G’uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olg‘ulik muddat –
Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik.
Yashash soatining oltin kapgiri
Har borib kelishi bir olam zamon.
Koinot shu damda o‘z kurrasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.
Yarim soat ichida tug‘ilib, o‘sib,
Yashab, umr ko‘rib o‘tguvchilar bor;
Ko‘z ochib yumguncha o‘tgan dam – qimmat,
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.
Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ay(yu)hannos ovoz.
Yigit termiladi qizning ko‘ziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum…
Qo‘sha qarimoqqa muhr bo‘ladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.
Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog‘idir umr daftarin.
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’badin yoqmoq shart emas.
Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab,
Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas.
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal,
Umrdan o‘tajak har lahza uchun
Qudratli qo‘l bilan qo‘yaylik haykal.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g‘animatdir, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy
SHERLAR.NET