Ko‘pchiligimiz tong-la turib issiq qahva ichishga odatlanganmiz. Ba’zan ishlab charchasak ham darhol qahva damlab ichamiz va darrov tetiklashib, yana ishga sho‘ng‘ib ketamiz. Xo‘sh, bizni bir zumda tetiklashtiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan qahva haqida nimalarni bilamiz?
Neyropsixologlar tetiklantiruvchi alkogolsiz ichimliklarning miyaga ta’sirini tekshirishganda, shakar solingan qahva foydali ekanligi ma’lum bo‘ldi. Magnit-rezonansli tomografiya (MRT) yordamida muntazam qahva ichuvchilarda miyaning operativ xotira va diqqat-e’tibor uchun mas’ul hududlarida neyronlar faollashganligi kuzatilgan.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, kofein va glyukozaning birlashishi aqliy qobiliyatni yaxshilaydi, insonning tetiklanishi va katta hajmli ma’lumotlarni eslab qolishida yordamlashadi. Shakarsiz qahva esa bunday samara bermaydi, faqat tetiklashtiradi, xolos. Albatta, har kim ta’biga ko‘ra iste’mol qiladi. Kimgadir shakarli qahva ma’qul kelsa, kimdir achchiq qora qahva ichib rohatlanadi.
Foydasi
Qahva madorsizlikda, nafas qisishida, bosh og‘rig‘ida, qon bosimi pasayganida tomirlar faoliyatini yaxshilaydi. Nafas yo‘llari mushaklarini bo‘shashtiradi, astmada nafasi qisgan bemorning ahvolini yengillashtiradi. Yog‘lar parchalanishiga va “yaxshi” xolesterin ishlab chiqarilishiga yordamlashadi, qon tarkibidagi “yomon” xolesterin miqdorini pasaytiradi. Qahva tarkibidagi metilpiridin moddasi organizmning o‘smalarga qarshi kurashish qobiliyatini kuchaytiradi. Angina yoki faringitda qaynoq qahvadan voz keching – u shusiz ham yallig‘langan tomoq shilliq qavatini shiladi. Bo‘yin osteoxondrozi va bosh og‘rig‘ida bo‘shashtiruvchi va og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Is gazi bilan zaharlanganda ziddi zahar vazifasini bajaradi.
Zarari
Ko‘p miqdorda qahva ichish tomirlar siqilib qolishi (spazm)ga sabab bo‘ladi. Shu tufayli qon bosimi oshadigan kishilar qahvani faqat ertalab, shunda ham juda suyuq holatda va sut solib ichganlari ma’qul (sut kofeinning ta’sirini qirqadi). Aritmiya (tomirlar beqaror urishi)da qahva ichishdan ehtiyot bo‘lish kerak, chunki u yurak ishi maromini buzishi mumkin. Oshqozon suyuqligi ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Gastrit va oshqozon suyuqligi oshishi oqibatida yuzaga kelgan yarada qahvani umuman ichmaslik, juda bo‘lmaganda, faqat ovqatdan keyin va sut solib ichish lozim. O’t-tosh kasalligi bilan og‘riganlar ham qahvadan ehtiyot bo‘lishlari lozim. Qahva o‘t suyuqligi chiqarilishini kuchaytiradi va o‘t yo‘llari tiqilib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Qalqonsimon bez faoliyatini susaytiradi. Gipo va gipertireoz kasalliklarida qahva ichish taqiqlanadi. Organizmdan temir va kaltsiyni yuvib chiqib ketadi. Ko‘p miqdorda qahva ichish suyaklar zichligini pasaytiradi, oqibatda osteoporoz yuzaga keladi. Glaukoma kasalligida qahva ichish qat’iyan taqiqlanadi (bu kasallikda ko‘zdagi qiltomirlarning ishi yomonlashadi). Haqiqiy “qahvaxo‘rlik” oxir-oqibatda asabiylikni, uyqusizlikni yuzaga keltiradi.
Fakt
Qahvada uyquni keltiruvchi xlorogen kislota aniqlangan. Shu tufayli ham 15 foiz odamlar qahva ichganda dastlab uyqu bosib yurishadi, keyin tetiklanishadi.
Darvoqe
Kofein alkaloidi asab va yurak-tomirlar tizimiga darhol ta’sir qilib, ta’siri 2 soatga cho‘ziladi.
Mutaxassis fikri
Eng avvalo shuni ta’kidlash kerakki, qahva miyaga xuddi alkogoldek ta’sir qiladi. Kam miqdorda ichilganda, qahva miyadagi qon aylanishini yaxshilab, kayfiyatni ko‘taradi, ko‘p ichilganda esa madorsizlik, yurakning tez urishi, tajanglikni yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, ruhiy kasalliklarda va turli fe’l-atvorli kishilarga turlicha ta’sir qiladi. Aytaylik, flegmatiklarga u tetiklanish uchun yordamlashsa, xoleriklarning tajovuzkorligini oshiradi. Shu bois qahva ichish borasida me’yorni unutmaslikni tavsiya qilamiz.
Samo tayyorladi.
|