«Seni hurmat qilmaydigan inson bilan yashash og`ir va murakkab. Ayniqsa, o`sha inson o`zing bo`lsang». Ruhshunosimiz Nargiz SATTOROVA ayolning oiladagi qadri mavzusida so`zni aynan shu ibora bilan boshladi. Maqolamizni o`qisangiz, bu iboraning mag`zini chaqib olasiz, albatta.
1-murojaat:
— Erim meni umuman hurmat qilmaydi. Doim yolg`on gapiradi. Men ham undan mehr kutaman, shirinso`z eshitgim keladi. O`n ikki yil sabr qildim, ammo biror o`zgarish yo`q. «Sen xizmatkorsan!» deydi nuqul. Odam ham o`z umr yo`ldoshiga shunaqa muomala qilishi mumkinmi, ayting?
Mohira
2-murojaat:
— Bundan besh yil oldin sovchilar orqali turmush qurganmiz. Ikki farzandimiz bor. Erim o`zini juda yaxshi ko`radi. Kasal bo`lsam, yoqmayman, ish qilsam, yaxshi gapiradi, xolos.
Qaynakam ham uylandi. Sevib oila qurgani uchunmi, juda ayoliga mehribon. Mana, bir yil yashamay, alohida uy qilib ko`chib ketishdi. Onasini ham o`ylab o`tirgani yo`q. Men esa xizmatlarini qilsam ham, qadr topmadim. Bir hafta oldin oyog`imga temir tushib ketdi. Shifokorga olib borish erimning ham, qaynonamning ham parvoyiga kelmadi. Keyin ota uyimga ketdim. Endi davolanayapman. Ular esa kelib xabar olish tugul qo`ng`iroq ham qilib qo`yishmadi. Ovsinimni hech kim bunday xo`rlamaydi.
To`g`risi, turmush o`rtog`imni yaxshi ko`raman. U esa rashk qilishimni bilib o`ziga qarab, kiyinib ko`chaga chiqib ketadi. Aniq uning hayotida kimdir bor. Menga doim qo`polsan, deydi. Erkalanib gapirish qo`limdan kelmaydi. Qanday qilib erimga ozgina qadrimni bildirib qo`ysam bo`ladi?
Safura
Ayb kimda?
Ayolini qadrlamayotgan erkakda emas, o`zini qadrlamaydigan ayolda. Chunki:
Agar inson o`zini yaxshi ko`rmasa, uni atrofdagilar yaxshi ko`rmaydi.
Agar inson o`zini hurmat qilmasa, atrofdagilar uni hurmat qilmaydi.
Agar inson o`z bahosini bilmasa, atrofdagilar uni qadrlamaydi.
Bilasizmi, ruhshunosga qabuliga keladigan yoki tahririyatga dardini aytib qo`ng`iroq qiladiganlarning muammosi har xil, ammo hammasining negizida insonning o`ziga bo`lgan bahosining pastligi yotadi. Biz bu borada sizga bir qancha psixologik mashqlarni tavsiya etamiz. Ular o`z ustingizda ishlashingizga yordam beradi degan umiddamiz.
Qo`lingizga qog`oz va ruchka oling:
Bahongiz qancha? Tasavvur qiling, siz o`qituvchisiz. Qo`lingizda hayotiy kundalik. Xo`sh, o`zngizga necha baho qo`yardingiz? Odatda aksariyat ayollar ikkilanib qoladi. Ba`zilar esa «Bebahoman», deyishadi. Bebaho degani bahosi yo`q deganimi? Demak — «O». Aniq raqam bilan ko`rsatib o`zingizni necha bahoga baholashingizni yozing.
Yutuqlaringizni sanang. Xo`sh, sizning qanday yutuqlaringiz bor? «Oliy ma`lumotliman, oilaliman, bolalarim bor» bilan cheklanib qolmang. Dunyoga kelganingiz mo``jizamasmi? Ota-onangiz bag`rida ulg`ayganingiz-chi? Bog`cha, maktabga borganingiz-chi? Maktabda faxriy yorliqlar olgandirsiz? Qo`lingizdan keladigan ishlarni sanang? Chevarmisiz, pazandami yoki? Unutmang, siz betakrorsiz! Xuddi sizdek inson, sizdek qosh-ko`zli, orzu-havasli boshqa odam er yuzida yo`q, bo`lmagan ham, bo`lmaydi ham.
