Maydoni 21,2 ming km.kv. Aholisi 1 mln 205 ming kishidan ortiq (2013-yil 1-yanvar holati). Viloyatida 12 ta tuman, 6 ta shahar va 42 ta shaharcha mavjud.
Jizzax viloyati Mirzacho‘l iqtisodiy geografik rayonining janubi g‘arbida joylashgan. Viloyat hududi Sangzor daryosi hamda Janubiy Mirzacho‘l kanalining suvi bilan sug‘oriladi. Viloyat yer fondida obikor dehqonchilikka yaroqli, biroq hali o‘zlashtirilmagan yerlar ko‘p. Uning hududi shimol tomonga nishab bo‘lib, sun’iy sug‘orish qulay.
Viloyat hududidan ko‘p tarmoqli xo‘jalikka asos bo‘ladigan xilma-xil tabiiy boyliklar topilgan. Turkiston tizmasining shimoliy yonbag‘rida Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tashkil qilingan. Bu yerda tog‘ о‘simlik va hayvonot olamining rivojlanishi bo‘yicha tadqiqot olib boriladi. Ushbu so‘lim mintaqaga dam olish maskani – Zomin sanatoriyasi qurilgan.
Jizzax viloyatida O‘zbekiston milliy xalq bog‘i tashkil etilgan. Milliy bog‘ istirohat xizmatini o‘taydi hamda bog‘da sanoatning tabiiy muhitga ta’siri tadqiq etiladi. G‘allaorol hududida shifobaxsh suv, Baliqchi ko‘lida esa shifobaxsh balchiq ko‘p. Uchquloq konidan polimetall rudasi, Marjonbuloq konidan oltin olinmoqda. Oqtosh, Qoratosh va Uzun konlarida marmar qazib olinadi.
Viloyatda qish nisbatan sovuq bo‘ladi. Yog‘in nihoyatda kam (yiliga 200-400 mm) yog‘adi.
Aholisi. Jizzax viloyatida mamlakat aholisining 4 foizi jamlangan. Aholining deyarli yarmi shaharlarda yashaydi. Viloyat aholisining 81 foizidan ko‘prog‘ini о‘zbeklar tashkil etadi.
Sanoatning asosiy tarmoqlari: rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat.
Qishloq xo`jaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, donchilik, sabzavotchilik, bog`dorchilik, go`sht-sut chorvachiligi
Viloyat o‘zining yoqilg`i-energetika majmuasiga ega emas. Unga tabiiy gaz Buxoro viloyatidan, elektr quvvati esa Sirdaryo viloyatidan keltiriladi. Kon-qazib olish sanoati Qo‘ytoshda rivojlangan. Shimoliy Nurota tog‘larida volfram-molibden konlari ishlab turibdi. Qazib olinayotgan rudalar Chirchiqdagi qiyin eriydigan va issiqqa chidamli qotishmalar kombinatining asosiy xomashyosidir. Jizzaxda «O‘zbekqishmash» zavodining bo‘limi, Jizzax Akkumulator zavodi, trikotaj fabrikasi, polietilen ishlab chiqaruvchi va qurilish materiallari zavodlari bor.
Baxmalda gilam to‘qish fabrikasi barpo etilmoqda. Xorijiy firmalar bilan 20 ga yaqin qo‘shma korxonalar tashkil topgan. Sanoat mahsulotining asosiy qismi yengil sanoatda hosil qilinmoqda.
Qishloq xo‘jaligi. Viloyat hududida qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan 1,2 mln gektar yer bor. Buning 1/3 qismidan dehqonchilikda foydalanilmoqda. Viloyatda paxta bilan birga g`allakorlik ham katta salmoqqa ega. G`alla maydonining kattaligi jihatdan Jizzax viloyati mamlakatimizda oldingi o`rinda turadi. Mustaqillikdan oldin 210 ming tonna paxta, 80 ming tonna g`alla yetisshtirilgan bo`lsa, endilikda paxtani 255 ming, g`allani 420 ming tonnage yetkazish imkoniyati yaratildi.
Viloyatda yaylov chorvachiligi, g‘allakor tumanlarda parrandachilik keng rivojlangan. Jizzaxda qorabayir zotli ot yetishtiradigan maxsus ot zavodi bor. Jizzax temiryo‘l, avtomobil yo‘llari bilan yaxshi ta’minlangan. So‘nggi vaqtlarda havo transporti ham yo‘lga qo‘yildi. Ishlab chiqarish xususiyatlariga muvofiq avtomobil yo‘llari qurilishiga alohida ahamiyat berilmoqda.
Shaharlari. Jizzax shahri viloyatning ma’muriy markazidir, uning aholisi 141 ming kishini tashkil etadi. U dengiz sathidan 450 m balandda, Sangzor daryosi bo‘yida qad ko‘targan. Toshkent-Samarqand temiryo‘li va Katta 0‘zbek trakti shahar yaqinidan o‘tadi.
Jizzaxda XX asr boshida tegirmon, juvozkashlik, temirchilik va kulolchilik korxonalari bo‘lgan. Endilikda shaharda oziq-ovqat, yengil hamda kimyo va mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Jizzax-obod, ko‘kalamzor shahar. Aerovokzal, Jizzax Davlat Pedagogika instituti, Jizzax politexnika instituti, bir qancha kasb-hunar kollejlari, ko‘plab maktablar faoliyat yuritmoqda.
|