan ishlarini ortga surib yuraveradi.
Chap qoshning shakli shaxsiy hayotiga bo‘lgan munosabatni bildiradi, o‘ng qosh shakli shaxsning tashqi dunyoga, ish faoliyatiga munosabatini ko‘rsatadi.
Tahlil qilishga asos sifatida uchta shakl belgilangan:
– tekis;
– qayrilgan;
– siniq.
O’z tahlilingizni qoshlar orasidagi masofadan, ularning quyuqligi va qalinligidan boshlang.
Qisqa qoshlar — pessimist, qaysar kishilarga xos. Bunday shaxs jizzaki, hissiyotlarga berilib harakat qiladi.
Uzun qoshlar — kishi do‘stona xarakterli, ota-ona va oilaga bog‘langanligi, yaxshi estetik didga ega ekanligini, biroq, ko‘pincha o‘ziga ishonmasligini bildiradi.
Ingichka qosh egalari o‘zini doimo nazorat qilib turadilar. Ular uchun ish faoliyatida, oilada tartib hamma narsalardan ustun. Biroq ortiqcha tartiblilik ayrim hollarda boshqalar bilan munosabatlarini taranglashtirib turadi. Nizo paytlarida bunday kishilar iloji boricha o‘zini chetga tortadilar. O’ziga qandaydir baho berish, xulq-atvorini nazorat qilib turish asabiylikka olib boradi. Oilaviy hayoti totuv, ular yaxshi er va ajoyib bekadirlar.
Quyuq qoshlar shaxsning hazilkashligi, doimo xursand yurishini, sayyohatlarga ishqibozligini ko‘rsatadi. Qoshi qalin shaxslar yoshligidan katta yutuqlarga erishadilar. Ularda yangi va qiziqarli g‘oyalar doimo qaynab turadi. Qalin qosh baxt va omadni namoyon etadi. Qalin, tekis, yaltiroq qora qoshlar kishi sog‘ligi yaxshiligini bildiradi.
Yaqin joylashgan qoshlar shaxsning rashkchi ekanini bildiradi. U ko‘pincha o‘ziga ishonadi. Boshqalarning fikriga kam qo‘shiladi. Uning rashkchiligi shaxsiy hayoti, boshqalar bilan munosabatiga doimo sovuqlik solib turishi mumkin.
Uzoq oraliqli qoshlar egalari mehnatsevar ekanliklaridan darak beradi. Ishga bo‘lgan munosabati, chidam va saboti atrofdagilarda katga hurmat uyg‘otadi. Katta lavozimni egallab turgan bo‘lsa-da, bunday kishi o‘zini juda kamtar tutadi. Oilaga ishonadi va oila unga kuch-quvvat berishini yaxshi biladi.
Tutashgan qoshlar. Negadir, xitoy olimlari, bunday qoshlar muammoga ko‘p duch keladigan shaxslarga xos, degan fikrda. Ular har qanday, hatto o‘ziga daxlsiz muammoni o‘ziga moslashtirib olib, hijolat chekib yuradilar. Shu bilan birga, muammolarni yurakka juda yaqin oladilar, birov xafa qilsa, bu xafagarchilik umrining oxirigacha esida qoladi. Bu shaxslar 35 yoshga yetganda omad kulib boqadi. Ular doimo musobaqalashishni istaydilar. Fiziognomikaga oid adabiyotlarda ularga ko‘proq o‘zini avaylash, tinchlik kerakligi ta’kidlanadi.
Qayrilma qoshlar ko‘proq ayollarga xos. Ular shaxsning zotliligidan darakdir. Bu qoshlar doimo o‘ziga jalb etib, qosh egalari chiroyli hayotni, to‘kinchilikni hamma narsadan yuqori qo‘yadilar. Ular orzumand kishilardir. Bunday qoshga ega ayollar bola tarbiyasi, uyda tartibni saqlashga katta e’tibor qaratishadi. Umuman, ular go‘zallikka oshufta, atrofdagilarni o‘ziga tortishga qiziqadilar. Juda hissiyotli kishilardir.
Uchburchak, patsimon qoshli shaxslarga «Ilonning yog‘ini yalagan» deya baho berilgan. Ular hodisalarni, shaxslararo munosabatlarni sezib turadilar, bolaliqdan hukmdorlikka intiladilar. Vaqti kelganda o‘zini juda baland tutadilar. Payti kelib, ular diniy-falsafiy fikrlarga qiziqib, ilohiyatga kirishib ketadilar. Bunday shaxslar jozibador kishilar bilan darhol til topa olishadi.
