Madisondagi Viskonsin universiteti va Keksayish muammolari milliy instituti (NIA) olimlari past kaloriyali parhez inson hayotini uzaytirishi mumkinligini aniqlashdi. Mutaxassislar maymunlarda o‘tkazilgan ikki tadqiqotni tahlil qilib, ana shunday xulosaga kelishdi. Gizmodo shu haqida ma’lumot berdi.
Taom kaloriyasini cheklash umrni uzaytirib, ko‘p jonivorlarda (masalan, kemiruvchilarda) yoshga doir kasalliklar paydo bo‘lish xavfini kamaytirishi ko‘rsatilgan, biroq buning primatlar (Homo sapiens ham shularga tegishli) qarish tezligiga qanday ta’sir qilishi noma’lumligicha qolayotgandi. 1980-yillar oxirida kam kaloriyali parhezning makaka-rezuslarga (Masasa mulatta)ta’siriga oid ikki keng ko‘lamli tadqiqot ishga tushirildi.
Bu maymunlar insonlarning keksayish jarayonini o‘rganishda modelь organizm hisoblanadi, zero ularning genomi inson genomiga 93 foiz to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, makaka-rezuslarning bir qator anatomik, fiziologik va boshqa biologik xususiyatlari Homo sapiens’ga o‘xshab ketadi.
Tadqiqotlardan biri 76 maymun ishtirokida Viskonsin universitetida o‘tkazildi. Ikkinchi tadqiqotda 121 maymun Keksayish muammolari milliy instituti bo‘limlaridan birining mutaxassislari tomonidan o‘rganildi. Turli markazlardan olingan xulosalar qarama-qarshi bo‘lib chiqdi. Shunday qilib, birinchi tadqiqot natijalari kaloriyani cheklash organizm holatini yaxshilab, jonivorlar umrini uzaytirganini ko‘rsatgan. NIA’da esa parhezning jonivorlarga statistik ahamiyatli ta’siri qayd etilmagan.
Olimlar tadqiqotlar natijalari o‘rtasidagi farq sabablarini aniqlash uchun ikki ilmiy ish davomida olingan ma’lumotlarni qo‘shimcha tahlildan o‘tkazishdi. Ma’lum bo‘lishicha, tadqiqotlar bir qator ko‘rsatkichlarga ko‘ra, bir-biridan farq qilgan. Masalan, NIA’da parhezning yosh jonivorlarga ta’siri o‘rganilgan, holbuki kaloriyani cheklash katta va keksa yoshli maymunlarga foydalidir. Shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida ham nomuvofiqliklar aniqlangan. Viskonsin universitetidagi makaka-rezuslar qand miqdori yuqori bo‘lgan ozuqa bilan boqilgan, shu bois kam kaloriya olgan jonivorlar nazorat guruhidagi maymunlarga nisbatan ozg‘inqroq bo‘lishgan.
Tafovutlarni inobatga olgan holda olimlar kaloriyalarni me’yoriy cheklash primatlarning umrini 30 foizga uzaytiradi, degan xulosaga kelishgan. Shuningdek ularda saraton hamda yurak-qon tomir kasalliklarining paydo bo‘lish xavfi kamayishi ta’kidlangan.
|