Qiz bola palaxmon toshi degan gap bejiz aytilmagan. Kelin bo`lib ota uyini tark etayotgan qizni «borgan joyingda toshdek qotgin», deb ham duo qilishadi momolarimiz. O`ylab qolasan, kishi, nega aynan tosh? Buni chiroyliroq qiyosga almashtirish ham mumkin edi-ku?! Javob topishga uringaningda turfa taxminlar, mulohazalarga duch kelasan. Ehtimol bu yangi xonadonga moslashish, yangi oila a`zolari ko`ngliga yo`l topish uchun toshdek og`ir-vazmin bo`lish kerak, deganimikan?.. Xullas, palaxmon toshi otildi. Qiz o`zga xonadonga kelin bo`lib tushdi. Endi u turmush o`rtog`ining oila a`zolari va qarindosh-urug`lari ko`ngliga yo`l topa olishi kerak. Aks holda…
Oltin qoidalar
Qaynota, ayniqsa, qaynonasidan, qaynopayu qaynsingillaridan noliydiganlarni ko`p uchratamiz. Ular bilan til topisha olmaslikning esa ikki asosiy natijasi bor. Yaxshisi — ular bilan yaxshi munosabat o`rnata olsangiz, ahil oilaga ega bo`lasiz. Yomoni — eringizning yaqinlari bilan o`rtangizdagi salbiy munosabat o`z oilangizning ham buzilishiga sabab bo`lishi hech gap emas. Xullas, qaynota-qaynonangiz bilan bir tom ostida yashaysizmi, alohidami, ular bilan munosabatlarda muayyan qoidalarga amal qilganingiz foydadan xoli bo`lmaydi.
1. Qaynonangizdan tez-tez maslahat so`rab turing. Qaynonangiz buni e`tiborliligingizga yo`yib, xursand bo`ladi. Agar biror gapi sizga yoqmayotgan bo`lsa, rad etishga shoshilmang. Bosiqlik va hurmat bilan o`z variantingizni ham taklif qilib ko`ring.
2. Bardoshli bo`ling. Bu qoida har bir ishda, hatto, eng mayda ishda ham qaynota-qaynonasining maslahatlar beraverish odati borlarga tegishli. Ayniqsa, gap farzandingiz salomatligi borasida ketayotgan bo`lsa, buva va buvisining ko`rsatmalarini qat`iy rad etmang. Axir ular nima bo`lganda ham, yaxshilik istashadi. Hatto, maslahatlar haddan ortib ketayotgani sizga yoqmayotgan bo`lsa ham buni ularga bildirishingiz shart emas. Shunchaki vazminlik bilan qaror qabul qiling.
3. Qaynonangizning har qanday sovg`asini qabul qiling. Agar ular orasida sizga yoqmaganlari bo`lsa ham javoningizning bir burchagiga tashlab qo`ymasdan, hech bo`lmasa, qaynonangiz oldida foydalansangiz, sizdan xursand bo`ladi.
4. Har bir bayramda tabriklashni unutmang. Yangi xonadonga kelin bo`lib tushgach, har bir tug`ilgan kun va boshqa bayramona sanalarni aniqlab, o`zingiz uchun belgilab qo`ying. Bu borada turmush o`rtog`ingizga suyanmasangiz ham bo`ladi. Erkaklar bunday «mayda-chuyda»larni har doim ham eslab qolavermaydi. Aksincha, unga otasi yoki onasining tug`ilgan kuni ekanini o`zingiz eslatib turishingizga to`g`ri keladi.
5. Farzandlaringizni buva-buvisiga mehrli qilib tarbiyalang. Ular uyingizga mehmon bo`lib kelishsa, xursand bo`ling. Bolalarga buvajonisi va buvijonisi olib kelgan o`yinchoqlarni maqtang, qo`ng`iroq qilib, bolalaringizni qaynota-qaynonangiz bilan gaplashtiring. Axir hammadan ham bu aynan farzandlaringiz uchun kerak! Ular nafaqat ota-onaga, shuningdek, sevimli buva va buviga ham muhtoj. Bola atrofida mehrli va mustahkam oila muhitini yaratish aynan sizning qo`lingizda.
Ayrim «mumkin emas»lar
- Birinchidan, har qanday vaziyatda ham turmush o`rtog`ingiz yonida uning yaqinlarini, ayniqsa, onasini yomonlab gapirmang. Unga onasi bilan gap talashib qolganingiz tafsilotlarini so`zlab berishga shoshilmang. Qaynonangizning bu tortishuvdagi noto`g`ri xatti-harakat va gap-so`zlarini izohlashga urinmang. Vazmin bo`ling!
- Ikkinchidan, turmush o`rtog`ingiz ikki o`t orasida qolib ketadigan vaziyatni yuzaga keltirmaslikka harakat qiling. Unga yaqinlari bilan o`rtangizdagi ziddiyatlardan shikoyat qilish o`rniga muammoni mustaqil hal qilishga urining. Hech ilojini topolmasangiz, turmush o`rtog`ingizni muammoning amaliy echimini topish uchun jalb qilishingiz mumkin.
- Va nihoyat, agar uning oilasi bir-birini ma`qullamaydigan ikki guruhga bo`lingan bo`lsa, hech bo`lmasa bir tomonning hurmatini qozonish uchun ulardan biriga yon bosmang. Betaraflikka rioya qilib, hamma bilan bir xil munosabatda bo`lishga urining. Shunda fitnachi, janjalkash kabi nomga ega bo`lmaysiz.
Xulosa
Turmush o`rtog`ingiz va uning yaqinlari bilan munosabatda bir umumiy qoidaga amal qiling. Bu ham bo`lsa, samimiylik. To`g`ri, hammadan ko`ra turmush o`rtog`ingiz bilan bir-biringizni tushunish osonroq kechadi. Axir o`rtada muhabbat bor! Umuman, yangi oila a`zolari bilan til topishish o`zaro hurmat asosida qurilishi lozim. Bu hurmatga erishish uchun esa, avvalo, o`zingizni hurmatga arziydigan tarzda tutsangiz kifoya.
|