Tekis qoshlar. Sharq falsafasiga ko‘ra, bunday qosh egalari yoshligidan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishadilar. Ularga omad doim kulib boqadi. Hayot yo‘llari tekis, mayda omadsizliklar ularga ta’sir qilmaydi. Qaerdan daromad kelishini ichki sezgi bilan his etib turadilar. Hech qachon omadni qo‘ldan bergisi kelmaydi. Bunday qosh egalari jismonan sog‘lom bo‘lib, ular orasida yaxshi sportchilar ko‘p uchraydi. Xayolparastlik ularga xos emas.
Jingalak qoshlar, yuqorida ta’kidlanganidek, jingalak fikrlarni dunyoga keltiradi. Ularning hatto harakatlari ham ma’nosiz. Katta intellektual darajaga ega bo‘lsa ham, kasb mahoratlarini oshirishga qiziqmaydilar. Ular 30 yoshgacha yaxshi lavozimga erishib, 30 yoshdan so‘ng unga nisbatan qiziqishlari so‘nadi. Shaxsiy, oilaviy hayotda qonuniyatlarga amal qilishmaydi, tartibsizlikka odatlangan. Bunday kishilar, haqiqatan ham, qoshlarini parvarish qilib turishlari maqsadga muvofiqdir.
Siniq qanotsimon qoshlar. Bu toifa shaxslar doimo har bir narsani (moddiy, ma’naviy) o‘z nazoratida ushlab turmoqchi bo‘ladilar. Bu ko‘rinishdagi qoshlar, ayniqsa, ayollarda, bo‘lajak liderlik belgisidir. Har qanday uchrashuvga, muloqotga avvaldan tayyorgarlik ko‘rib oladi. Ular hushyor, kim bilan qanday gaplashishni anglab turadilar va adashmaydilar. Har doim homiylar izlashadi hamda ularni o‘zlariga bo‘ysundirishga intiladilar.
Shunday qilib, qoshlar yordamida shaxsga baho bermoqchi bo‘lsangiz, qoshlarning joylashishiga ham diqqat qiling.
Qosh chetlari yuqori ko‘tarilgan shaxslarni «taqdir erkatoyi» deyish mumkin. Ular har narsada omadga o‘zgalar hisobidan erishadilar.
Chetlari pastga tushgan qosh egalari pessimistik xarakterga ega bo‘lib, irodasi, qiziqishi, intilishi faol bo‘lmagan kishilar hisoblanadilar. Shaxsiy hayotda atrofdagilarga ortiqcha ishonib yuboradilar, biroq rostgo‘ylik va to‘g‘rilikni yoqtiradilar.
Ko‘zga yaqin joylashgan qoshlar. Bunday shaxslar doimo qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar. Intellektual darajasini orttirib boradilar. Yuklatilgan vazifa yoki ishni darhol bajarishga intilishadi. Ularning nutqi tez, zehni o‘tkir, optimist, biroq tanqidni qiyinchilik bilan qabul qiladilar. Agar suhbatdoshi sekin gapirsa, gapini bo‘lishga harakat qiladilar. Tabiatan juda tartibli bo‘ladilar.
Miloddan avvalgi 340 yilda Aristotel o‘zining «Physiognomika» kitobida shunday yozadi: «Tekis koshlar, muhitning moyilligi haqida dalolat beradi, tutashgan qoshlar esa kuchli rashkni bildiradi, agar shu qoshlar chakka tomon qayrilgan bo‘lsa, shaxsning o‘yin-kulgu va mug‘ombirlikka tashnaligini ifodalaydi.
– Burun tomon egilgan qoshlor — keskinlik va kuchlilik alomatidir;
– tutashgan qoshlar — intiluvchan va topqirlik, kuchli, to‘g‘ri xulq-atvor;
– qosh bir qismining teskari yo‘nalishi — qat’iylik, sharoitga tez moslashaolmaslik;
– uzuq qoshlar (oraliqlar yoki bo‘shliqlar) – sotqinlik, firibgarlik;
– uzun, qalin qoshlar — iliqlik, ishonchlilik.
SAMO tayyorladi.
|