Umrim bino bo`libdiki, folga ishonmaganman. «Fol» so`zini teskari o`qing, qanchalik qo`shib gapirishlarini tushunasiz-qo`yasiz. Xotinim esa qaerda biror folbinni eshitsa, borib fol ochtirib keladi. Bora-bora uning hayotida fol uchun mavzuning o`zi qolmadi. Bir kuni mo`ylovli folbin ayol: «Iltimos, hayotingizda biror voqea bo`lmaguncha, bir oycha kelmay turing, kelinjon» desa ham, sabri chidamay uch kundan so`ng lo`killab boribdi. Qattiqroq yo`talgandim. «Erim kecha yo`taldi, shunga fol oching», demoqchi bo`lgan-da. Bilasiz, folbin zotiga ma`lumotlarni jinlari etkazib turadi. Jinlar xotinimni uzoqdan tanib, «Ie, anavi befarosat yana kelayapti! Bir haftadan keyin o`lasan devoraylik! Balki shu bilan qutularmiz!», deyishibdi…
Ishdan qaytsam, xotin to`shakda yotibdi. «Kunim bitdi, dadasi! Niyatingizga etib, boshqa xotin olasiz-ov!» deb diydiyo qildi. Men ham soddaman-da. «Xotinim o`lsa, kimga uylansam ekan?» deb o`ylashga tushib ketibman.
– Folbin aytdi, bir haftadan keyin o`larkanman! Bu kishimning xayol surishini! – deb ho`ngrab yig`ladi. «Tez yordam» chaqirdim. Do`xtir yigit tekshirdi. Isitmasi yo`q, qon bosimi me`yorda, ko`zlari ham joyida. Dardning «d» harfi ham yo`q.
– Shifoxonada, do`xtirlarning ko`z o`ngida bo`lib turaman, – dedi xotin shunda ham ko`ngli joyiga tushmay. – Folning muddati tugasin, keyin hech narsadan qo`rqmayman.
Menga ham shu kerak edi. «Yotsa yota qolsin, qulog`im tinchiydi», dedim o`zimcha. Biroq ertasiga o`ylanib qoldim. La`nati folbinlarning bashorati rost chiqsa-ya! Sho`rim qurib qoladi-ku, deb shifoxonaga chopdim. Xotinim bilan tirikligida vidolashib qolay, dedim-da.
– Kaftingizni tuting, akovsi, sizga fol keldi! – dedi yo`lda bir lo`li xotin.
Qo`limni tutgandim, kaftimning chiziqlariga qarab dedi:
– «Dushanba kuni yoringiz sizni tark etadi. Seshanba siz uchun omadli kun. Chorshanba kuni qabristonga bormang. Payshanbada sevgan insoningizni uchratasiz. Juma kuni xushxabar eshitasiz! Xotiningiz qo`chqordek o`g`il tug`adi! Endi xizmat haqimga bankka boradigan yo`lni ko`rsatib yuboring, akovsi, pullarimni «konvertasiya» qilishim kerak.
Birovning kaftidagi chiziqdan kelajagini biladigan, ammo yo`l chetidagi belgilarga qarab uch yuz qadam naridagi bankni topolmaydigan folbin hayotimda qanday voqealar ro`y berishini shu tariqa bashorat qilgan edi. Lo`liga ishonsam, dushanba kuni xotinim qulasa, seshanba kuni omadim chopadi, chorshanba arvoh quvlamasligi uchun qabriston yonidan taksida o`taman. Eng qizig`i, payshanba kuni bittasini uchratsam, ertasiga u bolalaydi.
«Yo alhazar! Ne kunlarga qoldim!» deb shifoxonaga etgan edimki, miyamga dahshatli o`y urildi. «To`xta! – dedim o`zimga. – Kelgusidagi hayotingni juma kunigacha bilding. Shanba va yakshanba-chi?»
Taksi to`xtatib, mo`ylovli folbin xotinnikiga olib borishni buyurdim. Folbin: «Baxtingdan ochaymi, taxtingdan?» degandi, «Yaxshisi, shanba-yakshanba kunidan ocha qoling», dedim. «Ko`zimga chaqaloq ko`rinayapti, shanba kuni ertalab tug`iladi…» deya folni boshlagan edi, «He, yo`q, ikkinchi xotinim juma kuni tug`adi, shanba kuni yana tug`ib, tovuq emas-ku!» deb achchiqlandim. «U holda birinchi xotiningiz tug`ar balki?» dedi folbin ham jahllanib. «Qo`ysangiz-chi, mo`ylovli opa, birinchi xotinim dushanba kuni o`ladi-ku! Yakshanba kuniga qarang-chi, nima voqea bo`larkan?»
Folbinning jinlari meni ham tanib qoldi. «Bu er-xotindan qutulmas ekanmiz-da» deb arizalarini yozib, folbindan bo`shab, Ko`hi Qofga, qarilik gashtini surishga jo`nab ketishdi. Jinsiz qolgan folbin ko`zlarini ola-kula qilib shivirladi:
– Uka, yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botadi, ehtiyot bo`ling, xo`pmi?
Shifoxonaga shamoldek uchdim. Xotinim bilan yig`lab ko`rishib, folchilarning bashoratlarini so`zlab berdim.
– Boshingga fol etdi, xotin! – dedim ko`z yoshlarimni tiyolmay. – Folsiz tinchgina yashab yurgandik-ku! Endi payshanba kuni uylanib, juma kuni farzandli bo`laman. Bu ham etmagandek yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botarmish! Senga shu kerakmidi, xotin?! Alvido! Sendan roziman!
Xotinim karavotidan sakrab tushib, gapira ketdi.
– Dadasi, shularga ham ishondingizmi? Mana, men tirikman-ku! Folchilarga ishonmay men o`lay!
Folchilar bashorat qilgan hafta qurbonsiz, tinch o`tdi. Hafta oxirida faqat bitta fol haqiqatga aylandi: yakshanba kuni ertalab quyosh chiqib, kechqurun botdi.
Aziziy
|