Ushbu pirogni bahor va yoz mavsumlarida, ayni ko‘katlar ko‘p bo‘lgan paytda tayyorlash tavsiya etiladi.
1-qadam.
Kartoshkani tozalang. Yarmini qalinligi 3-4 mm keladigan halqa shaklida kesing. Qolgan qismini xuddi shu qalinlikda uzunasiga qilib kesib chiqing. Tovani yaxshilab qizdirib, ozgina yog‘ surting. Endi kartoshkalarni portsiyalarga bo‘lib, tilla rangga kirguncha qovuring. Qovurilgan kartoshkalarni qog‘ozli sochiqqa ortiqcha yog‘i chiqib ketishi uchun qo‘ying.
2-qadam.
Otquloq va ismaloqni tozalab, yirik qilib to‘g‘rang. Keyin ularni tovaga solib, 2 osh qoshiqda suv qo‘shing va taxminan 4 daqiqa davomida pishiring. Endi ko‘katlarni durshlag yordamida suvidan sirqitib yuboring.
3-qadam.
Feta pishlog‘ini vilka yordamida mayda bo‘laklarga bo‘ling. Petrushka, ukrop va ko‘k piyozni mayda qilib to‘g‘rang. Idishga tuxum va tvorogni solib, to‘g‘ralgan ko‘katlar, pishirilgan otquloq va ismaloq, feta pishlog‘i va limon sedrasini qo‘shib hammasini aralashtiring. Tuz va ziravorlarni solish yodingizdan chiqmasin.
4-qadam.
Duxovkani 175 °S haroratgacha qizdiring va diametri 24 sm bo‘lgan aylana shaklidagi idishni chetlari bilan yog‘lab chiqing. Idish tagiga halqa shaklidagi, yonlariga esa uzunchoq shakldagi kartoshkalarni tering. Endi nachinkani ichiga solib tekislab, duxovkaga soling. Pirog 40-45 daqiqada tayyor bo‘ladi.
Tayyor pirogni idishida 15 daqiqaga sovish uchun qoldiring. Keyin ehtiyotkorlik bilan pirogni idishdan oling. Pirogni issiq yoki sovuq holda ham dasturxonga tortiq qilishingiz mumkin.
Yoqimli ishtaha!
Manba: Chakchak.uz
|