Toshkentdagi bosmaxonalardan biri alvon rangli yurakcha surati aks etgan 10 dona tabriknoma (otkritka)ga buyurtma oldi. Uni tayyorlayotgan dizayner muhabbat izhori bitilgan tabriknomalarning hammasi har xil qizga atalganiga hayron bo`ldi. Ommaviy axborot vositalarining «sa`y-harakatlari» tufayli «Sevishganlar», «Avliyo Valentin» kuni deb e`lon qilingan bayramni «Zamonaviy» yigitcha shu tarzda nishonlashga qaror qilgan.
Hozirda O`zbekistonning ko`plab do`konlari, supermarketlarida yurakcha shakli aks etgan qandolat, poligrafiya mahsulotlarini, yumshoq o`yinchoqlarni, atirlarni, konfetlarni hattoki kanselyariya mollarini ham uchratish mumkin. Dunyoning biror xalqi urf-odatiga mansub bo`lmagan, na diniy, na madaniy an`analarimizga mos kelmaydigan bu bayramning o`ziga xos daromad manbaiga aylanganiga ancha bo`ldi.
Hammasi yigirmanchi asrning ikkinchi yarmida G`arbdagi savdo kompaniyalarining fevral oyida savdoning tushib ketishi munosabati bilan ularning «Avliyo Valentin» kuniga yurakcha shaklidagi turli sovg`alarni ishlab chiqarishidan boshlandi. Chunki fevral oyida birorta katta bayram yo`qligi uchun savdo kompaniyalari zarar ko`rdi. Shunda ommaga unchalik ma`lum bo`lmagan 14 fevralga to`g`ri keluvchi «Avliyo Valentin» kuni yodlariga tushdi. Ularning talqin qilishicha, bu «zot» barcha sevishganlarning «homiysi» emish… Mazkur bayramni reklama qiluvchi videoroliklar namoyishidan keyin esa «telba oshiqlar» savdo do`konlarida sotilayotgan yurakcha shaklidagi sovg`alarni sotib olish uchun shoshilishdi. Ularning birortasini na «Avliyo Valentin»ning kimligi, na mazkur bayramning kelib chiqish tarixi qiziqtirdi.
Mutaxassislarning ma`lumot berishicha, yurakcha timsolining yaratilishiga ellinistik madaniyatda katta ahamiyatga ega bo`lgan pechak o`simligining yaprog`i sabab bo`lgan. U qadimgi greklarning sarmast va musallas Xudosi bo`lmish Dionisning tashrif qog`ozi va «sabr uyi»ning ramzi vazifasini ham o`tagan.
Ba`zi bir taassublarning fikricha «Avliyo Valentin» nasroniylarning Rim imperiyasigacha bo`lgan davrda yashagan avliyosi hisoblanar va mazkur bayram uning sharafiga o`tkazilar emish. Ammo bu dalil — tarixda Valentin ismli avliyo haqiqatan ham yashaganligi o`z tasdig`ini topmagan. Olimlar va teologlarning fikricha, Valentin eramizdan ilgari birinchi asrda yashagan uchta bir xil ismli nasroniy avliyolarining yig`ma obrazidir. Mazkur avliyolarning har uchalasi ham nasroniy hisoblansa-da, ularning yig`ma obrazi bo`lgan, sevishganlarning homiysi hisoblangan Valentinni birorta nasroniy cherkovi tan olmaydi. O`zining real tarixiga ega bo`lmagan, o`ylab topilgan Valentin o`zi haqida to`qilgan afsonalarga umuman mos kelmaydi.
Yana bir taxminlarga ko`ra, qadimgi Rim majusiylarining Rim shahriga asos solgan aka-uka Rem va Romulni o`z suti bilan boqqan ona bo`rining sharafiga o`tkaziladigan bayramni yo`q qilish uchun «Avliyo Valentin» kunini cherkov o`ylab topgan. Ammo bu bayram faqatgina XIX asrga kelib, Buyuk Britaniyada ommalasha boshladi. Keyinchalik u AQShda ham bayram sifatida nishonlanadigan bo`ldi.
Ming afsuslar bo`lsinkim, ommaviy madaniyat vositalari yordamida «Avliyo Valentin» kuni butun dunyoga, shu jumladan O`zbekistonga ham kirib keldi. Bir paytning o`zida o`nta qizga sevgi izhor qilish bizning xalqimizga yotdir. Xalqimiz uchun oila muqaddas hisoblanadi. Yuqoridagi bayram esa bizning milliy qadriyatlarimizga umuman ziddir.
Ayni kunlarda dunyoning turli mamlakatlarida madaniyatimizga begona bo`lgan «Avliyo Valentin kuni» deb atalmish «Qo`lbola bayram»ga qarshi kurash ketmoqda. Masalan, Rossiyada ham ruhoniylar mazkur bayramga qarshi chiqqanligi tufayli u ilgarigidek keng nishonlanmayapti. «Sevishganlar kuni»ni bayram qilayotgan yoshlar bayram bahona turli spirtli ichimliklar iste`mol qilib, ko`ngilsiz hodisalar yuz bermoqda. Yangi «bayram»ni MDHning boshqa davlatlaridagi madaniyat va san`at arboblari, shuningdek diniy tashkilotlari ham qoralab, unga qarshi chiqmoqdalar.
Bunday soxta madaniyatga xos bo`lgan «bayram»lar o`sib kelayotgan yoshlarimizga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Xalqimiz mentalitetiga yot bo`lgan mazkur bayramdan o`sib kelayotgan yosh avlodni asrash bizning eng muhim vazifalarimizdan biridir.
Sodiq Adizov
|