Bugun qo‘shni qishloqqa
Kelin tushdi, yor-yor,
Eshitmasam qaniydi,
Hushim uchdi, yor-yor.
Hushi uchdi demanglar,
Qilaman or, yor-yor,
Ataylab ham shu to‘yga
Bormog‘im bor, yor-yor,
Kuyov yigit, mana biz
Kulib keldik, yor-yor,
Bizda qolgan ko‘nglingizni
Olib keldik, yor-yor.
Muhabbatin yuta olgan
Bir dengizman, yor-yor,
Sizni o‘zga qo‘lga bergan
Mardingizman, yor-yor.
Mayli, bag‘rim sizsiz yonib,
Tamom bo‘lsin, yor-yor,
Sizni olgan o‘zga qo‘llar
Omon bo‘lsin, yor-yor.
To‘yingizda tilaydirman
Toledan taxt, yor-yor,
Bor bo‘lsangiz bu dunyoda
Shu bizga baxt, yor-yor.
Mardlik bilan yor-yor aytib
Turgan o‘zim, yor-yor,
To‘yingizdan omon ketay,
Tilang to‘zim, yor-yor.
SHERLAR.NET