Payg‘ambarmiz sallollohu alayhi va salom:
Bir kuni sahobalari bilan masjidda o‘tirib aytibdilarki.
«Ey ashoblar, besh vaqt namozni hamisha jamoat bilan o‘qinglar. Chunki bir namozning bir takbirini jamoat bilan topgan mo‘‘minning savobi bir toshning vazniga barobar tilloni sadaqa qilganni savobidan ziyodaroq bo‘ladi.
Har kimiki har vaqt namozni jamoat bilan o‘qisa, uning savobi ming dona otni, Alloh taoloning yo‘lida sadaqa qilganning savobidan afzaldur.
Va har kim doimo barcha namozlarini jamoat bilan o‘qib yursa, umri mobaynida tarki jamoat qilmay vafot etsa unday kishiga hargiz qabr azobi va qiyomatning shiddatli dahshat vahimasi bo‘lmaydi.
Har bir mo‘min kishi masjidni va jamoatni o‘zimga do‘st tutsa, Alloh taolo bu bandasini o‘ziga do‘st tutadi va umrining ohiri jon berar chog‘ida unga Azroil alayhissalomni payg‘ambarlarga yuborgani kabi muloyimlik bilan yuboradi. Jon bermoqlik azobini hargiz bilmaydi va uni qabrida yotar joyini jannat tarafiga ikki eshik ochib qo‘yadi.
Bunday mo‘min kishi tiriklik chog‘idan to jannatdagi o‘zining borar manzil makonini ko‘rmaguncha va jannat anhorining suvidan ichib va mevalaridan yemagunicha jon bermas, chunki farishtalar jan-natning mevasi va kavsar suvidan olib kelib jon berar vaqtida og‘ziga tomizib turadi va uning ta’siridan bu kishi mast bo‘lub, qandoq jon berganini bilmay qoladi.
Va har kimiki namozni jamoat bilan o‘qimoqni o‘ziga doimo odat qilsa, bu kishining har bir kunlik o‘qigan namozining savobiga, Alloh taolo jannatda bir shahar paydo qilurki, hammasi oq durdan bino bo‘lib va uning oxir umri jon bermoq vaqtida go‘yoki siddiqlarning va payg‘ambarlarning jon bermoqlaridek oson bo‘ladi.
Qiyomat kuni qabrdan turar vaqtida shahidlar qatorida turadi va mahshargohda Arshning soyasiga borib, payg‘ambarlar bilan bir jamoatda turadi.
Qiyomat kuni bunday kishining yuzi o‘n to‘rt kechalik to‘lin oydek yorug‘ va ravshan bo‘ladi.”
“Ey ashoblarim, sizlarga lozim bo‘ladiki, har vaqt namozni jamoat bilan o‘qimog‘ingiz, chunki har kim jamoatga kelib namozning bir takbiriga yetsa, uning savobi go‘yo payg‘ambarlar bilan hamroh bo‘lib, g‘azot qilganni mislicha savobiga nasibador bo‘ladi”
Ha darvoqea Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam bizlarga nimani ta’lim bergan bo‘lsa buning barchasi Alloh subhanahu va taoloning biz bandalariga bergan va berajak ne’matlarining xabaridir.
Chunki masjidda jamoat bilan o‘qigan namozning savobi uyda yolg‘iz o‘qigan namozdan 27 daraja ulug‘ligi va yana juma o‘qiladigan masjidlarda o‘qilgan namozning savobi, juma o‘qilmaydigan kichik masjidlardan 700 barobargacha ulug‘ ekanligi ma’lumdir.
Shuning uchun har bir mo‘min kishi namozini albatta masjidlarda jamoat bilan o‘qishga intilmog‘i va shoshilmog‘i kerakdir.
Barchalarimizni jamoat namoziga shoshilib unga yetmog‘imizni va uning misliga berilgan ajru mukofotdan sazovar qilib, jannatga osongina kirib olishga nasib aylasin. Omin.
A. Sulaymonov
Marhamat tumani faoliyatidagi
“Marhamat” jome’ amsjidi imom-xatibi
M. Shojalilov
Sayyid Avlod Nasliy
|