Mazkur kasallikni engil, deb bo`lmaydi. Chunki bemor unga yo`liqishi bilan bir qancha og`riqli holatlarga ro`baro` keladi. Ko`ngil aynishi bir tomon bo`lsa, jig`ildon qaynashi, asabiylik ham azob beradi. Bunday paytda paysalga solmay, shifokorga uchrashish kerak. Ammo uy sharoitida ham quyidagi tavsiyalardan foydalanilsa, xuruj ancha engil o`tadi. Mutaxassis – shifokor-jarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Hammadjon HODIEV.
Biqinda og`riq tursa…
Harakatni cheklash, bosh tagiga ikkita yostiq qo`yib, o`ranib yotish kerak. Issiq suyuqlik ichish, albatta, foyda beradi. Agar og`riq o`t-tosh xastaligi bilan bog`liqligini aniq bilsangiz, shifokor buyurgan og`riq qoldiruvchi dori ichgan ma`qul.
Diqqat! Biqin sohasiga issiq grelka qo`yib bo`lmaydi. Xuruj paytida issiq vanna qabul qilish ham mumkin emas. Og`riq 5 daqiqada to`xtamasa, zudlik bilan «Tez yordam» chaqiring.
Ko`ngil aynisa…
Behuzurlikni to`xtatish uchun 2 dona olmani qaynatib, ozroq limon shirasi, novvot va yalpiz bargidan qo`shib sovitiladi va kun davomida ichiladi. Ko`ngil aynishiga qarshi limon po`stlog`ini chaynash ham foyda beradi.
Jig`ildon qaynasa…
Bunday paytda qo`l ostida uchta narsa bo`lishi kerak: xom kartoshka, moychechak guli yoki faollashtirilgan ko`mir. Kartoshka shirasini siqib, tezda ichsangiz, jig`ildon qaynashi birzumda to`xtaydi hamda oshqozonga engillik bo`ladi. Moychechak gulini qaynatib, bir chimdim zira va novvot solib ichish ham muammoni hal qiladi. Jig`ildon qaynashini 4 dona faollashtirilgan ko`mirni qabul qilish ham to`xtatadi. Aslo muammoni iste`mol sodasi eritmasini ichib hal qilishga urunmang, bu oshqozonni emiradi va og`riqni yanada kuchaytiradi.
Qorin dam bo`lsa…
Chap biqinga yotib, qorinni soat mili bo`ylab silang. Keyin shu holatning o`zida o`ng oyoqni yuqoriga ko`tarib turing, qorin dam bo`lishi darrov o`tib ketadi. Kun davomida kiyiko`ti, kashnich yoki shivit bargini damlab iching.
Jizzaki bo`lib qolsangiz…
Ovqatga tuzni kamroq, dolchinni esa ko`proq sepib eyish kerak. Bu ziravor jizzakilikni quvib, yaxshi kayfiyatni hamroh qiladi, boz ustiga, safroni tez haydab, o`t pufagini tozalaydi. Kun davomida bodom va xandon pista chaqib eng. Uxlashdan oldin esa albatta, asal choy iching.
Yurak sanchsa...
O`t-tosh kasali bilan og`rigan bemorlarda shunaqasi ham bo`lib turadi. Bu og`riqning yurakka daxli yo`q. Lekin sanchiq infarkt xurujidan aslo qolishmaydi. Ko`pincha tosh o`t yo`lida tiqilib qolganida va bundan oshqozon osti bezi ham aziyat chekkanida yurak sanchadi. Og`riq qorindan yuqoriga – chap qovurg`adan yurakkacha seziladi. Bunday paytda yotib, o`zingizni bo`sh qo`ying, ko`rpani ikki buklab, o`ng qovurg`a sohasiga qo`ying. Yalpiz yoki limono`tli choy og`riqning to`xtashiga yordam beradi. Lekin sanchiq 2 daqiqadan ortiq davom etsa, darrov til ostiga yurak dori qo`yib, «Tez yordam»ni chaqiring.
Ishtaha bo`g`ilsa...
Bunday paytda o`zingizni ovqat eyishga majburlamang. O`t-tosh xurujida eng ma`qul davo – ma`lum vaqt oshqozonga dam berish. Shunda ortiqcha safro ham ishlab chiqmarmasdan sho`rlik o`t pufak bir zum tin oladi. Ammo organizm suvsizlanib va eng asosiysi, quvvatdan qolmasligi uchun shirin ta`mli suyuqliklar ichib turish kerak. Nok, o`rik yoki na`matak qaynatmasi, sutli shirin choy, gazsiz mineral suv ayni muddao. Faqat ularning bari sovuq bo`lmasligiga e`tibor bering. 1-2 kundan keyin suli yoki guruch bo`tqasini yarim piyoladan eyish mumkin.
Ich qotsa…
Bug`doy qipig`i (otrubi)ni ovqatga solishni kanda qilmang. Nahorga, albatta, o`riq qoqi damlamasidan iching. Choyga zira solib, damlab ichish ham bu muammoda yordam beradi.
Ich ketsa-chi?
O`t-tosh xastaligiida bu holat qabziyat bilan tez-tez takrorlanib turadi. Bunday paytda guruchni qaynatib, behi va zig`ir urug`i qo`shib eyiladi. Anor po`stlog`ini maydalab, bir chimdim atirgul bargi bilan birga qaynatib bemorga ichiriladi.
|