Maqsadlaringiz qanaqa? Bu savolga ham ko`pincha «Erim bilan qo`sha qarish, bolalarning rohatini ko`rish» kabi umumiy javoblarni aytib qo`ya qolishadi. Yo`q, aniq maqsadlaringizni yozing. Nima kutayapsiz hayotdan? Nimalarga da`vogarsiz? Eringizdan nima istaysiz? Hammasini aniq qilib yozing.
Endigi qadam, o`zimizga bo`lgan bahomizni aniqlashtirish. Yutuqlaringiz maqsadalaringizga mosmi?
Agar yutuqlaringiz soni maqsadlaringizga nisbatan juda kam bo`lsa, demak, o`zingizga bo`lgan bahongiz ham past. Ya`ni oldingizda baland minora, siz esa uning ostonasidamassiz ham. Harakat ham qilmaysiz. Chunki bir gap ong ostingizga o`rnashib qolgan: «Mening qo`limdan kelmaydi!» Harakat qilgan taqdiringizda ham bir-ikki qadam tashlagach, omadsizlikka uchrasangiz, «Eplay olmasligimni bilgandim», deya o`zingizga bo`lgan ishonchingizni battar so`ndirasiz. Shuning uchun ham «O`n ikki yil sabr bilan xizmatini qilsam ham», «Ikki bola tug`ib bersam ham», deya nadomat chekayapsiz. Sabrli ekanligingizni, farzand dunyoga keltirganingizni yutuq deb sanamaysiz-da. Ularni faqat minnat ohangida tilingizga chiqarasiz.
Yutuqlar etarli bo`lsa-yu, ammo kishining oldiga qo`ygan maqsadlari sariq chaqaga ham arzimasa, demak, o`ziga bo`lgan bahosi juda yuqori. Bu yaxshi degani emas. Bunday toifa kishilar xudbin, manman bo`lishadi.
Yutuqlar va maqsadlar hamohangligida esa insonning o`ziga bo`lgan bahosi ham me`yorda bo`ladi. Ya`ni mushtariylarimiz misolida tushuntiradigan bo`lsak, maqsadingiz eringizning hurmatini qozonish ekan, xo`sh, buning uchun o`z yutuqlaringizni bilasizmi? Ularni bilmaganingiz, aslingizni tanimaganingiz uchun ham o`zingizga bo`lgan bahongiz past. Shuning uchun turmush o`rtog`ingiz ham sizga yuqoridan nazar tashlaydi. Yana «Ozgina qadrimga etsin», debsiz? Ozgina qancha? Bu nima degani? Ahvolingiz og`irlashganda shifoxonaga olib borishimi? Kelmasa ham, qo`ng`iroq qilib holingizni so`rashimi? Yo`q, niyatni butun qiling. Qadrning oz-ko`pi bo`lmaydi.
Markazga intilamiz!
Bu ayollarning o`ziga bo`lgan bahosini atrofdagilar belgilaydi: eri, qaynonasi, ovsini, qo`ni-qo`shnisi. Ularning oiladagi, jamiyatdagi o`rnini boshqalar hal qiladi. Aslida esa har bir inson o`zi belgilashi lozim bularni. Kishining o`ziga bo`lgan ishonchi boshqalarga bog`liq bo`lmasligi kerak. Bo`lmasa, shirinso`z kutib, bir umr mung`ayib o`tib ketasiz yoki kimningdir bitta gapidan o`zingizni erga urasiz.
Muhabbatning tili
Siz eringizning muhabbatini quyidagi qaysi omil bilan o`lchaysiz? Quyidagi beshtasidan qay biri siz uchun birinchi o`rinda?
1. Shirinso`zlar, dil izhorlari.
2. Tana. Ayrimlar turmush o`rtog`i uni bag`riga bosishidan muhabbatni his etadi.
3. Hatti-harakatlar. «Isitmam chiqqandi, erim men uchun dorixonaga borib keldi!», «Dadasi men uchun oshxonani qulay qilib berdi!» Ya`ni juftining yordam qo`lini cho`zishi, qo`llab-quvvatlashidan uning sevishini anglatadi.
4. Birga o`tkazilgan vaqt. Ba`zi juftliklar uchun sevgi doim, har nafasda yonma-yon bo`lish degani. Birga kino tomosha qilish, birga bozorga borish kabilar.
