LOR shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Ulug`bek Ergashev tavsiyalari:
Gaymorit (yuqori jag` bo`shlig`ining yallig`lanishi) ko`pincha burun bo`shlig`iga turli mikroorganizmlar kirishi natijasida yuzaga keladi. Ular gripp virusi, streptokokk, stafilakokk, diplokokk, ko`k yiring tayoqchalari, anaerob infeksiyalar va hatto ichak tayoqchalari ham bo`lishi mumkin. Shunday vaqtda kasallikning o`tkir turi namoyon bo`ladi.
Kuz va qish faslida shifoxonada davolanayotgan bemorlarning 29-30 foizini, ambulator muolaja olayotganlarning 15-16 foizini burun bo`shlig`i kasalligi bilan og`riganlar tashkil etadi. Bular ichida esa gaymorit birinchi o`rinni egallaydi.
Gaymoritga chalingan bemorning yuqori jag` sohasi bosib ko`rilganda og`riydi, burnidan yiringli shilliq ajraladi (grippda esa bunday ajralma faqat suvga o`xshash oq rangda bo`ladi), qon tahlilida leykositlar miqdori oshganligi seziladi. Bunday vaqtda zudlik bilan shifokorga murojaat etish zarur. Davo choralari ko`rilsa, bemor tuzalib ketadi.
Kasallik o`z vaqtida davolanmasa, bora-bora meningit (bosh va orqa miya qobig`ining yallig`lanishi) rivojlanishi ham mumkin.
Shuningdek, araxnoidit (bosh yoki orqa miyadagi o`rgimchak to`risimon pardaning yallig`lanishi) va rinogen ko`z kasalliklari ro`y beradi. Bunday asoratlar yuzaga kelmasligi uchun bemor qunt bilan muolajani oxiriga etkazishi kerak.
Gaymorit endi boshlanayotgan paytda siz uy sharoitida quyidagi muolajalarni bajarsangiz bo`ladi:
1. Tovani qizdirib, ichiga 2-3 osh qoshiq miqdorda guruch yoki bug`doy soling. Obdon aralashtiring. Donlar qattiq isigach, ikki qavatli surp xaltachaga soling va gaymor bo`shlig`i ustiga qo`yib turing. Muolajani kuniga 2-3 marta bajarsangiz kifoya.
2. Suvda ikkita tuxum qaynating. Tuxumlar pishgach, issiq holida burunning har ikkala yon sohalarida dumalating. Bu muolajani to tuxumlar sovigunicha bajaring. Muolaja kuniga ikki marotaba amalga oshiriladi.
3. Moychechak, yalpiz va tog`rayhonning quritilganidan bir osh qoshiqdan olib suvga soling va past olovda 5 daqiqa qaynating. So`ng boshingizga katta sochiqni yopib, qaynatmani qayta-qayta hidlang. Burun shilliq qavati kuymasligi uchun tez nafas olmang. Muolaja vaqti – 10 daqiqa.
4. Butun kartoshkani to yumshagunicha po`sti bilan suvda pishiring. So`ng idishga olib, issiq holida burun atrofiga qo`ying. Burun sohasining terisi kuyib qizarmasligi uchun kartoshkani uzoq vaqt bosib turmang, aksincha, engilgina dumalatganingiz ma`qul.
5. Gaymoritni tuzatishda yallig`lanishga qarshi va tomirlarni toraytiruvchi dorilar yordam beradi. Shundaylardan biri emulsiya holidagi “sanorin” dorisi bo`lib, uni kuniga uch mahaldan har bir burun yo`liga 2-4 tomchidan tomizasiz. Agar gaymorit tumovga qo`shilib boshlangan bo`lsa, 0,05 yoki 0,1 foizli “naftizin” eritmasidan foydalaning. Bu dorilar burun shilliq pardasi yallig`lanishini yo`qotib, tomirlarni toraytirishda yordam beradi.
Unutmangki, oddiy tumov ancha paytgacha davom etsa, albatta gaymorit kelib chiqishi uchun imkon yaratadi. Shuning uchun ham yilning salqin fasllarida sovuq suv ichmaslik va sovuq qotishdan saqlanish lozim. Havo nam kunlari nafaqat oyoqni, balki boshni ham issiq tuting.
G. JAMILOVA
|