Siz bir-biringiz haqingizda juda kam axborotga egasiz, bilganingiz ham boshqalarning taassurot va talqinlaridan iborat. O`zing yaxshi bilmagan, ko`rmagan odam bilan uchrashuvga chiqish juda noqulay, biroq bo`y qizlarning juda ko`pchiligi butun umrlik juftini topish uchun bunga majbur. Xo`sh, tamomila begona inson bilan uchrashuv kamida tomonlarda yoqimli taassurot qoldirishi, ko`pida nikoh oqshomi bilan davom etishi uchun qizlar nimalar qilishi kerak?
Birinchi qadam: mosrog`ini tanlang!
Xonadoningizga vakili kelgan har bir nomzod bilan ota-onangiz sizni uchrashtiravermasliklari aniq. Har holda qiz bola degan nomingiz bor, popuk qand suv etmaydigan joyda asralganidek, qizposhshalar ham ko`pchilik ko`zidan nari qilinadi. Ota-onangiz ta`rif-tavsiflari, nasl-nasabi ko`ngildagidek bo`lgan yigit bilangina birrov uchrashib ko`rishingizga ruxsat berishadi. Demak, siz duch kelgani bilan emas, hech bo`lmaganda uyingizga ikki marta sovchi yuborgan yigit bilan uchrashuvga chiqasiz. Bu orada vakillar siznikilarga uning ismini, yoshini, qaerda o`qishini, nimalar bilan mashg`ul bo`lishini minimum tarzda etkazishgan bo`ladi. Uchrashuvlarda yigit-qizlarning birdek jig`iga tegadigan savol: «ismingiz nima?». Ba`zan o`zingizda aniq javobi bor savollarni so`rayverish odatingizni yo`qoting. Ammo lom-mim demay, faqat «ha-yo`q» o`yinini o`ynasangiz, suhbatdoshingiz o`zini sizga manzur bo`lmagandek his etib, hatto sizga yoqqan bo`lsa ham, sovchilarini qayta jo`natmasligi mumkin.
Ikkinchi qadam: tashkillashtirishingiz mumkin!
Bizda uchrashuv joyini ko`pincha yigit tomon belgilaydi. Sevishganlarda esa aksincha, qizning xohishi birlamchi o`rinda bo`ladi. Agar birinchi uchrashuvdayoq siz tomonga «qaerda uchrashsak bo`ladi?» degan taklif tushsa, albatta, odamlar ko`p bo`ladigan, jamoat joyini tanlang. An`anaviy uchrashuv joyi — xiyobon. O`qish va ishxona jamoatga to`la bo`lgani bilan siz uchun qulay joy emas, xayolingiz tarqoq va hayajoningiz kuchli bo`ladi. Tanish-bilishlar, domlalar-kursdoshlar, boshliq-hamkasblar bilan so`rashishga to`g`ri kelib qolishi ehtimoli ham yuqori. Kino, teatr — cuhbatdoshni yaqindan va har tomonlama bilib olish uchun qulay maskanlar, biroq birinchi uchrashuv bu erlarga borishga sal ertalik qiladi.
Uchinchi qadam: qulaylik eng muhimi!
Bozordan olingan yangi, baland poshnali tuflingiz yoki to`yga kiyib boradigan libosingiz, jimjimali, serhasham turmak va pardoz haqida unuting! Sochingizdan tortib, tirnog`ingizgacha qulay bo`lishi shart! Hali biror marta qilib ko`rmagan pardozni eksperiment qilishdan, kiyib ko`rmagan libosni sinab ko`rishdan voz keching. Chunki o`zingizni bu holatda baholay olmay qiynalasiz. Butun xayolingiz tashqi ko`rinishingiz haqida bo`ladi. Ro`parangizdagi insonga nimalar yoqishini bilmaganingiz holda, pardoz va libosning yorqinlik darajasini kamaytiring. Hamma narsa odatiy kundan birozgina farq qilishi mumkin. Shunda sizning «borimcha qabul qilsin» degan orzungiz amalga oshadi.
To`rtinchi qadam: xotirangizni o`tkirlang!
Ruhshunoslar «eng birinchi taassurot — eng to`g`ri taassurot» deb ta`kidlashadi. Suhbat chog`ida o`z emosiya va ichki monologlaringizni keyinroq yaxshilab analiz qilish uchun esda saqlab qolishga harakat qiling. Uchrashuvdan so`ng barcha yaqinlaringizning «u nima dedi, sen nima deding, endi nima deysan?» qabilidagi savollariga javob topib berishingiz kerak axir!
Beshinchi qadam: kamtarlik va kamgaplik chegarasini biling!
Yigitni ma`lumot va axborotlarga «ko`mib» tashlamang. Bu shunday pallaki, gapirishdan ko`ra tinglash ko`proq foyda keltiradi. Hamrohingizni ko`proq gapirishga rag`batlantiring, savollar berib, uning nutqi, fikrlari, xatti-harakatini kuzating. Birinchidan, yigit o`zi haqida qiziqayotganingizdan xursand bo`ladi, ikkinchidan, siz u haqda ko`proq ma`lumotga ega bo`lasiz va bir qarorga kelishingiz osonlashadi.
Oltinchi qadam: vahima qilmang!
Uchrashuv davomida engilgina hayajon bo`lgani durust. Agar qarshingizdagi insonning maqbul jihatlari kashf etilaversa, siz ham shunchalik erkinlashaverasiz. Siz uchrashuvga chiqqan yigit qanday bo`lmasin, unga hech bo`lmasa 15 daqiqa vaqt ajratishga o`zingizda kuch toping. Hatto bo`yi sizdan 10 sm. past bo`lsa ham hozircha do`stona xayrlashish va keyin qayta ko`rishmaslik mumkin. Yigitni ko`rishingiz bilan uni inkor qilmang, bir-ikki og`iz gaplashmay turib, darhol xulosa chiqarib, osilgan qovoq-tumshug`ingizni ko`rsatmang, to`ng ohangda gaplashmang. Sizning ko`nglingiz qanchalik nozik bo`lsa, yigitlarniki ham undan kam emas. «Meni shunga munosib ko`rdinglarmi?» degan xitobni yaxshisi suvga aytib, oqizib yuboring. Chunki har bir inson tabiatning bir mo``jizasi va u hurmat-ehtiromga loyiq.
Ettinchi qadam: aniq qaror qabul qiling!
Agar uchrashuvning boshidan to oxirigacha yigit ko`nglingizga ma`qul tushmagan bo`lsa, o`zingizni ham, atrofdagilarni ham qiynamang. Yana bir marta uchrashib, maqbul jihatlarini qidirib ko`rish, ikki o`rtada umumiy qiziqishlarni topishga urinish ko`pincha samarasiz kechadi. Dunyo va hayotga bo`lgan munosabatlaringiz keskin farqlansa, maqsadlaringiz bir yo`lda kesishmasa, ikkilanib, mo``jiza kutib o`tirmang va yigitning ham, o`zingizning ham yo`lingizni bog`lamang.
Bunday ko`r-ko`rona uchrashuvlar muvaffaqiyatsiz kechsa, hech tushkunlikka berilmang. Biri bo`lmasa, boshqasi, bugun bo`lmasa, ertaga! Tajribangiz oshib, orzuingizdagi yigitni uzoqdan ham tanib oladigan holatga etganingizda birdan baxtingiz ochilib ketishi aniq! Faqat hozircha umidni so`ndirib, ishonchni o`ldirib qo`ymang!
AZIZA
Manba: Darakchi.uz
|