Yigit kishiga qirq emas, yetmish hunar ham oz aslida. Ayniqsa, dunyodagi kasb-hunarlar soni 30 mingdan oshgan bugungi kunda yetmish xil yumushni bajara olish dengizdan tomchidek bir gap. Keling, bu gal ana shunday kasblardan biri bo‘lmish bo‘yoqchilik sir-asrorlaridan bir shingilini o‘rgansak. Zero, ushbu yumushni o‘zingiz mustaqil ravishda bajarsangiz, usta-yu mardikorlarga sarflaydigan xarajatni qisqartirish, qolaversa, uyingizni didingizga mos ravishda ta’mirlashga erishgan bo‘lasiz. Bilsangiz, qo‘lidan ko‘p ish kelishiga ishongan erkaklar hayotdan ko‘proq zavq oladi, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchi baland bo‘ladi, shu bilan birga, bunday turmush o‘rtog‘i bo‘lishi istagan ayollar ham ko‘pchilikni tashkil etadi, nima dedingiz?
Eshiklarni bo‘yash
Xonalar o‘rtasidagi eshiklarni bo‘yashda avvalo ularning qanday xom ashyodan tayyorlanganiga e’tibor qaratiladi. Temir, laminat, MDF va boshqa materiallar turlicha bo‘yashni taqozo etadi.
Yog‘och eshiklarni bo‘yashda ikki xil bo‘yoqdan foydalanish mumkin: shaffof va shaffof bo‘lmagan. Shaffof bo‘yoqlar yog‘ochning tabiiy ko‘rinishini saqlab qolishga yordam beradi. Bu borada ko‘pchilik moy va alkidli bo‘yoqlarni ma’qul ko‘rishadi. Ulardagi maxsus pigmentlar yog‘ochni asl holatda ko‘rsatish bilan birga, uni tashqi ta’sirlardan sifatli himoyalay oladi ham.
Dastlab eshikni bo‘yashga tayyorlash talab etiladi. Buning uchun shpaklevka (o‘ydim-chuqur joylarni tekislash) va gruntovka (xomaki bo‘yash) ishlari olib boriladi. Shundan so‘ng asosiy ishlar boshlanadi. Avvalo vertikal turgan eshiklar olinib, gorizontal yotqizilishi lozim. Shunda bo‘yoq pastga oqib ketmaydi.
Yog‘och eshiklarni bo‘yashning bir qancha usullari mavjud. Birinchi usulga ko‘ra, tabiiy moy asosida tayyorlangan bo‘yoq olinib, eshik bo‘yaladi, shundan so‘ng rezina shpatel yordamida uning sirti bo‘ylab 10-12 marta yurgiziladi. Rezina shpatel o‘rniga gubkadan foydalanish ham mumkin. Bunda gubka bo‘yoqqa botirilib, yog‘ochning tolalari yo‘nalishi bo‘ylab 2-3 daqiqa davomida surtib chiqiladi.
Eshiklarni cho‘tka yoki valik (maxsus g‘ildirakcha) yordamida bo‘yash mumkin. Valik keng sirtlarni, cho‘tka esa turli burchaklarni bo‘yashda qo‘l keladi. Bo‘yashdan avval sirtda hech qanday nuqson yoki asoratlar yo‘qligiga e’tibor qaratish lozim. Agarda eski bo‘yoq izlari qolgan bo‘lsa, uni tozalab tashlash kerak. Shundan so‘ng notekis sirtlarni tekislash uchun shpaklevka qilish talab etiladi. Shpaklevkadan so‘ng esa qumqog‘oz bilan yaxshilab tozalanadi. Hosil bo‘lgan sirtni chang va mayda qoldiqlar nam latta bilan artib tashlanadi. [via]
Yog‘och polni tayyorlash va bo‘yash
Xonadonini ta’mirlashga kirishgan oila boshliqlari polning sifatli bo‘yalishi oila a’zolarining ruhiyatiga doimo ijobiy ta’sir ko‘rsatishini unutmasliklari lozim. Buning uchun ham huddi yog‘och eshikda bo‘lgani kabi polni bo‘yashga tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Dastlab pol sirtida chang, yog‘ qoldiqlari va boshqa mayda zarralar bo‘lmasligi uchun uni sovunli suvda yaxshilab artish lozim.
Agarda eski polni bo‘yash kerak bo‘lsa, ko‘chgan eski bo‘yoq qatlamlarini oddiy temir shpatel yordamida qirib tashlash, chiqib qolgan mixni esa bolg‘a bilan taxtaga 4 millimetrgacha urib kiritish kerak. Shundan so‘ng, imkon qadar butun pol randalab chiqiladi. Taxtalar orasi ham tozalanib, pol olif moyi bilan xomaki (gruntovka) bo‘yab chiqiladi. Agarda poldagi yog‘ochlar orasi katta bo‘lsa, 5ga 5 nisbatdagi oddiy qipiq va sementni suvga aralashtirib, oraliq bo‘shliqlarni to‘ldirib chiqish mumkin. Yoriqlar oralig‘i 6 millimetrdan oshgan taqdirda esa, yog‘ochlarni qaytadan joylashtirib chiqish talab etiladi.
