Qaldirg'ochlar chumchuqsimonlar turkumiga mansub qushlar bo'lib, ularning bir necha o'nlab turlari bor. Qanotlari uzun va tor, oyoqlari kalta, deyarli yura olmaydi, yerga faqat ini uchun material to'plashga tushadi. Yer yuzasining Arktika va Antarktidadan boshqa hamma qismida tarqalgan. O'zbekistonda shahar va qishloqlarda qishloq qaldirg'ochi ko'p uchraydi. Ular uchib yuradigan hasharotlarni havoda tutib yeydi. Hasharotlar esa faqat issiq havodagina uchadi, demak qaldirg'ochlar qishda och qolishi mumkin. Shu sababli ular qishda Afrika hamda Janubiy Osiyoga uchib ketadilar.
Qaldirg'ochlar mart oyida uchib keladi va aprel-may oylarida in quradilar. Qaldirg'och inini, ko'pincha, yarim doira shaklida jun va xas-xashak aralash loydan yasaydi. Yiliga 1—2 marta 4—6 ta tuxum qo'yadi. Tuxumini 14—16 kunda ochib chiqadi. Qaldirg'ochlar avgust oyining oxirlarida oila bo'lib, issiq mamlakatlarga uchib ketadi.
|