Maoshgacha hali bir hafta bor. Ammo hamyoningizda bir necha kundan beri shamol sayr qilib yuribdi. Yana topadiganingizdan ortig`ini xarajat qilib, kamiga qarzga ham botib o`tiribsizmi? Unda sizning byudjetingiz ustida jiddiy ishlash kerak.
Muammo nimada?
Bir o`rtog`im bor, ismi Zarina. Gap shundaki, uning oylik daromadiga har qanday boyvuchcha havas qilsa arziydi. Bunaqa maoshni ko`plar tushida ham ko`rmagan. Shundanmi u kimgadir dabdurustdan, «qarz berib tur, oylikdan qaytaraman» deb qolsa, odam dastlab, jiddiy so`rayaptimi yo kalaka qilayaptimi, degan xayolga ham boradi. Aslida u aytarli darajada shopogolik ham emaski, topgan puliga do`kon aylanib, uyum-uyum kiyim xarid qilsa. Shunchaki, Zarina pulni to`g`ri xarajat qilishni bilmaydi. Oyligini oliboq, qarzlarini qaytaradi. Bundan ortganini mayda-chuyda xarajatlariga ishlatadi. Qarabsizki, oy oxirida yana qarz so`rashga majbur. Bir gal esa u butun bir oylik maoshini to`laligicha kreditor do`stlariga taqsimlagan.
Zamondoshlarimizning aksariyatida aynan mana shu—pulni to`g`ri xarajat qila olmaslik muammosi bor. Qancha pul topish emas, topganingizning qanchasini va nima maqsadda sarflaganingiz muhim.
Byudjetingizni himoya qiling!
Pullaringiz har doim va har narsaga etishi uchun oilaviy byudjetga ayrim qonun-qoidalar va o`zgartirishlar kiritish zarur.
Xullas, siz maosh oldingiz. Va peshana teringiz bilan ishlab topilgan yap-yangi pullar hamyoningizni qappaytirib, ko`zingizni quvontirib turibdi. «Bizda maosh plastik kartochkalarda beriladi», deysizmi? Xo`sh, nima bo`libdi? Har tugul u o`zingizga ishonch hissini bag`ishlab turibdi-ku! Qaytanga, plastik kartochkadagi mablag`ni yig`ish qulayroq ham.
1. Maoshni olgan kuningizoq uning 10-15 foizini alohida ajratib qo`ying (agar oila qurgan bo`lsangiz, siz va turmush o`rtog`ingizning maoshi qo`shib hisoblanadi). Bu pul orzu havaslaringiz (mashina sotib olish yoki sayohatga) yoki shunchaki, «qora kunlar»ga yaraydi. «O`zi shundog`am oylikdan oylikkacha yashayapmizu, shundan ham keyinga deb kessak nima qoladi», demoqchisiz to`g`rimi? Unda daromadingiz 10 foizga kamaydi deb tasavvur qiling. Axir shunday bo`lgan taqdirda ham qolgan 90 foiziga ro`zg`or tebrata olardingiz-ku.
Pul yig`ishni endi boshlagan paytingizda ertangi kun uchun daromadning 10-15 foizidan ortig`ini olib qo`yish ham yaramaydi. Qat`iy tejamkorlik rejimida 1 hafta, 10 kun, uzog`i 1 oy yashay olasiz, lekin keyin, pulingiz bo`la turib o`zingizga shuncha cheklovlar qo`yayotganingizdan jahlingiz chiqib, yig`ayotgan pulingizni ishlatib qo`yasiz. Va kamiga «men pul yig`olmas ekanman», degan xulosaga ham kelasiz.
2. Alohida konvertga majburiy to`lovlar uchun muayyan summani solib qo`ying. Har oy uy, soliqlar uchun, qolaversa, bolalar bog`chasiga ham pul to`lashingiz aniq. Bunday to`lovlarni baribir amalga oshirish kerak bo`lsa, shuning harakatini oldindan qilib qo`ygan ma`qul.
3. Qo`lingizga taqvim olib, shu oyda o`tkaziladigan tadbirlar—to`y, tug`ilgan kun, o`tirishlar bor-yo`qligini ko`rib chiqing.Chunki agar oy davomida to`y, tug`ilgan kunlar bo`lsa, baribir sovg`a olishingizga to`g`ri keladi. Shuning uchun uchinchi konvertning ustiga tortinmay, «sovg`alar uchun», deb katta qilib yozingda, unga ataganingizni soling!
4. Xo`sh shunday qilib, yuqoridagi xarajatlardan keyin maoshingizdan qancha qoldi? 100 mingmi, 150 mingmi yoki 200mingmi? Ishqilib qancha qolgan bo`lsa ham bu aynan o`sha kundalik xarajatlaringiz uchun oy davomida sarflashga mo`ljallangan summangizdir. Yuqoridagi gapda «oy davomida» jumlasi asosiy ekaniga ahamiyat bergandirsiz? Arifmetika borasidagi bilimlaringizga ishonchingiz komil bo`lmasa, qo`lingizga kalkulyatorni oling (yaxshiyamki, bu mo`jazgina texnika taraqqiyoti qo`l telefonlarida ham bor). O`sha qolgan 100, 150 ming summani 30 kunga bo`ling. Natija 3333, 5000 yoki 6666 chiqdi, to`g`rimi? Endi siz oilaviy byudjetingizga zarar qilmaslik uchun har kuni tahminan qanchagacha pul sarflashingiz mumkinligini bilasiz. To`g`rirog`i, kundalik me`yordan ortiqrog`ini sarflashingizku mumkin, lekin grafikdan chiqib ketmaslik uchun boshqa kunlar xarajatni yana kamaytirishingizga kerak bo`ladi.
Mayda xarajatlar
Hech e`tibor berganmisiz, biz mayda-chuydalar xarid qilishda hech o`ylanib o`tirmaymiz. Aynan shu mayda xarajatlar hamyonimizni «ozdiradi». Masalan, bir plitka shokolad va saqich xarid qilishning o`zidayoq, bir pasda 3,5-4 ming so`m pul sarflanadi. Bozordan qaytgach, «aytarli hech narsa olganim yo`g`-u, bor pulimni ishlatib qo`yibman-a», degan fikr har birimizning xayolimizdan hech bo`lmasa bir marta o`tgani aniq. Mayda xarajatlar katta qarzlarga olib kelishi mumkinligini unutmang!
Yo`q, bu bilan hayotingizga rang beruvchi, yoqimli xaridlardan tiyiling demoqchimasmiz. Shunchaki, nima muhimu, nima ikkinchi darajaliligini va qaysi xaridning umuman foydasi yo`qligini o`ylab tursangiz bo`ldi. Ba`zi bir keraksiz xaridlardan voz kechish evaziga dengiz bo`yida dam olsangiz, chiroyli mebel sotib olsangiz yoki ajoyib avtomobil sohibi bo`lsangiz yomonmi?!
|