Kecha uydagilar narigi “do`m”da turuvchi Manzuralarnikiga sovchilikka borishdi. Noz qilib, sovchilarimni qaytaribdi. Nima emish, chet ellik yigitga tegarmish. O`rgildim nozingizdan. Aytishlaricha, Hindistonda bo`lajak kuyovning uyiga sovchi kelarkan. G`alati-ya! Tasavvur qiling, bizda ham shu an`ana urfga kirsa. Yigit o`qishga ketgan. Ota-onasi uyda o`tirishibdi. Bir payt eshik qo`ng`irog`i jiringlaydi. Ochishsa, qo`lida tog`ora ushlagan erkaklar.
— Kelinglar, mehmonlar, xush kelibsiz.
— Xush vaqt bo`ling, oka.
Mehmonlarni mehmonxonaga uyning xo`jayini boshlab kiradi. Mehmonlar o`tirgach, ularga choy uzatiladi. U yoqdan-bu yoqdan gap bo`ladi, futbol haqida gaplashishadi, keyin sovchi bo`lmishlar gap boshlashadi:
— Shoqosim aka, uyingizga bir yumush bilan keldik.
— Xo`sh, — Shoqosim aka garchi hamma gapni sezib turgan bo`lsa-da, an`anaga sodiq qoladi.
— Shu desangiz, ostonangizga qulchilikka keldik.
— Yo`g`-ey, qul kerakmas, hamma ishni xotinimning o`zi uddalayapti.
— Oka, siz bizni tushunmadingiz, uyingizda bir bulbul bor ekan, bizda esa g`uncha. Keling, bulbulingizni g`unchamizga qo`ndiraylik.
Shoqosim aka o`g`liga birinchi bor sovchi kelgani bois “sovsem” tushunmaydi:
— «Mazgi»ga o`ynamang, mehmon, kim aytdi menda bulbul borligini, ikkita bedanam bor, xolos. Lekin unga gul ham, g`uncha ham, tikan ham kerakmas. Hamma narsani muhayyo qilib qo`yganman.
Sovchilar:
— «Karoche», gap bundoq, oka, institutda o`qiydigan Mamarayim degan o`g`lingiz bor ekan, qizimiz Sayyoraning ko`ngli shunga tushib qolibdi. Agar rozi bo`lsangiz, shu o`g`lingizni qizimizga so`rab kelgandik.
Shoqosim aka:
— Ha, qog`ozga o`ramay “pryamoy” aytmaysizmi? Rahmat kelganlaringiz uchun, lekin o`g`limiz hali yosh, endigina o`ttizga kirdi. Uning ustiga o`g`lim nima derkan?
Shu payt Mamarayim ham o`qishdan qaytadi. Onasini ko`rib, “Ena, kim keldi, nima sasiyapti, ha, tuflilarmi, kimning tuflilari bu?” deydi aftini bujmaytirib.
Onasi:
— Senga sovchi kelibdi.
Mamarayim uyalib erga qaraydi.
Onasi:
— Tovuq fermada ishlaydigan Sayyora senga sovchi yuboribdi.
— Ey, qo`ying-ey.
— Ertaga uchrashuvga chiqasan, seni “Spark”ida kelib olib ketar ekan.
— Chiqmayman, boring-ey.
— Nima deysan, rozimisan?
— Mayli, sizlar nima desalaring shu.
G`alati bo`larkan-a? Qizlarim noz qilsa ham, o`zimizning urf-odatlardan qo`ymasin. Men ham ko`chada qolmasman, tengim chiqib qolar.
Sunnatillo
|