— Biz yashab kelgan hovli qaynota-qaynonamning nomida edi. Erim oilada yagona o`g`il. Er-xotin birgalashib, hovlini ta`mirladik, imkon qadar epaqayga keltirib olgandik. Biroq qaynopam keksa ota-onasining ko`zini shamg`alat qilib, uyni o`z nomiga rasmiylashtirib olibdi. «O`zimni bolam-ku», deb ular ham qanday hujjatni imzolashayotganini bilishmagan. Hammasi oydinlashgach esa qaynopam oilasi bilan ko`chib kelib, bizni uydan chiqarib yubordi. Hozir ijarada yashayapmiz. Vaholanki mening ham, erimning ham «propiska»miz o`sha hovlida. Nega bizning roziligimizni olmay uyni o`z nomiga o`tkazib olgan? Yuzaga kelgan vaziyatda bizning ham biror haq-huquqimiz bormi?
Ismi sir tutildi.
Murojaatga advokat Nafisa IBRAGIMOVA javob beradi.
Eslatib o`tamiz, mutaxassis izohi tavsiyaviy xarakterga ega.
— Uy oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirish yo`li bilan qaynopangiz egaligiga o`tgan bo`lib, bunda uy ro`yxatidagi doimiy yashovchilar, ya`ni sizlarning roziligingiz olinmagan holatda, oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topishni so`rab fuqarolik sudiga murojaat etishingiz mumkin.
Ota-onangiz tomonidan uy qaynopangizga hadya qilingan yoki vasiyatnoma asosida qoldirilgan holatda ham siz oilangiz bilan uy ro`yxatida bo`lganingiz uchun turar-joydan foydalanish huquqingiz saqlanib qoladi. Mazkur holatda ham, uyga kiritishni so`rab fuqarolik sudiga murojaat etishingiz mumkin.
|