Ko`pincha restoran va kafelarda egan steykimizni uyda ham tayyorlab ko`rishga urinamiz. Afsuski, bu urinishlarimiz doim ham samarali bo`lavermaydi. Quyida aynan steyk tayyorlash bo`yicha maslahatlar berilgan, ulardan foydalanib oshxonangizni haqiqiy restoranga aylantiring.
1. Steyk uchun mol go`shti ayni muddao. Demak, go`shtning lahm va yog`siz joyidan tanlab, 1-2 soat avval marinadlab qo`ying.
2. Go`shtni qovurishdan oldin, albatta qog`oz sochiqda qurutib oling, shunda yog` sachramaydi. Agar yangi xarid qilingan go`shtdan emas, muzlatgichdagisidan foydalanmoqchi bo`lsangiz, uni eritishga shoshilmang. Yaxshisi kechqurin muzxonadan olib, muzlatgichning o`ziga qo`ying. Chunki qaynoq suvda yoki mikroto`lqinli pechda eritilgan go`shtning suvi qochadi va steyk quruq bo`lib pishadi.
3. Muzlatib eritilgan go`sht tez qovurilishini ham inobatga olib qo`ying. Go`shtni kaftdek-kaftdek qilib kesing, shunda u qovurilish jarayonida qurib qolmaydi.
4. Tovaga go`shning yarmini qoplaydigan miqdorda yog` solsangiz kifoya, ko`p yog`ning keragi yo`q. Tagiga oldirmaydigan, maxsus qoplamali tovalar steyk uchun ayni muddao. Qolaversa go`shtni qayta-qayta ag`daravermang, bir tomoni yaxshilab qizarib bo`lgandan so`nggina ag`daring.
5. Steykni o`simlik yog`ida qovuring. Go`sht solishdan avval tovani yaxshilab qizdirib oling. Chunki go`sht qaynoq idishga tushganda teshikchalari yopilib, ichidagi sharbati chiqib ketmaydi.
6. Go`shtning har ikki tomonini 5-10 daqiqadan, qizarguncha qovurib oling-da, folga qog`oziga o`rab, qizib turgan gaz pechiga 10-15 daqiqaga qo`ying. Tayyor bo`lganligini bilish uchun unga aslo sanchqi sancha ko`rmang. O`rtasidan pichoq bilan ozgina kesib tatib ko`ring.
7. Go`shtni bir muddat chekkaroqqa qo`yingda, sous tayyorlashga kirishing. Axir steykni soussiz tasavvur qilib bo`ladimi?
|