Notekis sirtlarni shpaklevka yordamida yo‘qotishda xonaning namligini hisobga olish muhim. Agar xona quruq bo‘lsa yelimli, nam bo‘lsa yarimmoyli shpaklevkalardan foydalanish tavsiya etiladi. Yarim moyli shpaklevkani mustaqil tayyorlash uchun 5 litr suv, 0,5-0,7 kg duradgorlik yelimi va 1-1,5 kg oksol yoki olif moyi zarur (ish hajmiga qarab ular miqdorini shu nisbatda o‘zingiz belgilaysiz). Shpaklevka quyuq chiqishi uchun unga bo‘r (mel) aralashtirish mumkin. Hosil bo‘lgan aralashma polga yog‘ochlarga perpendikulyar tarzda 30-40 santimetrli temir yoki 15-20 santimetrli yog‘och shpatel yordamida surtib chiqiladi. Ushbu qatlam qurigandan so‘ng qumqog‘oz bilan silliqlanadi. Bunda qumqog‘ozni yog‘och bo‘lagiga o‘rab olish ishni osonlashtiradi. Navbatda quruq cho‘tka yordamida pol chang va zarralardan tozalanadi. Demak, pol bo‘yashga tayyor bo‘ldi.
Polni bo‘yashda moyli bo‘yoq (1-raqam), alkidli emal va alkidli bo‘yoqdan foydalanish mumkin. Odatda 1 m2 sahnni ikki marta bo‘yash uchun 200-250 gram bo‘yoq kerak bo‘ladi.
Bo‘yoqchilik ishlari plintuslarni bo‘yash bilan boshlanadi. Bunda bo‘yoq devorga tegib ketmasligi uchun kichikroq cho‘tkadan foydalanish lozim. Shundan so‘ng valik va cho‘tka yordamida ishga kirishiladi. Valik ishning tez va sifatli bitishiga yordam bersa, cho‘tka burchaklarni bo‘yashda asqotadi. Ish jarayonida bo‘yoqni tez-tez aralashtirib turish lozim. Aks holda pol rang bir-biridan farq qilib qolishi mumkin. Bo‘yalayotgan sirtda ko‘pik va burishgan joylar qolmasligi uchun bo‘yoq qotmasidan avval uning ustidan yana bir marta yupqa qilib bo‘yash kerak bo‘ladi. [via]
Metallarni bo‘yash
Temir eshik, darvoza, panjara, isitish batareyalarini bo‘yash ham alohida bilim va tajribani talab etadi. Bu ularning chiroyini ochish bilan birga, korroziyaga uchrashidan himoyalaydi ham. Temir sirtlar uchun moy bo‘yoq eng maqbul sanaladi. Ular ham nisbatan arzon bo‘lib, turli ob-havo injiqliklariga ham chidamli. Shuningdek, emal ham undan sira qolishmaydi. Bugun bozorlarda alkid va epoksidli tarkibga ega maxsus zanglashga qarshi bo‘yoqlarni ham uchratish mumkin. Biroq ularning narxi birmuncha qimmat.
Ruxlangan temir uchun moy bo‘yoq ma’qul topilmaydi. Buning uchun epoksidli bo‘yoq tavsiya etiladi. Rangli metallarni esa bo‘yash shart emas. Unga yanada jilo berish uchun lak bilan bo‘yab chiqish mumkin xolos. Agarda ular rangini o‘zgartirgingiz kelsa, suv-emulsion bo‘yoqdan foydalaning. Ochiq osmon ostida bo‘lsa, ularni alkidli emal bilan bo‘yaganingiz ma’qul.
Aksariyat temir eshik va darvozalar oddiy qora temirdan tayyorlanadi. Bunday temir korroziyaga chidamsiz bo‘lib, ayniqsa undan tayyorlangan konstruksiyalar ochiq osmon ostida joylashgan bo‘lsa, tezda yaroqsiz holga kelishi mumkin. Ayrim kishilar tashqaridagi temir buyumlarni emal bilan bo‘yashadi. Ammo bu unchalik maqbul yo‘l emas. Emal bilan ichkaridagi temir jihozlarni bo‘yagan ma’qul. Tashqarida esa…
Metalni bo‘yashga tayyorlash
Agarda metal avval ham bo‘yalgan bo‘lsa, uni tozalab chiqqan ma’qul. Buning uchun metal uchun mo‘ljallangan cho‘tka, qumqog‘oz yoki gorelkadan foydalanish mumkin. Shundan so‘ng sirt chang va zarrachalardan tozalab tashlanadi. So‘ngra temir sirti gruntlanadi. Grunt temirni korroziyadan qo‘shimcha ravishda saqlaydi. Shuningdek, kamroq bo‘yoq ketishiga xizmat qiladi. Rangli metallarni gruntlashda adgeziya, qora metal uchun esa maxsus antikorroziya vositalarini qo‘shish maqsadga muvofiq. Grunt ishlari tugagach, metalni bo‘yashga kirishaverasiz.
Tekis va keng sirtlar valik, burchaklar esa kichik cho‘tka bilan bo‘yaladi. Har bir bo‘yoq qatlamining qurishi kutiladi. Bunda bo‘yoqni maxsus vosita rastvoritel yordamida suyultirish ham yoddan chiqmasligi kerak. [via]
Manba: Erkak.uz
|