Na bo'lg'ay bir nafas men ham yonog'ing uzra xol bo'lsam,
Labing yaprog'idan tomganki go'yo qatra bol bo'lsam.
Butog'ingga qo'nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O'pib g'unchangni ochmoqliqqa tong chog'i shamol bo'lsam.
Bo'yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag'riq,
O'zimning san'atimga so'ng o'zim hayratda lol bo'lsam.
Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg'iz,
O'zimni ham topolmay,mayliga,oxir xayol bo'lsam.
Agar bog'ingda gul bo'lmoq mening-chun noravo bo'lsa -
Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo'lsam.
Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo'htondin,
Raqiblar rashkiga ko'krak keray,mayli,qamol bo'lsam.
Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo'lingga,mayli,uvol bo'lsam.
SHERLAR.NET