Bugun dam olish kuni.
Ergashali dam olish kunlari palovxonto‘rani damlab, achchiq ko‘kchoy ichib televizor ko‘rishni xush ko‘radi. Xotini Alomatxon esa erining tamoman aksi. Haftaning bergan kuni ko‘chada-yu, yana yakshanbaga asdoydil tayyorgarlik ko‘radi. Dushanbadan boshlab shanbagacha besh kun bozorga hozirlik! Yakshanba kuni tongda esa bozorga yo‘rg‘alaydilar.
Ergashali uyg‘onganda xotini allaqachon bozorga ketgan edi.
U nari-beri choy ichgan bo‘ldi-yu, harakatga tushib qoldi. Oshni ayni tushlikka tayyorlamoqchi bo‘ldi…
Qozonning ustiga dam tovoqni yopib xona ichiga kirdi. Televizor qarshisidagi oromkursiga cho‘kib piyolaga hozir o‘zi hafsala bilan damlagan choydan qo‘ydi:
— Oh-oh-oh, qo‘lim dard ko‘rmasin-a! — dedi u choydan ho‘plab.
Ergashali hayron bo‘lib ortiga o‘girildi. Eshik tagida tirjayib qo‘shnisi G’ilmiddin turar edi.
— Ie, qo‘shni…
Ergashalining tepa sochi tikka bo‘ldi. G’ilmiddin taklifni ham kutmay ichkariga kirdi-da, divanga o‘tirib piyolaga choy qo‘ydi.
Qani, qo‘shni, bir ichaylik bu dard ko‘rmagur qo‘llari bilan damlagan choylaridan!
G’ilmiddin bostirib-bostirib to‘rt piyola choy ichdi. So‘ng nafsi orom topdi shekilli lab-lunjini kaftining orqasi bilan artib gapga tushdi:
— Shu desangiz, dam olish kuni, bir otamlasharmiz deb chiqaverdim, chaqirmasangiz ham!
— Chatoq qipsiz…
G’ilmiddin kuldi.
— Askiyaniyam olasiz-da, qo‘shni, qani beshni tashlang! — U piyolaga yana choy quydi. — Choydan iching, qo‘shni!
— Rahmat, bemalol, men chiqib oshga qaray!.. — mezbon o‘rnidan qo‘zg‘oldi.
Oshni eshitib G’ilmiddin qalqib ketdi. Yo‘tala-yo‘tala qichqirdi:
— Ie, osh bo‘layaptimi? Qarang, o‘zi qaynonadan yolchimagan bandamanu, lekin doim oshning ustidan chiqib yuraman!
— Qarang-a…
— Nega shunaqa ekan-a, Ergashali?
— Xudo urgani uchundir…
G’ilmiddin yana kuldi.
Ergashali bu sullohni haydab ham chiqara olmasligini sezib indamay tashqariga chiqib ketdi. “Yesa, bir kosa oshimni yer, yaxshi muomala qila turay, insofdan emas, buyam odam!..” deya o‘yladi.
Osh suzib keltirildi.
— Qani, qo‘shni, oshga qarang!
Oh-voh bilan oshga hujum boshlandi.
G’ilmiddin huzur bilan ko‘zlarini suzib olgan. Qo‘li oshning tepa qismidagi go‘shtga tez-tez yugurgilab turibdi. Bir payt:
— Dada, ho dada, dada-a!… — degan ovoz eshitildi.
Ergashalining luqmasidan tosh chiqqanday afti burishib ketdi:
— Kim bo‘ldi ekan? Ishtahaning beliga tepdi-ku!..
U qo‘lini artib o‘rnidan turguncha chaqirgan odam kirib keldi. Bu G’ilmiddinning kichik o‘g‘li Eshim edi.
— Dada, tezda chiqarkansiz, oyim chaqirayapti, — dedi u oshdan ko‘zini uzmay, — zarur gapi bor ekan!..
— E-e, bor, dadam yo‘q ekan deb ayt!.. — g‘o‘ldiradi og‘zi to‘la osh bilan otasi.
Eshim indamay turaverdi. Ergashali chidamay uni oshga taklif qildi:
— Polvon, keling, sizam osh yeng!
— Yo‘-o‘…
G’ilmiddin og‘zidagini bir amallab tomog‘idan o‘tkazib olib choy ho‘rlab o‘g‘lini jerkigan bo‘ldi:
— Ke, katta odam bir narsa deganda xo‘p deyish kerak, sen Ergashali tog‘angni oshini yemagansan, bir-ikki osham ol, zora senam shu tog‘angday bo‘lib yursang!..
Eshim ham dadasining taklifini kutib turganday darrov kelib o‘tira qoldi…
Osh yarimladi. O’rtada uzilish bo‘lsa, odamning ishtahasi bug‘iladi. Ergashali nomigagina cho‘qilab o‘tirdi. Qorni och, lekin yegisi kelmay qoldi…
— Dada, dada, shu yerdamisiz, dada?.. — Ostonada G’ilmiddinning katta o‘g‘li Qitmirali paydo bo‘ldi. — Assalomu alaykum!..
— Seniyam onang chiqardimi? — ko‘zlarining paxtasi chiqdi G’ilmiddinning.
— Ha, Eshim yo‘g‘ bo‘lib ketgandan keyin meni yubordi… yurarmishsiz…
— He o‘sha…
G’ilmiddinning bo‘yiga yetib qolgan bolaga g‘azab qilayotgani Ergashaliga erish tuyuldi:
— Hay, qo‘ying qo‘shni…
— Ko‘rmaysizmi, bu xotin zotining turgan-bitgani tashvish-a.
Ergashali Qitmiralini ham oshga taklif qildi:
— Keling, Qitmirali, oshga qarang, chiqarsizlar…
— Oyim kutayaptilar-da.
— O’tir munday, gapiraverma onangni!
Davra yana bir kishiga “boyidi”…
Osh tugadi. Qo‘l artilayotgan paytda eshikda G’ilmiddinning xotini ko‘rindi.
— Foydasi yo‘q, — dedi G’ilmiddin afsuslanib, — osh tugadi. He, lallaymay qol.
Ergashali “ih” deb yubordi.
Abdulaziz Orif
SHERLAR.NET