Kunduzi hal etilmagan tashvishlar, qo`rquv, iztirob, kechga yaqin to`yib ovqatlanish, surunkali kasalliklar, tetiklashtiruvchi ichimliklar (choy, qahva, kola) ichish, kompyuter va televizor oldida ko`p o`tirish tiniqib uxlashga yo`l qo`ymaydi. Oqibatda, ertalabdan behol, charchagan va kunbo`yi qo`lingiz ishga bormaydigan holatga tushasiz. Bunday bo`lmasligi uchun, avvalo, kun tartibiga rioya qilish, uyqudan oldin asabiylashmay, murosa, sabr va shukrona hislarini qalbda jamlash kerak. Bu borada shifokor-terapevt Abduhalil BANNAEV tavsiyalariga quloq tutamiz.
- Kaftingiz orasida archa g`uddasini 5 daqiqa uqalang, tinchlanib, tez uxlaysiz.
- Yarim bog` shivit ko`katini mayda to`g`rab, ustiga bir piyola qaynoq suv quyib damlang. Mazkur damlamani bir hafta davomida, yarim piyoladan, uyqudan bir soat oldin ichib borsangiz oromsizlikdan halos bo`lasiz.
- Bir bo`lak pishloq, bir hovuch arab xurmosi, banan yoki bir piyola asal solingan sut odamga tinchlantiruvchi ta`sir ko`rsatib, uyquga chorlaydi.
- Ikki chimdimdan zira, ko`k choy va mandarin po`stlog`idan olib, ustiga 1 piyola qaynoq suv quying-da, bir soatga damlab qo`ying. Damlama kechga yaqin, uyqudan 1 soat oldin bir piyoladan ichiladi.
Bilasizmi:
Uyga kelgach, kiyim almashtirib, noxush kayfiyat, muammolar ishda qolganini o`zingizga uqtiring. Bu yog`i oilaviy hordiq, sokinlik va shirin uyqu!
- Uyqusizlik qiynasa, pastroq yostiqqa yuztuban yotib, boshingizni chap tomonga buring, tez uxlab qolasiz.
- Tushlik payti tuzlangan bodring, qora non, qatiqli salat eyish kechga borib, tananing bo`shashishi va orom olishiga yordam beradi.
- Tuzlangan karam yoki bodring suviga bir choy qoshiq asal qo`shib, yotishdan oldin ichish ham yordam beradi.
- Uyqudan oldin ikkala qo`lning bosh barmoqlari yordamida boshning ensa qismini yuqoridan pastga 5 daqiqa davomida engil uqalang, darrov uxlab qolasiz.
- Ertalabgacha ko`zingiz ilinmayotgan bo`lsa, lavr va atirgul yaproqlari solingan yostiqcha xarid qiling. Bunday maxsus yostiqchalar tanani bo`shashtirish xususiyatiga ega bo`lib, orom olishingizga ko`maklashadi.
- Peshonaga qatiq chaplab yotish yoki karam bargini qo`yib uxlash ham uyqu chaqiradi.
- Turmush o`rtog`ingiz tamaki chekishni tashladi-yu, uyqusizlikka chalindimi? Unda 2-3 kun choy va suv o`rniga moychechak gulidan damlab ichkazing, organizm qaramlikdan tez qutulib, uyqusi yaxshilanadi.
- Erqalampir ko`katini mayda qirg`ichdan o`tkazib, ikki qavat dokaga o`rang-da, oyoq to`pig`iga bog`lang. Qon bosimi ko`tarilishi asoratida kelib chiqqan uyqusizlikdan halos bo`lasiz.
- Uyqusizlik asabbuzarlik oqibatida boshlangan bo`lsa, vananni issiq suvga to`ldirib, ichiga 5-6 tomchi olma sirkasi qo`shib birpas o`tiring.
- Kanakunjut moyini boshning chakka sohasi va burun ostiga surtsangiz, yaxshi uxlaysiz.
- Bir hovuch eryong`oq yoki bodom mag`zini esangiz ham tez uxlab qolasiz. Shuningdek, eryong`oq yoki sedana yog`ini yarim choy qoshiq miqdorida qabul qilib, ketidan suv ichib yotishning ham foydasi bor.
Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi.
|