Mampar — mazali va juda to’yimli suyuq taomlardan biri bo’lib, tayyorlash jarayoni ham umuman qiyinchilik tug’dirmaydi.
Bizning usulda tayyorlanilgan mampardan tayyorlab ko’ring va oila a’zolaringizni tansiq ovqat bilan xushnud qiling.
Tayyorlaniladigan yegulikka taxminan 40 000 so’m sarf qilinadi.*
Masalliqlar:
XAMIRIGA:
200 gramm un
1 dona tuxum
50 millilitr suv
0.5 choy qoshiq tuz
BULYONIGA:
350-400 gramm mol go'shti
200 gramm piyoz
5-6 dona sarimsoqpiyoz tishchasi
200 gramm qizil sabzi
200 gramm pomidor
300 gramm qizil bulg'or qalampiri
1 bog' kashnich
1 osh qoshiq pomidor pastasi
1 osh qoshiq soya qaylasi
ta'bga qarab tuz
ta'bga qarab achchiq qalampir
qovurish uchun o'simlik yog'i
2 litr suv
1-qadam
Xamiriga:
Tog'orachaga suvni quyamiz. Ustidan tuxumni chaqib solamiz va tuz sepamiz. Sanchiqda ko'pirtirib olamiz. Unni elab solamiz va qattiqroq xamir qorib olamiz. Xamirni 10 daqiqaga tindirib qo'yamiz.
2-qadam
So'ng xamirni olib, 3 mm yupqalikka kirgunicha yoyib olamiz. Xamirdan 1 sm qalinlikdagi uzun-uzun lentalar kesib chiqamiz. So'ng hammasidan 1x1 sm kattalikdagi to'rtburchaklar kesib chiqamiz.
3-qadam
Bulyonini pishiramiz:
Go'sht, piyoz, bulg'or qalampiri, sabzi va pomidor(po'stidan tozalangan)ni mayda to'rtburchak qilib to'g'raymiz.
4-qadam
Qozonga yog'ni quyamiz. Go'shtni solib, qizartirib qovurib olamiz. So'ng piyozni solib, birgalikda yaxshilab qovuramiz.
5-qadam
So'ng ustidan sabzi, bulg'or qalampiri va pomidorni solamiz. Birgalikda 5 daqiqa qovurgandan keyin ustidan pomidor pastasi, soya qaylasi, to'g'ralgan kashnich, sarimsoq piyoz va achchiq qalampirni solamiz. 5 daqiqacha qovuramiz.
6-qadam
Suvni quyib, qaynash darajasiga keltiramiz. Past olovda 1 soat davomida pishiramiz.
7-qadam
Pishishiga 10 daqiqa qolganda esa tayyorlab qo'ygan xamirimizni solamiz.
Pishgan mamparnni 10 daqiqa tindirib, so'ng esa dasturxonga tortamiz.
Yoqimli ishtaha!
|