— Qo‘shni birpasga biznikiga chiqing, issiq choyim bor, suhbatlashib ichardik, — deb qoldi.
Turdi tomdan tushgan tarashadek “tap” etib devordan oshib juvonning ro‘parasida hoziru nozir bo‘lganini o‘zi ham sezmay qoldi.
— Yuring, uyga kiraylik, — ko‘zini suzdi juvon, — bu yerda birov ko‘rib qolishi mumkin.
Turdi tarasha hayajondan qalt-qalt titrab nim qorong‘i xonaga kirdi. Juvon choy quyib uzatdi, noz-karashma bilan:
— Endi yechina qoling, — dedi. Turdi tarashaning ixtiyori birdan qo‘lidan ketdi-qoldi, sehrlangandek tezda ko‘ylak va shimini yechdi. So‘ng cho‘yan radiatornikidek turtib-turtib chiqqan qo‘rqinchli qovurg‘asini silab-siypab, kosovdek qo‘llarini cho‘zdi.
— Siz ham yaqinroq keling… — dedi nafasi og‘ziga tiqilib.
— Men hozir, — juvon xonadan chiqib bir ozdan so‘ng yig‘layotgan bolasini yetaklab kirdi. — Mana, o‘g‘lim, agar ovqat yemasang, shu amakingga o‘xshab qoq suyak bo‘lib qolasan, bildingmi! — U Turdi tarashaga minnatdorona qarab: — Bo‘ldi, qo‘shni, kiyinavering, rahmat! — dedi.
Abdurahmon Ibrohimov
Karikatura muallifi: Javlon Nazarov
SHERLAR.NET