Qovurilgan qiymali somsa (pirojka)lar mazali, to‘yimli va juda oddiy taom hisoblanadi. Qiyma sifatida qaynatilgan go‘sht va kartoshka yoki tuxum ishlatishingiz mumkin.
Bugun biz sizning e’tiboringizga kartoshkali pirojka tayyorlash usulini havola qilmoqchimiz.
Zarur masalliqlar:
Xamir uchun
- Suv — 2 stakan
- Quruq xamirturush — 2 osh q.
- Shakar — 2 ch.q.
- Tuz — 1 ch.q.
- O‘simlik yog‘i — 4 osh q.
- Un — 8 stakan
Kartoshkali qiyma uchun
- Kartoshka — 8 dona
- Piyoz — 1 dona
- Tuz — 0,3 ch.q.
- Ezilgan murch — 0,5 ch.q.
Tayyorlanishi:
Birinchi bo‘lib xamirni tayyorlaymiz. Suvni iliq holga kelguncha qizdiramiz va chuqur idishga quyamiz. Suvga shakar, tuz, o‘simlik yog‘i va xamirturushni qo‘shamiz. 5 daqiqa kutamiz.
Xamirga unni qismlarga bo‘lib elab solamiz.
Xamir sal zichlashgandan keyin stol ustiga olamiz va unni aralashtirishda davom etamiz. Qayishqoq, yopishmaydigan xamir qoramiz.
Xamirturushli xamir 10 daqiqaga yaqin aralashtiriladi. Chunki xamirni qancha ko‘p aralashtirsangiz, pirojkalar shuncha yumshoqroq va mazaliroq bo‘ladi.
Xamirni idishga solamiz va iliq joyda 1 soatcha tindirib qo‘yamiz.
Xamir tayyor bo‘lguncha qiymasini tayyorlaymiz.
Kartoshkani qaynatamiz, piyozni qovuramiz. Kartoshka va piyozni birga qo‘shib ezamiz.
Tayyor bo‘lgan kartoshka qiymaga tuz va ziravorlar qo‘shamiz. Uni xona haroratigacha sovutamiz.
Tayyor bo‘lgan xamirni bo‘laklarga ajratamiz. Biz tayyorlagan xamirdan 20 ga yaqin pirojkalar bukish mumkin.
Har bir bo‘lak xamirni o‘qlov yordamida yoyib chiqamiz. O‘rtasiga qiyma qo‘yamiz.
Chekkalarini bukib pirojka shakliga keltiramiz.
Pirojkalarni 15 daqiqa dam oldirib qo‘yamiz.
Tovani qizdiramiz, o‘simlik yog‘ini solamiz va yuzasi jigarrang tusga kirguncha qovurib olamiz.
Pirojkalarni o‘rtacha olovda va qopqog‘i yopiq holda pishiramiz. Shunday holatda ular yaxshi qovuriladi.
Yoqimli ishtaha!
Manba: Ayol.uz
|