Ba`zi hollarda sug`urtalangan mashinani noma`lum shaxs hech kim yo`q paytda o`z avtoulovida urib, shikast etkazib, voqea joyidan qochib ketish holatlari uchrab turadi. Bunday hollarda sug`urta kompaniyasi etkazilgan zararni qoplab beradimi?
Bu kabi savollar avtomobil boshqaradigan aksariyat yurtdoshlarimizni o`ylantiradi.
Mazkur savolga «O`zbekinvest» eksport-import milliy sug`urta kompaniyasi Yangi sug`urta mahsulotlarini ishlab chiqish va tatbiq qilish hamda uslubiyat departamenti bosh menejeri Sayfullo MIRZOEV javob beradi:
— Bunday hollarda darhol (agar avtotransport vositasi sug`urtalangan bo`lsa) sug`urta tashkilotini xabardor qilib, hodisa joyiga chaqirtiriladi. Bundan tashqari, voqea yuzasidan yo`l-transport harakati xavfsizligi inspeksiyasi xodimi, yaqin atrofdagi milisiya tayanch punkti xodimi, mahalla fuqarolar yig`ini vakili yoki atrofdagi betaraf shaxslar ishtirokida sug`urta hodisasi tasdiqlanib, dalolatnoma rasmiylashtiriladi (zararlangan avtomobil suratga olinadi) va ariza bilan sug`urta tashkilotiga murojaat qilinadi. Hujjatlar o`rnatilgan tartibda o`rganib chiqilgandan keyin, sug`urta qoplamasi to`lab beriladi.
|