Har birimiz shunday vaziyatga duch kelganmizki, unda kalla to‘satdan ishlashdan to‘xtaydi, qaror qabul qilishda qiyinchiliklar yuzaga keladi, anglash qiyinlashadi, va hatto, xotira susayadi. Biroq vahimaga tushish kerak emas — faromushxotirlik yoki miya biroz tormozlanib qolishi har kimda ham kuzatilishi mumkin. Biroq miyani “formada ushlash”, uning ishini tezlashtirish kerak, bunda esa to‘g‘ri ovqatlanish muhim rol o‘ynaydi.
Miya ishini nima yomonlashtiradi?
- to‘yingan yog‘lar
- trans yog‘lar
- ortiqcha temir
- ortiqcha mis
- alyuminiy
Miya ishini nima yaxshilaydi?
- E vitamini
- dukkakli o‘simliklar
- uzum va qorag‘at
- shirin kartoshka
- B12 vitamini
Shuningdek, jismoniy mashqlar, aqliy faoliyat va uyqu ham miya faoliyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Miya yaxshi ishlashini ta’minlovchi mahsulotlar:
Sabzi
Biz bilgan oddiy sabzi nafaqat karotinga boy, balki miyada moddalar almashinuvini ajoyib ravishda qo‘llab-quvvatlaydi.
Ananas
Shirin va kam kaloriyali ananas ozish uchun ajoyib vosita hisoblanadi. Shu bilan birga, undagi C vitamini xotirani kuchaytiradi. Miya faoliyatini yaxshilash uchun kuniga bir stakan ananas sharbatini ichish kifoya.
Anjir
Bu meva organizmga aspiringa o‘xshash ta’sir o‘tkazadigan moddaga boy. Shu modda hamda anjirdagi efir moylari qonni suyultiradi va miyaning kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.
Zira
Ushbu ziravor tarkibidagi efir moylari asab tizimini yaxshilaydi. Miya yuqori faollikda ishlashi kerak bo‘ladigan holatlarda zirali choy ichish zarur. Buning uchun 2 choy qoshiq zirani yanchib, qaynoq suv bilan aralashtirish va 15—20 daqiqaga dimlab qo‘yish zarur.
Karam
Ushbu sabzavot qalqonsimon bez faolligini pasaytiradi. Shu tufayli diqqatni bir joyga to‘plashni talab etadigan tadbir oldidan karamli salat iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Limon
C vitaminiga yuqori darajada boy bo‘lgani sababli limon axborot qabul qilishni yaxshilaydi. Kuniga bir stakan limon sharbati ichish bilan miyani tetiklashtirasiz va yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirish qobiliyatini yaxshilaysiz.
Maqolani tayyorlashda “Xitrosti jizni” nashri ma’lumotlaridan foydalanildi.
Manba: Ayol.uz
|