Jeyn og‘ir o‘tgan mehnat haftasidan so‘ng biroz nafas rostlagani dengiz bo‘yiga otlandi. U yerda jajjigina qizaloq Melani bilan tanishib qoldi. Qizcha sohildan uzoq bo‘lmagan joyda onasi bilan yashardi. Qizchaning quvnoq va tiyrak qarashlari, so‘zlashi Jeynga juda ham yoqib qoldi. Ko‘p vaqt birgalikda sayr qilish Jeynga zavq bag‘ishlardi.
Bir kuni ular sohildagi qumloqda yotisharkan, shundoqqina qo‘llari yetadigan darajada tepalaridan qaldirg‘och vijirlab uchib o‘tdi.
— Quvonch qanot qoqib o‘tdi, — dedi Melani uchib ketayotgan qaldirg‘och ortidan sevinib boqarkan.
— Nima deding?
— Quvonch parvoz qilmoqda. Onam menga doim qaldirg‘och insonlarga quvonch keltiradi, deb aytadi.
Kechga tomon Jeyn qizcha bilan xayrlashib, uyiga qaytdi.
Endilikda unda g‘alati odat paydo bo‘lgandi. Qachonki u o‘zida noxushlik his qila boshlasa, ya’ni “qaldirg‘och” yetishmayotgandek tuyulsa, darhol dengiz bo‘yiga — Melani bilan uchrashuvga oshiqardi. Bu uchrashuv ikkisiga ham maroqli edi. Cho‘milishadi, qumda yotib, oftobda toblanishadi. Ba’zan yugurishadi. Goho birqancha vaqt sho‘x uchayotgan qaldirg‘ochlarni zavq bilan kuzatib, nimalar haqidadir qizg‘in suhbatlashadilar. Birqancha vaqt o‘tgach, Jeyn ham chindan qaldirg‘ochlar insonga shodlik bag‘ishlashiga ishona boshladi.
Ular yakdil dugonalarga aylanishdi.
Bir kuni Jeyn cho‘milish joyiga juda ham qayg‘uli ko‘rinishda keldi. Shu alfozda Melani odatdagidek Jeynni ko‘rdi-yu, shodligidan uning quchog‘iga otildi. Ammo... Jeyn kutilmaganda:
— Mening yolg‘iz qolgim kelyapti, sen bilan hozir o‘ynash ko‘nglimga sig‘mayapti. Iltimos, meni xoli qoldir. Onam vafot etdi, - dedi.
— Onangning vafoti senga og‘ir bo‘lyaptimi? – so‘radi qizcha.
— Judayam. Ko‘nikolmayapman, — Jeyn shunday deb qarama-qarshi tomonga o‘girilib ketdi. U o‘z qayg‘ulari bilan band edi.
Oradan bir necha kun o‘tib, uning kayfiyati o‘rniga tusha boshladi. Hamma narsa vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishini tushundi. U Melanini qo‘msayotganini ichki tuyg‘u ila his qildi. Va shu asnoda oxirgi uchrashuvda Melanini xushlamay xayrlashgani yodiga tushib, hijolat tortdi. Dengiz sari otlandi. Biroq cho‘milish joyida Melani ko‘rinmadi. Uni izlab, uyiga bordi. Eshikni yosh, ammo g‘am-qayg‘uga cho‘mgan bir ayol ochdi.
Jeyn ayolga o‘zini tanishtirdi.
— Melanini ko‘rgim kelgandi. U bilan birga sayr qilish men uchun judayam yoqimli. Qaerda u?
— Melani o‘tgan haftada olamdan o‘tdi, — dedi ayol chuqur qayg‘u bilan, — unda oqqon (leykomiya) xastaligi bor edi. Ehtimol u bu haqda sizga hech narsa demagandir?
Kuchli og‘riq go‘yo Jeynning ko‘ksini yorib chiqayotgandek bo‘ldi.
— Melani bu sohilni juda yoqtirardi, — davom etdi ona, — u doim shu yerga kelishga meni ham qistar, men esa uning yolvorishlarini rad etolmasdim. U bu yerda o‘zini bemalol, erkin his qilishini bilardim. Bu yerda go‘yo o‘zini baxtli sezardi. Keyin... birdan sog‘lig‘i yomonlashdi. Nima ta’sir qilganini bilolmadim... U ... sizga ... berish uchun bir narsa qoldirgandi... Hozir olib kelaman.
Ona Jeynga katta, oppoq xatjild (konvert) topshirdi. Ustiga: “Mening qadrli dugonamga” deb yozilgandi. Ichidagi varaqda dengiz, qumloq va kattakon qaldirg‘och tasviri aks ettirilgan edi. Surat ostida yozuv ham bor edi: “Qaldirg‘ochlar quvonch keltiradi”.
Jeyn ko‘z yoshlarini tiyib tura olmadi. U Melanining onasini quchoqlab yig‘lardi.
Bu surat hozir Jeynning ish stoli tepasida osig‘lik turibdi. Qizaloqning bu arzimas sovg‘asi Jeynni hayotdan hamisha zavq olib yashashga chorlab turibdi.
Goho hayotning og‘ir girdoblaridan bizni og‘ir musibatlar ham xalos etishi mumkin. Zero, har qanday holatda ham bizning turmush tarzimizni o‘zgartirib yuboruvchi u yoki bu taassurotlar ro‘y berib turishi tabiiy. Achinarlisi shundaki, bizni qurshab turgan muhit go‘zalliklarini, yaxshi, oqko‘ngil, mehribon insonlar taftini his qilib yashashga har doim ham fursat topa olmaymiz. Go‘yo haddan tashqari biz ish bilan bandmiz. Shuning uchun ham o‘zimiz bilan ovora bo‘lib, yaqinlarimizni unutish darajasiga yetamiz. Va bu bizni aslo tashvishlantirmaydi.
Xayrulla QOSIMOV tayyorladi.
|