«TANISh»INGIZ BORMI?.. Bu jumlani ko‘p eshitamiz. Biror kimsaning boshiga yumush tushsa, o‘zi tanigan hammadan «falon joyda tanishing bormi?» deb so‘rab qoladi. Zamona zaylini bilganlar hech ikkilanmay «yo‘q» deb qutuladi. Bordi-yu, biror mardum soddalik qilib «bor» deb qo‘ysa, baloga qolgani o‘sha bo‘ladi.
«Tanish» o‘zi kim, u yerda qanday lavozimda ishlaydi, buning talabini hal qilib berishga nima vakolati bor, muammoni hal qilish amaldagi qonunchilikka, insoniylik mezonlariga qay darajada to‘g‘ri kelishi hech kimni qiziqtirmaydi. Muammo egasining dardi bitta: oladiganini olib, hal qilib bersin, tamom.
Bunday holatga ko‘p duch kelamiz. Xo‘sh, tanishlar nega kerak? Aksariyat hollarda o‘zimiz yo‘l qo‘ygan xatolarni to‘g‘rilashga, kimningdir o‘rnini tortib olishga, aslida mehnat bilan erishiladigan narsaga pul vositasida oson yo‘l bilan erishishga va hokazo.
Masalan, mashinamizda belgilangan tezlikdan oshib ketyapmiz. Tabiiyki, avvalo o‘zimiz uchun, so‘ng atrofdagilar uchun xavf vujudga kelmoqda. Yo‘l patrul xizmati xodimi to‘xtatsa, xatomizni anglab, uni qayta takrorlamaslikka, shu yo‘l bilan o‘zimizni ham, jamiyatni ham turli xatarlardan muhofaza qilish o‘rniga ikki yo‘l bilan aybimizni berkitmoqchi bo‘lamiz. Birinchisi: «kattakon» akalarga telefon qilish; ikkinchisi: «qanchaga kelishamiz?..»
Ikkita yo‘limiz ham o‘tmasa, mashina boshqarish huquqini olib qo‘yib, qo‘limizga jarima qog‘ozini tutqizadi. Qolgani vijdonga havola.
Shu paytda ularning idorasidagi «katta»lardan tanish qidiriladi. O‘zimiz qoidani buzdik. Ammo pora olmagani uchun YPX xodimini so‘kamiz, qarg‘aymiz. Davlat qonunini oyoqosti qilib, vijdonini pullaganlarni esa hurmat qilamiz. Nega shunday?!
Yoshlar o‘qishga kirishi uchun o‘qib-o‘rganishi, ma’lum malakaga ega bo‘lishi lozim. Lekin ota-ona uning bilim olishini tashkil etish o‘rniga pora evaziga «kiritib» qo‘yadigan «tanish»lar qidiradi. Sport musobaqalarida, turli tanlovlarda g‘oliblik o‘rinlarini sotib olishga bor kuchlarini ishlatib harakat qilishadi. Hammasida izlanadigan kimsa bitta — «tanish». Aslida esa o‘sha «tanish» pora oladigan shaxs.
So‘nggi yillarda poraxo‘rlik, «tanish»chilik kabi holatlarni yo‘q qilishga qaratilgan bir qancha me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Mas’ul idoralarga buning ijrosi uctidan nazorat qilish vazifasi topshirildi. Bilganlar, amal qilganlar bundan naf olmoqda. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad, shaksiz, odamlar hayotini yengillashtirishdir. Ammo biz o‘zimiz bila turib davlatimizga qarshi ish olib boryapmiz-ku!
Keling, o‘sha «tanish»larsiz bir yashab ko‘raylik.
Nodir MAJID
Manba: Zamin.uz
|