O‘z farzandini sevish, har qanday xavf-xatardan himoya qilish va uni doimo xursand qilish istagi – bu onalik va otalik tuyg‘ularining tabiiy ravishda namoyon bo‘lishi.
Ko‘pincha bu tuyg‘uning me’yoridan oshishi va xavfli chegaradan chiqishi oqibatida bola yaqinlarining ojizligidan foydalanib o‘z aytganidan qolmaydigan kichkina zolim hukmdorga aylanadi.
Mustaqil bo‘lishga o‘rgatish
Ba’zi ota-onalar bola tug‘ilgandan boshlab boshqa ishlarini butunlay unutib kecha-yu kunduz atrofida parvona bo‘lishadi. Ular bolaning o‘zi bemalol o‘ynab o‘tirgan bo‘lsa ham hamma o‘yinlariga qo‘shilib ketaverishadi. Ota-onaning bunday muomalasi bolada e’tibortalablikning shakllanishiga olib keladi va bola ota-ona ishtirokisiz nima qilishni bilmay qoladi. Bu ahvol yuz bermasligi uchun bolaga mustaqilligini namoyon qilishga imkoniyat berish zarur va bir o‘zi biror narsa bilan band bo‘lsa, chalg‘itmaslik lozim.
Do‘konda bolaga “yo‘q” deyish
Ko‘pchilik ota-onalar bolaning do‘kondagi ichimlik yoki muzqaymoq va shunga o‘xshash shirinliklarni olib berishni so‘rab yolvoruvchi qarashlariga chiday olmaydi. Shuni esdan chiqarmangki, tantiqlik bolaga yo‘q deya olmaslik oqibatida paydo bo‘ladi. Bolaga shirinlikning zarari to‘g‘risida aytib o‘tirmasdan, yoningizdagi pul faqat oziq-ovqat mahsulotlariga yetishini va u xohlagan narsalarga yetmasligini tushuntiring.
Bolani boadablikka o‘rgatish
Bola ota-onasidan yoki uydagilardan biror narsani olishda hech qachon buyruq ohangida murojaat qilmasligi lozim. Bolaning “sehrli so‘z” — rahmat va iltimos nima ekanligini tushunishi juda muhim.
|