5. E`tibor: sovg`alar, kutilmagan takliflar.
Xo`sh, siz shirinso`zlar kutayapsizmi? Umr yo`ldoshingiz-chi? Balkim u uchun so`zlar birinchi o`rinda turmas. Yoki ikkinchi mushtariymizning eri qo`pollikda ayblarkan. Ayol esa erkalanib gapira olmayman, deyapti. Turmush o`rtog`i kamchiligini aytib tursa ham, to`g`irlashga urinmayapti. Go`yoki iymanayapti. Lekin g`amxo`rlik qilmasligi, e`tibor bermasligidan noliyapti. Unutmang, munosabatlarda doim salomga yarasha alik olinadi. Siz juftingizning xohishlarini qondirmas ekansiz, u ham siz istagan mehrni baxsh etmaydi.
O`zimizni sevishni o`rganamiz!
- Yutuqlarimizni yozib chiqamiz! 50 tadan kam bo`lmasligi shart!
- Maqsadalarimizni aniqlashtirib olamiz!
- Erimizni emas, o`zimizni o`zgartirishga kirishamiz! Buning uchun:
A. Ko`zguga qarab, ko`zlaringizga tik boqib, o`zingizga shirinso`zlarni ayting. Chiroyli ekanligingiz va yana boshqa yutuqlaringizni sanang. Birinchi kun hech bo`lmasa 1 daqiqa shu mashqni bajaring.
B. Tanangizga e`tibor qarating. Parvarishlang, massaj qiling, davolanishingiz kerak bo`lsa, muolajani ortga surmang. Qaddingizni tik tutib yuring! Shunda atrofdagilarning munosabati o`zgaradi. Bukchaygan odam ezilishga, sinashga tayyor bo`ladi doim.
V. O`zingiz uchun nimadir qiling. Masalan, yaxshi ko`rgan tortingizni pishiring. Hech bo`lmasa, tuman/shahar markazidagi xiyobonga borib aylanib keling. Biror kursga yoziling.
G. O`zingiz bilan yolg`iz qolib gaplashing. Ko`ngilingizga quloq tuting. Savollaringizga javob bering.
D. O`zingizga kichik bo`lsa-da, nimadir sovg`a qiling.
- Boshqalar bilan o`zingizni solishtirmang, ulardan o`rnak oling. Masalan, ovsiningizdan. Xo`sh, nega uni eri hurmat qiladi, sevib uylangani uchunmi faqat? Yoki o`zini yaxshi ko`rgani uchunmi? Qaynonangiz nega ikki xil munosabat qiladi: uni xo`rlamaydi, sizni esa pisand qilmaydi? Ovsiningizni yomonmas, u o`ziga nima kerakligini va yaxshi munosabatga arzishini biladi. Siz ham shunday bo`ling. Umuman o`ziga ishongan ayollarning etagini tuting.
- O`z ustingizda ishlang. Yangi qirralaringizni kashf qiling. «Xizmatini qilaman-ku, bolalarining onasiman-ku», demang. Eringiz uchun qiziqarli va sirli bo`ling. Faqat tashqi ko`rinishingiz emas, ichki dunyongiz ham uni ohangrabodek tortsin. Buning uchun dunyoqarashni kengaytirish kerak. Aql, qalb va tana uyg`unligiga erishishingiz lozim. Ya`ni farosatli, muomalani qoyillatadigan, qalbi xotirjam, behuda rashkka berilmaydigan, tanasi sog`lom va chiroyli bo`lishingiz kerak. Shunda ancha yosh va jozibali ko`rinasiz.
- Aybdorlik hissidan xalos bo`ling. «Men yaxshi gapira olmayman», «To`lishib ketganman» deya hadeb o`zingizni tanqid qilmang.
- Qasdma-qasd ish qilmang. Erning pulini sovurib, uydan ketib qolib, yo o`zbilarmonlik qilib, muammoni yanada kattalashtirmang.
- Kitob o`qing, izlaning, mutaxassis bilan ishlab, o`zingizga mos yo`lni tanlang.
Yodda tuting
Erkak o`zini juda past baholaydigan, uni yo`qotib qo`yishdan qo`rqadigan ayolning yonida baxtni his qilolmaydi. Erkakka tashqi ko`rinish muhimmas, unga nozik jins vakilining yonidagi holat ahamiyatli. Ya`ni siz o`ziga ishongan, oyog`ida mustahkam turadigan, o`zini a`loga baholaydigan ayol bo`ling, toki u yoningizda o`zini zo`rligini anglasin va boshqalarga ehtiyoji qolmasin.
MUXLISA
|