Xonandalar Sarvar va Komil xonandalikdan tashqari bastakorlik bilan shug`ullanadi. O`zbek estradasidagi ko`plab xit taronalar ana shu ikki ijodkor qalamiga mansub.
Xonandalar “Shok.uz” saytiga bergan intervyusida konsertga tayyorgarlik jarayonlari va boshqa hamkasblariga qancha evaziga qo`shiq yozib berishi haqida so`zlab berishdi.
Xususan, sayt muxbirining “Shahzodaga yozib beradigan qo`shiqlaringiz bir xil yo`nalishda” degan fikriga ijodkorlar quyidagicha javob berdi:
“Har bir xonandaning o`z yo`nalishi bor. O`sha yo`nalishni ushlab turishga harakat qilish kerak. Undan chiqib ketish kerak emas. Biz yaratayotgan qo`shiqlarimiz shu xonandaning yo`nalishiga mos tushishiga ahamiyat beramiz. Lekin, Shahzodaga biz yozib berayotgan qo`shiqlarning hammasi bir xil degan fikr mutlaqo noto`g`ri. Shahzodaga biz yozib berayotgan qo`shiqlar bir-biriga o`xshash bo`lsa, bu xonandaning yo`nalishi bilan bog`liq”
“Shahzodaga tekinga qo`shiq yozib berarkansiz” degan savolga esa “Benom” guruhi xonandalari quyidagicha javob berdi:
“Yo`q, bu mutlaqo noto`g`ri ma`lumot. Qo`shiqlarning narxi hamma san`atkorlar uchun bir xil”.
Ma`lumot uchun, Shahzodaning aksariyat xit qo`shiqlari Sarvar va Komilning ijodiga mansub. Xonandaning xit darajasiga ko`tarilgan “Chikko” va “Shunchaki” qo`shiqlari shular jumlasidan.
“Ayrim hollarda esa qo`shiqlarimizni istalgan san`atkorga sovg`a qilishimiz mumkin. Masalan, bironta qo`shiqni Loladan boshqa hech kim ijro etolmasligi aniq bo`lsa, biz qo`shiqni Lolaga sovg`a qilishimiz mumkin”,—deydi guruh yakkaxonlaridan biri Sarvar.—Shunday paytlar bo`ladiki, bitta qo`shig`imizga 20 nafar san`atkor xaridor bo`ladi. Masalan, xit bo`lgan qo`shiqlarimizdan birini bir necha san`atkor kuylash istagini bildirgan. O`shanda qo`shiq eng ko`p pul taklif qilgan xonandaga berilgan”
Xonandalar Sarvar va Komil 15-16 fevral kunlari “Istiqlol” san`at saroyida yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi.
|