Bolaligimda ko‘p kitob o‘qiganim uchunmi, judayam ko‘p xayol suraman. Yana qanaqa xayollar deng. Aytsam, kulasiz.
Tasavvur qiling: odamda ham dum bo‘lganida qanday bo‘lardi? Yo kalta yoki uzun. Hammaniki bir-biriga o‘xshamasdi, albatta. Ammo biror-bir dumli mavjudotnikiga o‘xshashi mumkin edi. Masalan, kimniki maymunnikiga, birovniki itnikiga, kimniki eshaknikiga…
Eng qizig‘i, laganbardorlarning sho‘ri qurirdi. Chunki xushomad qilayotganlarida likillayverib fosh qilib qo‘yardi-da… Ana shundan keyin dumi chopib tashlangan odamlar paydo bo‘larmidi.
Yanayam qizig‘i, shimlarning ko‘rinishi boshqacha bo‘lardi. Axir sovuqdan dumni ham asrash kerak-ku. Ayniqsa, xotin-qizlar dumga alohida ziynat berishar, manikyur, pedikyur, sartarosh degan kasblar safiga dumtarosh kasbi qo‘shilardi. Ulfatlar bir-birlari bilan so‘rashganda, «bardammisiz» degan so‘zning o‘rniga, «Dumingiz tikkami?», degan so‘zni ishlatar, oshiq yigitlar «Uning dumi boshqacha gajakdor-da» deb oh urar, urishib qolganlar «Dumingni qayirib qo‘yaman» deb o‘shqirar, o‘yinqaroq bolakaylarga esa «Dumingni uzib olaman» deb po‘psa qilishardi…
Qo‘l-oyog‘i singanlar safiga dumi singan, lat yeganlar ham qo‘shilardi.
Qanday qilib deysizmi? Masalan, metroda, liftda, avtobusda odam tiqilinchligidan eshikka orqa bilan turib qolgan sho‘rlikning dumini aniq eshik qisib yo uzib oladi, juda bo‘lmasa, qattiq jarohatlaydi-da.
Dum-ku, mayli, agar shoxi bo‘lganda-chi? Eng avvalo, telpakning yo qalpoqning shakli boshqacha bo‘lardi. Biror sabab bilan shoxsiz qolganlarni «falonchi shoxsiz», deb orqasidan aytishar, masxara qilishardi. Armanistonda burni kattalar tanlovi bo‘lgan. Xuddi shunday tanlov endi «Eng chiroyli shox egasi» yoki «Eng katta shox egasi» degan nom ostida har yili o‘tkazilar va albatta erkaklar unda g‘olib chiqardi.
Nega endi aynan erkaklar deysizmi? Bilmadim. Har holda shunday deb o‘ylayman. Ammo savolingizdan keyin o‘ylab ko‘rsam, har shoxi o‘nta erkaknikidan katta ayollar ham bo‘lishi mumkin ekan.
Hayvonlar bilan gaplasha olish imkoni bo‘lsa-chi?
Aminmanki, qishloqdagi vaysaqi chollar yo eshagi yoki kuchugi bilan, ba’zilari oti bilan valaqlashib yurishardi. Menga o‘xshagan besabrroqlari tezroq yurmagani uchun otni bir ikki qamchi urib, keyin «Ho‘v galvars, tipirchilayvermay, birpas jim o‘tirolasanmi yoki bir do‘ngkib tashlab ketaymi. Ko‘rmayapsanmi, charchaganman», degan tanbeh eshitardi.
O’g‘rilarga qiyin bo‘lardi. Chunki, o‘g‘irlangan molni sotib olayotgan odam sigir yoki qo‘ydan «Rostdan ham shu sening egangmi», deb so‘rasa… Aminmanki, tili kesilgan mollar ko‘payib ketardi…
Mushuk saqlashga xotinlar tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqardi. Negaki, mushukday chaqimchi zot bo‘lmaydi. Ishdan charchab uyga qaytgan er endi yonboshlagan mahal «assalomu alaykum, xo‘jayin, bildingizmi-yo‘qmi…», degancha mushuk oldiga chopib kelar, yangasining kirdikorlarini fosh eta boshlardi. Qarabsizki, janjal tayyor. Ko‘zi ko‘kargan xotin ertalab erini ishga kuzatib qolib, qaytganida ko‘zida yosh bilan mushugi vannada cho‘milaman deb cho‘kib ketganini, yaxshiyam qutqarishga ulgurganini, ammo o‘pkasi suvga to‘lgan mushuk: «Yangajon, men yaramasni kechiring, kecha sizga tuhmat qilgan edim. Xo‘jayinga ayting, meni kechirsin, bu yolg‘onchi dunyoda faqat sizga ishonsin, mendan rozi bo‘ling» degancha ko‘zidan ikki qatra yosh bilan jon taslim qilganini aytarmidi…
Biroq takaning obro‘si ancha oshib ketardi. Valdirashga usta-yu. Yaxshilab tarbiya qilinsa, anovi yangi chiqayotgan ashulachilarga so‘z ham yozib berishi mumkin…
Yana tasavvur qilaman: yolg‘on gapirgan odamning hamma joyini jun bosib ketsa-ya. «Odam maymundan tarqagan» degan gap kun tartibiga muhokama qilish uchun qo‘yilmasdi. «Qor odam» haqidagi gaplarni hech kim afsona deb inkor ham qilmasdi…
E, bo‘ldi, qo‘ying. Xayolga nimalar kelmaydi, deysiz. Hozirgi ahvolimizdan qo‘ymasin.
Abdul Hamid
SHERLAR.NET