Yuragimga to‘ldi bir tuyg‘u,
Men she’r qilib aytmasam bo‘lmas,
Garchi mening kashfim emas u,
Balki oddiy bir she’rdir xolos,
Men bari bir aytmasam bo‘lmas.
Ul his to‘lar tomirlarimga,
Ko‘zlarimga to‘lib boradir.
Ko‘chirmasam agar she’rimga,
Naq bag‘rimda o‘tday yonadir.
Bo‘lmoq uchun bu o‘tdan xalos,
Men u she’rni aytmasam bo‘lmas.
Menga na shon, na qarsak kerak,
She’rdan ta’na qilgan shoirmas:
Chiqmasin-chun qinidan yurak,
Aylamay deb o‘z-o‘zimga qasd,
Men u she’rni aytmasam bo‘lmas.
Ayta olsam, bo‘lar mo‘‘jiza:
Bir daqiqa qolgum yasharib,
Qatra g‘ubor qolmas yer uzra,
Bir daqiqa kular Yer shari.
Ko‘rinadi hamma chiroyli,
Toshlar — gavhar, giyohlar — zumrad.
Bir daqiqa imkonim tog‘dir,
Bari g‘amni qiladurman rad.
Eh, bo‘lay deb o‘shal zavqdan mast,
O‘zga emas, o‘zim-chun xolos
Men u she’rni aytmasam bo‘lmas!
Taqdirimga ming bor shukurkim,
Menga dedi: she’r yozishni ol.
Mayli, she’r deb qurisa ilkim,
Bo‘lay, mayli, beorom, behol,
Bu dunyoni shoirchasiga
Kuylamoqning o‘zi bir iqbol!
Yuragimga to‘lar ajib sas,
Men she’r qilib aytmasam bo‘lmas,
Ilhom zavqi, iqbol haqqi, rost,
Men u she’rni aytmasam bo‘lmas!
SHERLAR.NET